Bilasizmi?

Muomaladan chiqarilayotgan tangalar va pullar qay tartibda almashtirilishi ma’lum bo‘ldi

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalarning muomalaga chiqarilishi rejalashtirilayotganligi munosabati bilan eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarini muomaladan qaytarib olish ko‘zda tutilgan.

Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Eski namunadagi tangalarni va banknotlarni muomaladan qaytarib olish tabiiy yo‘l bilan, ya’ni bank kassalariga kelib tushgan ushbu tangalar va banknotlarni qayta muomalaga chiqarmaslik orqali amalga oshiriladi. Bu haqda MB rasmiy sayti xabar qiladi.

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, muomalada bo‘lish muddati:

- eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalar hamda 50 va 100 so‘mlik banknotlar uchun 2019 yilning 1 iyuliga qadar;

- eski namunadagi 200 va 500 so‘mlik banknotlar uchun 2020 yil 1 iyulga qadar belgilangan.

Belgilangan muddat davomida ushbu banknot va tangalar qonuniy to‘lov vositasi hisoblanib, ular bilan naqd puldagi to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda ushbu tanga va banknotlardan cheklovlarsiz qabul qilinadi.

Ushbu tangalar va banknotlar savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa soha sub’yektlarining kunlik naqd pul tushumi sifatida bank kassalariga topshiriladi hamda qayta muomalaga chiqarilmaydi.

Aholi qo‘lidagi eski namunadagi tangalar va banknotlarni bank filiallari orqali ham yangi namunadagi tangalarga almashtirib olishlari mumkin.

Eski namunadagi tangalar va banknotlarni banklar orqali yangi tangalarga almashtirib olish:

- 50 va 100 so‘mlik tangalar hamda 50 va 100 so‘mlik banknotlar yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarilgan kundan boshlab;

- eski namunadagi 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlarni 2019 yil 1 iyuldan boshlab bank kassalari orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalarning muomalaga chiqarish sanasi, ularning ko‘rinishi va tavsifi Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.