Bilasizmi?

“O‘zatom”ning asosiy vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda “O‘zatom” agentligi deb ataladi) o‘z faoliyatini boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi;

“O‘zatom” agentligining rahbarlik lavozimlariga va konsultantlar sifatida jalb etiladigan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarning ish haqi, unga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilanadi va “O‘zatom” agentligining Atom energetikasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;

“O‘zatom” agentligining xodimlari mehnatga haq to‘lash sharoitlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida” 1996 yil 12 apreldagi 147-son qaroriga 3-ilovada ko‘rsatilgan vazirliklar va idoralarning markaziy apparatlari xodimlariga, ijtimoiy-maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlariga tenglashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, “O‘zatom” agentligi atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun mas’ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

“O‘zatom” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.

“O‘zatom” agentligining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Quyidagilar “O‘zatom” agentligining atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:

atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni, shu jumladan, normativ- huquqiy hujjatlar ishlanmalarini tayyorlash;

O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni atom energetikasi sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etish;

sanoat va ekologik xavfsizlikning xalqaro talablariga muvofiq bo‘lgan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda atom energetikasi ob’yektlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha bitimlar va shartnomalar tuzish;

atom ilm-fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni, fundamental tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish;

tadqiqiy va energetik atom reaktorlarini, yadro-fizika qurilmalarini, yadro materiallari va radiatsiya manbalarini saqlash, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punktlari rivojlantirilishini va xavfsiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;

boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yadro avariyalarining va radiatsion avariya vaziyatlarining oldini olish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda respublikaning radiatsiya va yadro xavfsizligi ob’yektlari tizimini takomillashtirish;

yadro materiallari va texnologiyalarining, radioaktiv materiallarning tarqatilmasligini, jismoniy himoya hamda yadro va radiatsiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash;

kadrlarni, shu jumladan, yetakchi xorijiy institutlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va kadrlar malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

Xalqaro atom energetikasi agentligi, Atom energetikasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni va o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda atom energetikasi sohasidagi xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan atom energetikasi sohasiga xorijiy investitsiyalarni va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish.

“O‘zatom” agentligi atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish sohasida qo‘yilgan vazifalarni bajarish doirasida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

atom energetikasidan foydalanish, shu jumladan, ilmiy-texnika va investitsiya siyosati sohasida davlat siyosatini shakllantirish, atom energetikasi, yadro ilm-fani va texnologiyalari ob’yektlarini rivojlantirish va xavfsiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

atom energetikasidan va yadro texnologiyalaridan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi va belgilangan tartibda kiritadi;

radiatsiya, yadro, sanoat va ekologik xavfsizlikning xalqaro talablariga muvofiq bo‘lgan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda atom energetikasi ob’yektlarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha qisqa muddatli va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqadi;

ushbu sohadagi o‘rta muddatli va uzoq muddatli dasturlar doirasida tinchlik maqsadlarida atom energetikasi ob’yektlarini qurish bo‘yicha har yillik ishlar rejalarini ishlab chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va boshqa idoralar bilan birgalikda atom energetikasi sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha fundamental tadqiqotlar, ilmiy-qidiruv, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda tarmoqni rivojlantirishning har yilgi, o‘rta muddatli va uzoq muddatli dasturlari doirasida atom energetikasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida mavzuli ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;

atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish, yadro va radiatsiya xavfsizligi, yadro materiallari va radioaktiv moddalar bilan ish olib borish sohasida o‘z vakolatlari doirasida norma va qoidalarni ishlab chiqadi;

atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish sohasida kadrlar tayyorlashni, yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

yagona kadrlar siyosati amalga oshirilishini ishlab chiqadi va ta’minlaydi hamda “O‘zatom” agentligi, idoraviy mansub muassasalari xodimlari mehnatiga ish haqi to‘lash va ularni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini shakllantiradi;

alohida zararli (radioaktiv va boshqa) sharoitlarda ishlarni olib borganlik uchun qo‘shimcha haq miqdorlarini belgilash bo‘yicha takliflarni asoslaydi va ishlab chiqadi, tarmoqda mehnatni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtiradi.

