Biror o‘tkir hidli narsalar, taomlar qo‘l bilan ushlanganda (baliq, sarimsoqpiyoz va hakazo) yoki iste’mol qilinganda uning noxush hidi nafaqat boshqalarga, balki o‘zingizga ham yoqmasligi turgan gap. Ana shunday holatlarda ulardan tez qutulishning ma’lum qoidalari bor.
Masalan baliq tozalab bo‘lingach, uning hidi qo‘lga o‘rnashib qoladi. Bunday paytda qo‘lga avval tuzni ishqalab, so‘ng sovun bilan yuvib tashlash foyda qiladi.
Sarimsoqpiyoz iste’molidan so‘ng og‘izdan keluvchi noxush hidni petrushka chaynash orqali ketkazish mumkin.
Qoshiq yoki sanchqidan baliq hidi ketkazish uchun ularni sovunli suvga chayish, o‘simlik yog‘i surtib, so‘ng yumshoq latta bilan tozalab tashlash kerak.
Oshxona buyumlaridagi piyoz hidini oddiy quruq tuz bilan artish orqali bartaraf etish mumkin.
Xonadan bo‘yoq hidini haydab chiqarish uchun, sarimsoqpiyoz boshini kesib, uni xonada bir muncha vaqt qoldirish kerak. Uning o‘zi noxush hidni quvib soladi.
Xonaga yelvizak olib kirgan tamaki hidi ham ko‘ngilni behuzur qilishi mumkin. Agar xonada tamaki chekilgan bo‘lsa, ha deganda, noxush hiddan qutulish mushkul. Ammo buning uchun ma’lum usullarni bilib qo‘yish zarar qilmaydi.
Xullas, chekilgan xonaning oynasini ochib, turli joyga namlangan sochiqni ilib qo‘yasiz. Tamaki hidini nam sochiq yaxshi “so‘rib” oladi. Shuningdek, xonaga sham yoqish ham mumkin.