Bilasizmi?

«O‘zatom» agentligi tashkil etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 19 iyuldagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi («O‘zatom») tashkil etildi.

«O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturida xabar qilinishicha, mamlakatdagi 70 foiz elektr energiyasi gaz hisobiga ishlab chiqarilmoqda. qolgan 14 foiz energiyani GES, 13 foizini ko‘mir, 3 foizini neft ta’minlamoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari esa 3 foiz elektr energiyasini ishlab chiqarayapti.

«Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, «O‘zatom"ga bunga qadar Vazirlar Mahkamasining Yonilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov (1979 y. t., AQShning Alabama universiteti — 2001 va Toshkent kim texnologiyalari instituti — 2005 bitiruvchisi) rahbar etib tayinlangan.

«O‘zatom» huzurida Ilmiy-texnik va ekspertlik kengashi tushkil etildi. Uning tarkibidan prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa vazirlik va mahkamalar vakillari, atom energetikasini rivojlantirish sohasidagi xalqaro ekspertlar o‘rin olgan.

Farmonda oktyabrgacha «Tinch maqsadlarda atom energiyasidan foydalanish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi, yil oxiriga qadar — 2019−2029 yillarda O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi, 2019 yil iyunigacha — atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha investitsion loyihalar portfeli, 2019 yil noyabrigacha — 2019−2029 yillarda atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda yil oxirigacha atom energetikasi sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash uchun O‘zbekiston milliy universiteti va Samarqand davlat universitetiga qabul kvotalarini tasdiqlash belgilangan. talabalarni atom energetikasi mutaxassisligi bo‘yicha xorij ta’lim muassasalarida o‘qishi va malaka oshirishini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

«Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan imzolangan bitimga ko‘ra, O‘zbekistonda 2028 yilgacha atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Majmua har birining quvvati 1200 megavatt bo‘lgan ikkita energoblokni o‘z ichiga oladi.