Bilasizmi?

Narx-navoning oshib ketishiga birja sababchi…mi?

Keyingi vaqtda kichik biznes vakillari o‘z mahsulotlarini tovar xom ashyo birjasi orqali sotayotgani, bu jarayonda «tishga tegadigan» holatlar borligi haqida ko‘plab fikrlar aytilmoqda, deb yozadi O‘zA.

Shuningdek, davlat tashkilotlari ham o‘zi uchun kerakli buyumni, u katta yoki kichik bo‘lsin, birja orqali olayotgani haqidagi so‘zlar qulog‘imizga tez-tez chalinmoqda. Kimdir buni ma’qullasa, yana birov teskarisini aytadi.

ASLIDA NIMA O‘ZGARDI, AHVOL MURAKKABLAShDIMI YoKI AKSINChA?..

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining elektron savdo va tijoratni tashkillashtirish bo‘limi mutaxassisi Farrux Shonazarov bu holatni shunday izohladi:

– Elektron davlat xaridlari ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi. Eng muhimi, esa xizmatlar kafolatlangan. Misol uchun, siz qalam, ruchka, daftar xarid qilmoqchisiz. Buning uchun avvalgidek, bozordan-bozorga yurib, vaqt sarflamaysiz. Balki, o‘tirgan joyingizda, elektron do‘konga qo‘yilgan mahsulotlar orasidan o‘zingizga yoqqan va kerakli narxdagi mahsulotni tanlab, pulini o‘tkazib berasiz. Bunda yetkazib beruvchi o‘z mahsulotini parametrlari, rangi, markasini aniq ko‘rsatgan bo‘ladi va aytgan joyingizga yetkazib beradi. Buning hech qanday murakkab joyi yo‘q, menimcha. Xaridlar jarayonining ochiq-oydinligi hamda yetkazib beruvchilarning aksariyat qismini kichik biznes sub’yektlari tashkil etayotgani mahsulotlar tannarxini pasaytirish, narxlarni manipulyasiya qilishning oldini olish hamda ular ustidan olib boriladigan davlat va jamoat nazorati samaradorligini oshirishga ko‘maklashmoqda.

Aslida ham shundaymi? Bu haqida davlat tashkilotida faoliyat yuritib, kerakli ashyolarni elektron do‘kondan xarid qilayotgan hisobchi, marketing vakillarining fikrlari bilan qiziqdik.

— Tashkilotimizga 100 dona sharikli ruchka kerak, – deydi marketing boshlig‘i Hamidbek Navro‘zov.– Buning uchun internetdan kerakli dastur orqali elektron do‘konga kiramiz. E’lonlarni qidirib, topamiz. Mana. Bir yarim mingdan olti mingtagacha xarid qilsangiz 600 so‘mdan berishmoqchi. Bo‘lmaydi. Keyingi e’londa yuzta ruchka sotishmoqchi, biroq bitta ruchkani bahosi to‘rt ming so‘m. U qimmat. Mana bunisini narxi arzon, ammo u bir yo‘la mingta sotmoqchi. Keyingisi 49 ming so‘mga, yuzta ruchka sotmoqchi. Bu bizga ma’qul. Tanladim. Bir kundan keyin bu hujjat uchun to‘lov qilish kerakligi haqidagi ma’lumot buxgalteriyaga tushadi. Keyin unga 3 foiz garov puli va 0, 15 foiz komission to‘lovlar to‘lanadi. 46 ming so‘mning uch foizi bir ming 470 so‘m, 0,15 foiz esa 73,5 so‘m bo‘ladi.

Keyin auksion holatga o‘tadi va 48 soat turadi. Bu vaqt oralig‘ida kimdir bitta ruchkani 480 yoki 450 so‘mdan yetkazib berish taklifini berishi mumkin. Demak, 45 ming so‘m bo‘ladi. Uning 3 foizi 1350 so‘m, 0,15 foizi 67 so‘mu 5 tiyin. Biz 49 ming so‘m uchun garov va komission pul to‘laganmiz. Auksionda yuzta ruchka uchun 45 ming so‘m taklif qilgan tadbirkor yutgandan keyin ortiqcha to‘lovimiz bizga qaytib keladi va hisob-kitobda «osilib» qoladi. Uni yopguncha ancha qog‘oz to‘ldiramiz.

Qisqa qilib aytganda, oldin bir kunda bajarilgan ishni endi o‘n kunga cho‘zib, bitta qog‘oz o‘rniga o‘nta qog‘oz to‘ldirib turibmiz.

