Sizga ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati-2018 saralashining uchinchi bosqichiga yo‘l oldi. Shu munosabat bilan milliy terma jamoaning navbatdagi bosqich o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Kanada bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqagandi. O‘zbekiston futbol federatsiyasining rasmiy saytida bu haqida rasmiy xabar e’lon qilindi.
Unda yozilishicha, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi hamda Kanada Futbol Assotsiatsiyasi shu yilning 7 iyun sanasida Avstriyada milliy terma jamoalarning o‘zaro nazorat uchrashuvi o‘tkazishi borasida kelishuvga erishgan.
"Ta’kidlash kerakki, har ikki terma jamoa Jahon Chempionati-2018 yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit’asi ikkinchi saralash bosqichi “H” guruhi g‘olibi sifatida saralashning final bosqichiga yo‘l olgan 12 terma jamoaning biriga aylandi. Uchinchi bosqich uchun tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, “A” guruhidan o‘rin olgan Samvel Babayan shogirdlari Eron, Janubiy Koreya, Xitoy, Qatar hamda Suriya bilan mundial yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi", deyiladi xabarda.
O‘z navbatida Kanada milliy futbol terma jamoasi ham Jahon chempionati-2018 saralashi doirasida sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Gonduras va Salvador terma jamoalariga qarshi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kanada terma jamoasi O‘zbekiston bilan o‘yinga qadar 3 iyun sanasida Ozarboyjon bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.