Kutubxona

Muhabbat – inson fe’l-atvorining muvozanati

Talabalarga inson fe’l-atvori xususida ma’ruza o‘qiyotgan ustoz uni qiziqish bilan tinglayotgan zalga murojaat qildi:

"Inson fe’li – murakkab ruhiy-jismoniy harakat. Bir qarasang, inson dunyodagi eng olijanob mavjudotdek. Lekin, shunday holatlar ham bo‘ladiki, oldimizda har qanday vahshiy jonzod ham ip esha olmay qoladi. Aytinglar-chi, nega ko‘pchiligimiz jahlimiz chiqqanida baqiroq bo‘lib qolamiz?"

"Boisi, jahl bizning xotirjamligimizga barham beradi!"

"Jahl kelsa, aql ketadi! O‘zimizni nazorat qila olmaymiz!"

"Baqirganda fikrni yetkazish osondek tuyuladi!"

Savol yuzasidan ko‘plab javoblar aytildi.

"Lekin, yonimizdagi odamga baqirishning nima hojati bor? Unga hammasini bosiqlik bilan, past ovozda tushuntirsak ham eshitadi-ku! Jahlimiz chiqqani sayin ovozimiz ham balandlab boraveradi," yana auditoriyaga yuzlandi ustoz.

Tag‘in auditoriyada turli javoblar yangradi. Qo‘llarini chalishtirib, iyagini o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga suyagancha ustoz javoblarni sukut saqlab tingladi va yana davom etdi.

"Jahl otiga qamchi urganlari sayin odamlar bir-birlarining ovozlarini eshitishga qiynaladilar, ular yana ham qattiqroq baqira boshlaydilar. Chunki jahlning domiga tushgan odamlarning qalblari tobora yiroqlashadi. Uzayib borayotgan masofani qisqartirish, fikrlarini bir-birlariga yetkazish uchun ular baqirishga kirishadilar."

Ma’ruza zali sukutga cho‘mgan, tinglovchilarning diqqati ustozda edi.

"Xo‘sh, aytinglar-chi, mehr-muhabbat og‘ushidagi ikki qalbning suhbatlashishi uchun masofalar daxl qila oladimi? Yo‘q! Chunki, ularning dillari yaqin," ustoz javobini izohladi.

“Modomiki ularning muhabbati mustahkamlansa, nima bo‘ladi? Ular shivirlab, past tovushda suhbatlasha boshlaydilar. Agar muhabbatlari yuksalib, chinakam ishqqa aylansa, hatto gapirishga ham hojat qolmaydi. Sababi, endi ular bir-birlarini nigohlaridan uqa boshlaydilar. Inson bolalari bir-birlaridan olislashib ketmasliklari uchun muhabbatga muhtojlar. Muhabbat – inson fe’l-atvorining muvozanatidir,” xulosa yasadi ustoz.