Salomatlik

O‘tirish ham chekish kabi ziyon

Muntazam o‘tirib ishlash oyoq mushaklariga yomon ta’sir ko‘rsatadi. Bugun irsiyat va jismoniy faollikning oyoqlaringiz ko‘rinishiga ta’siri haqida gaplashamiz

Tik turib ishlash so‘nggi yillarda urfdan qolib borayotganiga qaramasdan bir qator afzalliklarga ega. Tik turganda moddalar almashinuvi o‘tirganga nisbatan tezroq amalga oshadi. Kaloriya sarfi bir yarim baravarga ortadi. Shu bilan birga muntazam o‘tirish bir qancha kasalliklarga chalinish xavfini oshiradi, mushaklar atrofiyasi va uvushishini keltirib chiqaradi.

“O‘tirish – xuddi chekish kabi makkorona odatdir”, deydi Luizianadagi Pennington biotibbiyot tadqiqot markazi professori, fiziolog Mark Xamilton.

Xamilton, ehtimol, oshirib yuborgandir. Ammo ko‘plab kishilar o‘tiraverib, avval oyoqlari, keyin butun tanasini bo‘tqaga aylantirib yuborishi xavotirlanishga arziydi.

Oyoq faollashganda qanday jarayonlar kechadi?

Elektromiografiya (EMG) yordamida oyoqning yurish, yugurish, sakrash kabi turlicha xatti-harakatdagi faolligini tahlil etish mumkin. Bunda tana mushaklarining faolligi oddiy elektrokardiogramma chizig‘i singari qayd qilinadi. Agar yurakka oid kardiogramma chizig‘i tekislana borsa, reanimatsiya jarayoni kechayotgan bo‘ladi, oyog‘imizga tegishli xuddi shunday chiziq o‘tirganimizda qayd qilinadi. Ammo tik turib yura boshlaganimizda chiziq jonlanib ketadi.

Oyog‘ingiz tanangizni ko‘tarib turganida qattiq toliqish sezmaysiz, biroq mushaklaringiz izometrik ravishda qisqarib turadi. Tik oyoqda ikki soat o‘tkazish 3 km yugurish bilan tengdir.

Oyog‘imiz uzunligi va o‘lchamiga irsiyatning qanday ta’siri bor?

Hozirgi kunda oyoq uzunligi naslga bog‘liq degan qarash hukmron. Umumiy olganda ayollarning oyog‘i erkaklarnikidan uzunroq bo‘ladi. 18-45 yoshli ayollarning oyog‘i bo‘yining 45 foizini tashkil etsa, erkaklarda bu son 44 foizga teng.

Oyoq mushaklari – bu boshqa mavzudir. U, nafaqat, irsiyatga, o‘zingizga ham bog‘liq.

Inson tanasi, go‘yo, tezlik uchun emas, bardoshlilik uchun yaratilgandek. Evolyusion biologiya professori Deniel Liberman fikricha, bunga sabab oyog‘imizda sekin qisqaruvchi tolalar ko‘pligidir. Hattoki, eng tez yuguruvchi sportchilar ham bu borada yugurik hayvonlar bilan bellasholmaydi. Masalan, mashhur yuguruvchi Useyn Boltning tezligi gepardnikidan 2,5 barobar ozdir.

Ko‘pincha ayollar oyoqlari yo‘g‘onlashib ketishidan qattiq qo‘rqishadi, shu sabab zo‘r berib mashq qilishga ishtiyoqlari yo‘q. Biroq tos va sonning yo‘g‘onlashib ketishi mushakdan emas, ortiqcha yog‘dandir. Son qismda yog‘ yig‘ilsa, oyoq zaiflashadi va yog‘ yanada ko‘proq to‘planadi.

Ayollarning tanasi yog‘ to‘planishga moyil bo‘ladi. Buning o‘z sababi bor: ehtimoliy homiladorlikka organizm zaxira to‘playdi.

Ko‘plab amaliy, qiziqarli maqolalar muallifi Melissa Rot tanadagi yog‘ni yo‘qotishga oid tajribani o‘zida sinab ko‘rdi. Oyog‘i Shvarsneggernikidek mushakdor bo‘lib ketishidan cho‘chimasdan o‘tirib-turish, zinadan ko‘tarilish, veloaerobika kabi mashqlar bilan jiddiy shug‘ullandi. 4 haftalik mashq oqibatida oyog‘idagi yog‘ miqdori 10 foizga kamaydi. Sakkiz hafta o‘tgach esa son aylanasi ikki barobar kichraydi. Darvoqe, Melissa parhez tutgan (kuniga 1500 kkal).

O‘tirib-turish, zinadan ko‘tarilish va veloaerobika, nafaqat, oyoq semirishiga yo‘l qo‘ymaydi, balki salomatligini yaxshilaydi: yog‘ miqdori kamayadi va mushaklar o‘sadi.

Xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, chiroyli oyoqlar qomatga ko‘rk beradi. Buning uchun ko‘p “o‘tirib qolish”dan saqlanish va muntazam yuqorida sanalgan mashqlarni ado etish lozim.

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi