"Men na Afina, na Yunoniston fuqarosi emasman. Men butun jahon fuqarosiman", degan edi faylasuf Diogen. Odamlar bir manzildan ikkinchi manzilga ko‘char ekanlar, ular o‘zlari bilan madaniyat, tafakkur va ilm-fan taraqqiyotini, o‘sha manzil kelajagini ham olib keladilar.
Bugun ham – Yer yuzida urush, shaxsiy rejalar tufayli Vatanini tashlab chiqqan millionlab insonlar o‘zlarini tinch-osuda yurtlarga urishmoqda. Gap qochoq-muhojirlar haqida ketar ekan, ularga ergashayotgan go‘daklarning kelajak egalari ekanligini unutmaslik lozim. Quyida insonlar hayotini o‘zgartira olgan, o‘z sohalarida beqiyos bo‘la olgan 5 nafar mana shunday muhojirlar haqida ma’lumot beramiz.
- Stiv Jobs
Insoniyatga iPhone misolidagi raqamli texnologiya qulayliklarini yaratib bergan Stiv Jobsning ota-onasi kelib chiqishi suriyalik bo‘lgan muhojirlar edilar. Garchi, u amerikalik ota-ona qo‘lida ulg‘aygan bo‘lsa ham, Stiv Jobsdek texnologiya dahosini insoniyat va Amerikaga suriyaliklar tuhfa qilishgan.
- Dalay Lama
Muqaddas Dalay Lama Tibetdan quvilib, Hindistondan bosh-pana topganida 24 yoshda bo‘lgan. 1933 yilda Tibetda tavallud topgan Dalay Lamaning ota-onasi dehqonlar bo‘lishgan. U Tibetning ilohiy-ma’naviy yo‘lboshchisi etib tayinlanganida bor-yo‘g‘i 5 yoshda bo‘lgan.
- Albert Eynshteyn
Tasodifni qarangki, buyuk matematik olim va zamonaviy fizika nazariyasining asoschisi, 20-asrning beqiyos dahosi, Nobel mukofoti sohibi Eyntsheyn ham muhojirlikda umr kechirgan. Germaniya hukumati Natsistlar partiyasi ixtiyoriga o‘tgach, hatto Eyntsheyn boshi uchun katta pul ham tikiladi. Fizikning ko‘plab qo‘lyozma-kitoblari Gitlerning gulxanlarida yoqib yuboriladi. Uning nemis yahudiysi bo‘lgani taqdirini o‘zgartitib, 1933 yilda AQShga ketishiga sabab bo‘ladi. Ammo taqdirning bu qarori uning buyuk olim bo‘lib yetishishiga to‘sqinlik qila olmadi.
- Jeki Chan
Nomi oldidan "amerikalik", "xitoylik", "gongkonglik" aktyor degan nisbatlar beriladigan janob Channing bolaligi ham havas qilarli darajada o‘tgan emas. Garchi, Xitoyda tug‘ilgan bo‘lsa ham, Jeki Chan tez orada Xitoydagi fuqarolar urushi bois qochoqlar safida ota-onasi bilan mamlakatni tark etib, Avstraliyaga yo‘l oladi. Kuch-g‘ayratga to‘la Jekkining o‘tli yigitlik yillari Kanberrada o‘tgan. Faoliyatini kaskadyorlikdan boshlagan bo‘lsa ham, Jekki Chan jahonning eng oldi aktyorlaridan biriga aylandi. Bunda uning til va el bilishi qo‘l kelgan.
- Pedro Kuchinskiy
Yaqindagina Peruda boshlangan prezidentlik saylovlarida nomzodini ilgari surgan Pablo Pedro Kuchinsiy asli kelib chiqishi polshalik bo‘lgan yahudiy oila farzandi. Uning otasi – Maksim Kuchinskiy Natsist partiyasining tazyiqidan so‘ng mamlakatni tark etgan. Pedro Kuchinskiy bir necha yillar mobaynida Jahon bankida, Peruning Markaziy bankida, xalqaro va mahalliy nufuzli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. Ayni paytda uning Peru prezidentiga aylanish ehtimoli juda yuqori.