XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston tarixida eng muvaffaqiyatli Olimpiada bo‘ldi. O‘zbekiston Olimpiya jamoasi 4 oltin 2 kumush va 7 bronza medali bilan Olimpiada ro‘yxatining 21 qatoridan joy oldi. Bu MDH orasida ikkinchi (!) o‘rin.
Yana bir o‘ta muhim natija — boks bo‘yicha O‘zbekiston bu safar Kubadan ham o‘zib,birinchi o‘rinni egalladi. Bu ham yana bir tarixiy yutuq bo‘ldi, deb Sputniknews-uz.com yozmoqda.
Olimpiadaning oxirgi kunida, O‘zbekistonlik bokschilar Zoirov Shaxobiddin va G‘oibnazarov Fazliddinlar oltin medal va erkin kurashchilar Ibragimov Magomed va Navruzov Ixtiyorlar bronza medallariga sazovor bo‘lib, O‘zbekistonning ushbu g‘alabasiga o‘z hisslarini qo‘shishdi.
Bir o‘ylab ko‘ring-a, O‘zbekiston ushbu olimpiadada nafaqat MDHda ikkinchi o‘rinni, balkim butun dunyoda ham o‘zidan bir necha bor qudratli va iqtisodiy rivojlangan davlatlardan o‘zib ketdi. Hindiston, Turkiya, Shvetsiya, Eron – ularning bari ushbu Olimpiadada O‘zbekistondan orqada qoldi.
Bunday ulkan g‘alaba bilan, biz muxlislarga O‘zbekiston bilan mag‘rurlanish imkoni yaratgan, g‘alaba uchun tinimsiz mehnat qilgan, sportchilar va ularning murabbiylariga, umuman ushbu sohada ishlayotgan barcha mutaxassislarga – katta rahmat, deymiz.
Albatta, ushbu g‘alabalarning ildizi juda chuqur va bir qarashda ko‘zga ko‘rinmaydigan. Bugun Olimpidada qatnashish darajasiga yetgan sportchini tayyorlash o‘n-o‘n besh yil oldin yangi ochilgan sport to‘garagi yoki mahallada qurilgan kichik sport majmuasidan boshlangan. Oxiri bir necha yillar davomida O‘zbekistonda sportni qo‘llab-quvvatlashga, sportchilar uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratishga, tajribali murabbiylarni taklif qilishga mamlakat rahbariyati tomonidan katta e’tibor berilmoqda. Ularning ushbu sa’y harakatlari zoye ketmaganini mana bugun hammamiz ko‘rib turibmiz.
Olg‘a, O‘zbekiston!