“O‘zatom” agentligi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

o‘z vakolatlari doirasida, shu jumladan, boshqa davlat organlari bilan birgalikda, davlat organlari va tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;

atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish masalalarida davlat, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;

“O‘zatom” agentligi vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni davlat va xo‘jalik organlaridan, korxonalar va tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rash va olish;

“O‘zatom” agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha zarur statistik axborotlarni davlat statistika organlaridan tekin olish;

atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida bajariladigan davlat va tijorat loyihalari hamda dasturlarida ishtirok etish;

“O‘zatom” agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha kengashlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar rahbarlari va mutaxassislarini jalb etgan holda belgilangan tartibda tashkil etish;

atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish uchun idoraviy ilmiy va o‘quv markazlarini, xo‘jalik hisobidagi konsultatsiya va axborot markazlarini belgilangan tartibda tashkil etish;

atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi joriy va strategik vazifalarni yoritish uchun noshirlik faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshirish va matbuot organlarini ta’sis etish;

“O‘zatom” agentligi mol-mulkini o‘z tashkiliy tuzilmasi doirasida bepul foydalanish huquqi bilan bir bo‘linmadan boshqasiga belgilangan tartibda berish;

binolarga xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish, inventarlardan va xo‘jalik buyumlaridan, avtotransport, aloqa vositalari, hisoblash, kompyuter va tashkiliy texnikani saqlash va ulardan foydalanish, dasturiy ta’minot vositalarini xarid qilish bo‘yicha ishlarni bajarish yuzasidan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;

amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq “O‘zatom” agentligining ijtimoiy infratuzilmasini tashkil etish va takomillashtirish, “O‘zatom” agentligi xodimlari mehnatini rag‘batlantirishning yagona tizimini shakllantirish;

“O‘zatom” agentligi xodimlarini, ular tomonidan tegishli sohadagi ular faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha parametrlarining bajarilishini hisobga olgan holda moddiy rag‘batlantirish tartibi, miqdori va shartlarini belgilash;

“O‘zatom” agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritish;

“O‘zatom” agentligi vakolatiga taalluqli bo‘lgan masalalar bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda, forumlar va maydonchalarda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda ifodalash;

“O‘zatom” agentligi faoliyati sohasiga kiritilgan masalalarni ishlab chiqish uchun ilmiy va boshqa tashkilotlarni, olimlar va mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb etish;

atom energetikasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va atom energetikasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro shartnomalari loyihalarini kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

“O‘zatom” agentligi va uning idoraviy mansub tashkilotlari va mutaxassislarini stajirovkalardan o‘tish, malaka oshirish, xalqaro konferensiyalarda, biznes-forumlarda va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun xorijiy mamlakatlarga belgilangan tartibda yuborish;

atom energetikasi sohasidagi yetakchi xorijiy mutaxassislarni “O‘zatom” agentligida va uning idoraviy mansub tashkilotlarida ishlash uchun shartnoma asosida, belgilangan tartibda jalb etish;

“O‘zatom” agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari bilan belgilangan tartibda muzokaralar o‘tkazish;

zaruriyat bo‘lganda, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun tegishli tarmoqlarda olimlar va mutaxassislardan vaqtinchalik ishchi guruhlar tuzish, ushbu ishlarga boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlardan mutaxassislar va ekspertlarni shartnoma asosida jalb etish;

idoraviy mansub tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish.

