Mulohaza uchun mavzu

O‘zbek endi “o‘zbek emas”ligi haqida

 Oldindan darhol aytib o‘tay: men o‘zbekman (o‘zbekligimdan faxrlanaman!) va o‘zbekligimcha qolaman. Hozir gap mavzui boshqa. Oxirigacha o‘qisangiz, gap nimadaligini anglaysiz. Oldin bir savol beraman:

Uyingizda servant bormi?

Bo‘lishi kerak. Idish-tovoqlar terilgan servant sovet davrida ham, sovetdan so‘ng ham turmushimizning ajralmas qismi sanaladi. Mana shu servantni men yomon ko‘raman. Servantniyam, ichidagilarniyam. Darvoqe, ichida nima bor? To‘g‘ri. Idish-tovoqlar. Kim uchun? Albatta, mehmonlar uchun. Yuz holatdan 99tasida ishlatilmaydi, ammo tashvishi olamga tatiydi.

O‘zbeklar - mehmondo‘st xalq. Bu menga juda yoqadi. Qayerga tashrif buyurma, xonlardek qarshi olishadi. Mehmonxonasi shohona ta’mirlangan, qimmatbaho mebellar bilan jihozlangan bo‘ladi. Eng ko‘pi bilan oyda bir marta ishlatilishi ham muhim emas. Mehmonlar uchun atay idish-tovoq sotib olinadi. Narxi osmon baravaridan. Madonnasidan! Chetiga tilla suvi yuritilganidan. Shunga ming dollarcha sarflashadi. Xarid qilishadi. Va... saqlashadi. Qutilarda. Yillab.

Men kamsuqum odamman, oddiy idishdayam ovqatlanaveraman.

O‘zimiz qanaqa idishda ovqatlanamiz? Kamtar odamlar bo‘lsak. Kamida 25 yildan beri oddiy oq (ba’zida, hatto, yorilgan) idishda ovqatlanamiz. Shunday emasmi? Hammamiz sovet davrida chiqarilgan likoplarda taom yemaymizmi? Kamiga “Sdelano v SSSR” deb orqasiga yozib qo‘ygan, agar yillar davomida o‘chib ketgan bo‘lmasa.

16 yashar qizimiz uchun esa bozordan eng qimmat idishlarni xarid qilamiz. Yotoq jihozlari va mebellarning eng qimmatidan. Kim uchun? Bo‘lajak kuyovning oilasi uchun. Aniqrog‘i, tamoman notanish kishilar uchun.

Shunaqa paytda kallam qotib qoladi. Men buni sira tushuna olmayman. Nimaga o‘zimiz uchun emas, boshqalar uchun yashashimiz kerakligini tushunmayman. E’tibor bermaslikka qancha urinmay, bunday turmush tarzi meni g‘ijintira boshlaydi. To‘ylar, an’analar, orzu-havas mavzuini TROLL UZ sahifasida yumor orqali doim ko‘tarib chiqaman. Ammo bu dengizdan tomchi tugul zarra ham emas. Chamasi, bular hammasi teskari natija berayotibdi: odamlar borgan sari o‘zini ko‘z-ko‘zlashga berilayotibdi. Bolasining to‘yi qo‘shnining bolasinikidan mundayroq o‘tsa, qulog‘imni kesaman, deydi...

Kelin-kuyovlarga sep-sidirg‘a va sovg‘alarning iloji boricha yaltirog‘idan qilinadi. Hammasi kameraga yarqirab tushishi uchun. Ular orasida haqiqatan kerakli matoh faqat gilamdir. Hashamatlarning hammasini o‘rab, so‘ng yoqib yuboriladigan gilam. Sandiqdagi yaltiroq toshchalar va gullar qadalgan yostiq nimaga kerak? Yostiq emas, naq modalar uyi jihozi deysiz. Garchi unda modaning “m”si bo‘lmasa ham.

Bayramgacha kuting

Keyin ish kunlari boshlanadi. Uydagi mehmonlar uchun va “o‘zimiz uchun” atalgan narsalar orasidan qat’iy chegara chizamiz. Mehmonlarning idishi, mehmonlar xonasi, mehmonlar uchun taom, mehmonlar uchun shirinliklar... Xuddi mehmonlar uchun yashayotganday his qilaman o‘zimni. “Bular nima uchun sotib olingan?” degan savol-chi? Qachon ishlatamiz? Javob qoyilmaqom: “bayram kelsin”. Yoshlikdagi totuv umringizning har bir kuni bayram emasmi? Eski idishlarni tashlab yuborib o‘zingga yangisini olish nega mumkin emas? Har kungi kechki ovqatingiz bayramdek bo‘lsin. Mehmonlar uchun alohida idish-tovoq olib nima zaril? Yaxshi idish-tovog‘ingiz bor-ku. Cheti zarhallanmagan bo‘lsa, mehmonlar burnini jiyiradi, deb o‘ylaysizmi? Burnini jiyirsa, katta ko‘cha. Bunaqa mehmonning boshiga ovqat to‘la lagan bilan jon deb tushirganim bo‘lsin. Ammo bu hol yuz bermaydi. Mehmonlar ham sizu bizga o‘xshagan odam. Mehmonning tashrifini tantanaga aylantirish kerak emas. Bir chiroyli ovqatlanish uchun bahona kutishning nima keragi bor?

