Madaniyat

Nega unitazning qopqog‘ini yopib suvni oqizish kerak?

Zamonamiz olimlari adron kollayderi va nanotexnologiyalarni o‘rganishdan tanaffus qilgan chog‘larida maishiy sohada ham ixtirolar yaratib turishadi. So‘nggi yangiliklar qatoriga “hojatxona shleyfi”ni qo‘shish mumkin.

Biroz tarixga qaytsak, ilk unitaz 1596 yilda Angliya qirolichasi Yelizaveta I uchun ser Jon Xarington (John Harington) tomonidan yaratilgan. Qopqog‘i qachon paydo bo‘lganini bilmaymiz, ammo unitaz ommalashgach, yoqimsiz hidi tarqalmasligi uchun o‘rnatilgan bo‘lsa kerak.

Unitaz va qopqog‘ining yoshi ancha ulug‘ligiga qaramasdan suvni oqizayotib qopqog‘ini yopish kerakmi-yo‘qmi, degan bahs davom etib kelardi. Masalaga mikrobiologlar oydinlik kiritdi.

Ma’lum bo‘lishicha, har gal suvni oqizganda unitaz ustida aerozol ustuni ikki metrgacha balandlikka ko‘tariladi. Aerozol tarkibida suv, havo bilan birga organizmimiz mahsuloti zarralari uchraydi. Xuddi shu aralashma “hojatxona shleyfi” deb nomlanadi.

So‘ng bu zarralar buluti 4 metr doiraga tarqaladi. Applied Microbiology jurnalida yozilishicha, hojatxona shleyfi zarralari unitazga yaqin bo‘lgan barcha narsa-buyumlarda aniqlangan. Sochiq, kosmetik vositalar, hatto, tish cho‘tkasida ham uchragan. Marhamat, ushbu inglizcha videolavhani tomosha qiling.

Albatta, bir marta suv oqizganda arzimas miqdordagi zarra va bakteriyalar tish cho‘tkasiga qo‘nadi. Ammo har kuni takrorlasa, bakteriya to‘planadi va oqibati xunuk bo‘ladi.

Nima qilmoq kerak?

Olimlar oddiy maslahatlarga amal qilishimizni so‘raydi:

  • Unitaz suvini oqizishdan oldin doimo qopqoqni yoping.
  • Tish cho‘tkangiz va shaxsiy gigiyena anjomlaringizni unitazdan nariroqda saqlang. Imkon bo‘lsa yopiq qutida.
  • Jamoat hojatxonasidan foydalanganingizda suv oqizilayotganda uzoqroqda turing.

Ammo eng muhimi elementar gigiyena qoidalariga rioya qilishdir, deydi olimlar. Har doim hojatxonadan chiqishda qo‘lni sovunlab yuvish shart. Buni o‘zingiz yaxshi bilasiz, shunday emasmi?

lifehacker.ru maqolasi asosida tayyorlandi