“O‘zatom” agentligi kuyidagilar uchun javob beradi:

“O‘zatom” agentligiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;

respublikada atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha oldindan chora-tadbirlar ko‘rilishi;

atom energetikasi bo‘yicha texnikaviy tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan tizimli nazoratning yuritilishi;

Prezident va hukumat topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi va kelgusida tizimli monitoring olib borilishini ta’minlagan holda uzoq muddatli, o‘rta muddatli va har yilgi rivojlanish dasturlari ishlab chiqilishi;

atom energetikasi uchun yuqori malakali, oliy va o‘rta ma’lumotli, professional bilimga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ushbu tarmoq xodimlari malakasini oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora- tadbirlarning amalga oshirilishi;

“O‘zatom” agentligining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlariga erishish sohasidagi ishlarning samarali tashkil etilishi;

Vazirlar Mahkamasiga va prezident apparatiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek, “O‘zatom” agentligi tomonidan qabul qilinadigan qarorlar loyihalarining sifati va yakuniy natijalari;

tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, "yo‘l xaritalari" va boshqa dasturiy hujjatlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi.

Quyidagilar “O‘zatom” agentligi bosh direktorining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari talablariga rioya etish;

“O‘zatom” agentligi faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlarida “O‘zatom” agentligiga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;

“O‘zatom” agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlarning bajarilishi yuzasidan chuqur va tanqidiy tahlilni amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparatining xizmatlari va Vazirlar Mahkamasining komplekslari, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan “O‘zatom” agentligi faoliyati sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda qatnashish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining va uning o‘rinbosarlarining totsshiriqlarini ijro etish;

“O‘zatom” agentligi faoliyati ayrim uchastkalariga rahbarlik qilish yuzasidan “O‘zatom” agentligi mansabdor shaxslarining vakolatlarini aniqlash va ularning shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;

“O‘zatom” agentligi faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, “O‘zatom” agentligi va mansabdor shaxslarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlarini bajarishni tashkil etish ta’sirchan tizimini yaratish va monitoringini yuritish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017 yil 11 apreldagi qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999 yil 12 yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq “O‘zatom” agentligi faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish;

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq “O‘zatom” agentligining qonun loyihalari bo‘yicha faoliyatini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 14 fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi PQ-3161-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparatining Reglamenti talablariga qat’iy muvofiq ravishda faoliyat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish va ularning Vazirlar Mahkamasiga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash;

“O‘zatom” agentligiga taqdim etilgan takliflarning va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqilishini ta’minlash, ularni moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa xil ekspertizadan puxta o‘tkazilishini, shuningdek, ularning Vazirlar Mahkamasi Reglamentida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti apparatining Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishilishini (vizalanishini) ta’minlash;

“O‘zatom” agentligi xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;

“O‘zatom” agentligiga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, “O‘zatom” agentligi kadrlar zaxirasini shakllantirish;

“O‘zatom” agentligi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

“O‘zatom” agentligi faoliyatiga ishlarni tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini ta’minlash;

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014 yil 5 martdagi PQ-2142-son va “Mansabdor shaxslarning xorij mamlakatlariga xizmat safarlari samarasi uchun shaxsiy mas’uliyatlarini yanada oshirish va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish choralari to‘g‘risida” 2017 yil 3 avgustdagi PQ-3170-son qarorlariga to‘liq muvofiq holda “O‘zatom” agentligi rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlari xarajatlariga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanilishini ta’minlash;

“O‘zatom” agentligi xodimlari tomonidan “O‘zatom” agentligi xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;

huquqni ko‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq “O‘zatom” agentligi tizimida korrupsiya va boshqa qoidabuzilishlarining oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish;

“O‘zatom” agentligi xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar qabul qilish va ko‘rsatmalar berish;

zarurat bo‘lgan taqdirda “O‘zatom” agentligining tashkiliy tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

“O‘zatom” agentligining shtatlar ro‘yxatini belgilangan tartibda tasdiqlash;

“O‘zatom” agentligi xodimlarini ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlar bilan belgilangan tartibda mukofotlash to‘g‘risidagi masalalarni hal etish, “O‘zatom” agentligining alohida namuna ko‘rsatgan xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlari va davlat mukofotlari bilan taqdirlashga tavsiya etish;

“O‘zatom” agentligi xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, shu jumladan, ularning bundan buyon egallab turgan lavozimida qolishining maqsadga muvofiqligi, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli masalalarni ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq “O‘zatom” agentligining qonun loyihalari bo‘yicha faoliyatini tashkil etish;

“O‘zatom” agentligi mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etish.