— Agar mahsulot yoqmasa, uni qaytarish mumkin, – deydi hisobchi Sharif Suyarov. – Vaholanki, biz to‘lagan pul o‘n kun davomida birjaning depozidida turadi. Mahsulotni qaytarib, jarayonni boshqatdan boshlaymiz. Bu esa vaqt yo‘qotishga sabab bo‘ladi. Yana bir gap. Oldin bir necha turdagi kanselyariya mahsulotlari uchun bitta shartnoma qilingan bo‘lsa, endi ularning hammasi uchun alohida buyurtma kerak. Shuni elektron do‘konda hammasini jamlab, misol uchun, qalam 200, daftar 400, ruchka 500 so‘m deb to‘plam shaklida berilsa, bizga ham osonroq bo‘lardi. Qiziq joyi nimada bilasizmi? Biz hozirda birjadan olti mingga xarid qilayotgan daftarni savdo do‘konidan uch yarim mingga olardik. Birja savdolaridan kimga foyda, bilmayman.

— Mahsulot xarid qilish mayli, o‘z yo‘liga, – deydi buxgalter Sharif Suvonov. – Xizmatlardan foydalanishda bir qator muammolar bor. Oldinlari lift, dizenfeksiya xizmatlari uchun yiliga ikki marta shartnoma tuzardik. Endi vaziyat o‘zgardi. Misol uchun, elektron do‘kondan lift xizmatlari uchun oyiga bir million so‘mlik e’lon bizga ma’qul kelsa, shartnoma qilamiz. O‘n kun muddatda ishni bajarish va pulni o‘tkazib berish kerak. Yo‘qsa, shartnoma bajarilmagan bo‘ladi. Nima qilish kerak? Agar biryo‘la 3 yoki 6 oyga shartnoma tuzib, pulni o‘tkazib bersak, bajaruvchi ikkinchi oyda kelmasa yoki ketib qolsa ham hech narsa qila olmaysiz. Siz bajarildi, deb pul bergansiz. Yana bitta yo‘li bor. U olti oy xizmat ko‘rsatgach, ish bajarildi, deb pul berish. Lekin hech kim olti oy ishlab, keyin pul olishga rozi bo‘lmaydi. Demak, buzilgan liftni tuzatish uchun ustani qidirib topishimiz va kamida o‘n kun kutishimiz kerak.

Bu gap-so‘zlardan ko‘rinib, turibdiki, birja savdolaridan davlat tashkilotlarining vakillari u qadar xursand emas. Ular uchun bir qator noqulay jihatlari bor ekan. Bu jarayon haqida tadbirkorlar nima deydi? Shu ma’noda ularning fikrlarini ham tinglab ko‘rdik.

— Past bahoda sotiladigan tayyor mahsulot arzon va sifatsiz xom ashyodan tayyorlanadi, – deydi tadbirkor Shukur Shuhratov. – Albatta, sifati ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Rasmini ko‘rib, xarid qilgan mahsulotingizni olib kelgandan keyin sizga yoqmasligi aniq. Buyurtmachi uni qaytaradi yoki o‘ziga yoqadigan tarzda qayta tayyorlashni talab etadi. O‘rtada muammo chiqadi. Ish sudga borib taqalgan jarayonlar ham bo‘ldi. Bundan kim jabr ko‘radi, albatta tadbirkor. Sudma-sud yurib, mahsulotini sotolmay vaqt yo‘qotadi. Sifati zo‘r mahsulotini arzon sotish unga inqirozga uchrashday gap axir.

— Menimcha, bu savdolardan Tovar xomashyo birjasining manfaatdorligi ta’minlanadi, – deydi tadbirkor Baxtiyor Sagatov. – Ular o‘rtada dallolga o‘xshab, yo‘q joydan mablag‘ ishlab qolayapti. Mebel tayyorlash sexim bor. O‘zimdan qiyos: buyurtmachi bilan yuzma-yuz uchrashib, uning talablari va istaklarini inobatga olib mebel tayyorlab bersam, har ikkalamiz ham xursand bo‘lamiz. U o‘ziga yoqqan mahsulot olganidan, biz esa yaxshi tovar tayyorlaganimizdan. Agar o‘rtada uchinchi odam bo‘lsa, qolgan ikki taraf bir-birini tushunishi oson bo‘lmaydi.

– Narx-navoning oshib ketishiga birja sababchi, deb o‘ylayman, – deydi tadbirkor Abulboriy Vosiqov. – Qiziq, ular sifatiga kafolat bermaydi. Faqat ikki tarafni uchrashtirib qo‘ygani uchun o‘rtada o‘zining ulushini talab qiladi. Xalqimizning "o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir", degan maqoli ularga aytilgan bo‘lsa kerak. Ularning xizmat haqi mahsulot narxiga ta’sir etadi. Korxonamizda tayyorlangan mahsulotni mijoz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashib sotsam, 5 mingga ham sotishim mumkin. Biroq, birja orqali sotayotganda kamida 6-7 ming narx qo‘yaman. Eng qizig‘i, bu savdolardan davlatga foyda kelsa ham mayli edi.