“O‘zbek emas” bitta menmi?

Bu mavzuni men tez-tez ko‘taraman. Barcha yaqinlarimning me’dasiga tegib bo‘ldi. Hamsuhbatlarimning ko‘pi meni oqimga qarshi suzuvchi hisoblaydi. Meni tushunishmaydi. Ba’zida ma’qullab qo‘yishadi (gapni davom ettirmaslik uchun bo‘lsa kerak, harholda). Men turmush tarzimizni, haqiqatan, tushunmayman. Qanaqa qilib, 16 yashar qiz uchun oldindan mebel, yotoq choyshabi, idish-tovoq, tilla olib qo‘yish mumkinligini tushunmayman. U, hatto, turmushda nimani yoqtirishini bilmaydi-ku. Unda, hatto, buyumlarni tanlash didi shakllanganicha yo‘q-ku. Insonni, ehtimol, umuman o‘ziga yoqmaydigan sharoitga qanday qilib oldindan yo‘llash mumkin. Siz jonivorlarning qafasda saqlanishiga qarshi bo‘lsangiz kerak? Nega o‘z bolangizni qafasga yo‘llaysiz?

Kimdir meni mehmonlar uchun alohida durustroq idish sotib ololmaydigan kambag‘al-nochor deb aytar. Agar shunday desangiz, ishonch bilan atayin siz uchun aytaman: men O‘zbekistondagi mehmonni ham izzat qilmaydigan eng kambag‘al odamman.

Butun dunyoda shunaqa. Faqat O‘zbekistonda emas.

Buni dalil sifatida nuqul eshitaman. Taqdir taqozosi bilan ko‘p mamlakatlarda sayohat qilishga muyassar bo‘ldim. Shunaqa gaplar. Butun dunyoda bizdagidek emas. Tasavvur qilyapsizmi? Bunday emas! Boshqa mamlakatlardagi kishilar shunchalik ilgarilab ketganidan o‘zlari uchun yashashga ahd qilgan. O‘zi uchun tanovul qiladi, o‘zi uchun sayohatga chiqadi, mashinani o‘zi uchun sotib oladi, velosipedda o‘zi uchun sayr qiladi. To‘g‘ri, gohida boy-badavlatlari ham uchraydi. Ammo o‘zi uchun yashaydi. Aytgancha, Sitsiliyada juda boy (hamma ma’noda boy) oilanikida mehmonda bo‘ldim. Hashamatli pentxaus. Ammo meni shaxsan taklif qilishgan tushlik yanada qoyilmaqom bo‘ldi. Bilasizmi, u yerda idishlar qanday edi? Oddiy. Gulli. Tilla suvi yuritilmagan. Ko‘ryapsizmi? Sovetcha idishlarga o‘xshab ketishi to‘g‘rimi? :) Men, axir, mehmonman. Begona shahardan emas, O‘zbekistondan. O‘zbekiston ko‘plab Italiyaliklar uchun umuman boshqa sayyorada joylashgandek gap. Bizga Italiyadan mehmon kelganida qanaqa idish ishlatishlarini tasavvur qilasizmi?

Men Sitsiliyaga sayohatimdan video tayyorlayman va thebox.uz saytida ko‘rsataman. Qo‘lim tegmayapti.

Balki, men juda “yevropalashib” ketgandirman (shunday deyishni yoqtirishadi bizda) va an’analar tizimiga qarshi borayotgandirman. Nima desangiz deng. Taniganlarim orasida eng samimiy va yuzi issiq mamlakatim va xalqimni sevishimni o‘zim bilaman. Ammo turmush tarzimizga tish-tirnog‘im bilan qarshiman. Biz umuman hayotdan rohatlanmayapmiz. Qo‘shilmaysizmi? Siz rohatlanyapsizmi? Siz uchun xursandman! To‘g‘ri! Biroq juda ko‘pchilik rohatlanmayapti. Ularning hayoti mehmon kutish va tashrif asnosidagi arzon tomoshalar bilan o‘tib ketyapti. Ayrimlar, hatto, mehmondo‘stlik yaltiroq tusda aks etmasligini anglab yetishmaydi. Haqiqiy mehmondo‘stlik samimiy tabassumda aks etishi kerak.

So‘nggi so‘zimda dastlabki savolimni takrorlayman:

Uyingizda haliyam servant bormi?

[caption id="attachment_9848" align="aligncenter" width="802"]Расм Умид Ғафуров саҳифасидан Rasm Umid G‘afurov sahifasidan[/caption]

Umid G‘afurovning Facebook sahifasidan olindi