O‘zbekistonda 2017 yilda tug‘ilgan bolalarning 10 foizining otasi noma’lum yoki nikohsiz tug‘ilgan.
Bu haqda Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov Xalqaro press klubning «O‘zbekistonda demografik jarayonlar: fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishdagi muammolar va yechim» mavzusida bo‘lib o‘tgan sessiyasida ma’lum qildi.
"FHDYo organlariga har bir fuqaro hayoti davomida bir necha marta murojaat qiladi. Bu tug‘ilishni qayd qilish, nikohni rasmiylashtirish yoki inson o‘limini qayd qilish bo‘lishi mumkin. Darhaqiqat, inson hayotidagi eng muhim hodisalar FHDYo organlarida qayd qilinadi. Agarda bu holatlar qayd qilinmay qolib ketadigan bo‘lsa, ayrim fuqarolar hayotida turli muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, tasavvur qilaylik farzand tug‘ildi, uning hujjatlari rasmiylashtirilmay qoldi. Buning natijasida bu farzand davlat tomonidan yaratilgan ijtimoiy muhofazalar, tibbiy xizmat, ta’lim olish yoki mehnat qilish huquqlarida turli qiyinchiliklarga duch keladi. Chunki, bilamiz, hamma joyda hujjat talab qilinadi. Fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmasa u hayoti davomida qiynaladi.
Yoki nikohning rasmiylashtirilmasligi oqibatida er-xotin o‘rtasida turli mulkiy muammolar kelib chiqishi mumkin. Ularning farzandlari ham o‘z hayotida muammolarga duch kelishi ehtimoldan holi emas. Davlatda esa davlat muhofazasidan chetda qoladigan fuqarolar qatlami yuzaga kelishi mumkin. O‘tgan ikki yil mobaynida hududlarda uyma-uy yurib hujjatlar o‘rganilganida 1339 nafar fuqaroning hech qanday hujjati mavjud emasligi aniqlandi hamda ularning hujjatlari rasmiylashtirildi. Lekin bu hali ushbu yo‘nalishdagi ishlarning boshlanishi. Juda ko‘plab oilalarda bunday muammolar mavjud. FHDYo organlari xodimlari faqat qog‘ozni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Statistikaga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2017 yilda O‘zbekistonda 19 701 nafar yolg‘iz ona, 59 129 nafar farzandning otaligini belgilash holati qayd etilgan. Bu jami tug‘ilishlarning 10 foizini tashkil qiladi. Demak, o‘tgan yilda tug‘ilgan bolalarning 10 foizining otasi noma’lum yoki nikohsiz tug‘ilgan deb qayd etilgan. Aslida, ko‘pchiligini bilamizki, ayrimlarining otasining hujjati yo‘qligi yoki nikohni vaqtida rasmiylashtirilmasligi oqibatida farzandlar hayotida ularning sha’ni, qadr-qimmatiga ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar yuzaga kelgani aniqlangan.
Yana ajrim masalalari ham FHDYo organlari orqali rasmiylashtirilishini bilamiz, lekin har bir ajrim ortida bir oila, insonlar taqdiri turganligi yuzasidan bu jarayonga FHDYo organlari xodimlari tomonidan yuzaki qaralganini bilamiz. Natijada biz ajrim deganda faqat raqamlarni ko‘radigan bo‘ldik. Bu esa jamiyatda ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishgacha bordi".- dedi Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov.