O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan tayyorlangan “Elektr energiyasini yetkazib berish, transportirovka qilish, taqsimlash va sotishdagi yo‘qotishlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” idoralararo qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga elektr energiyasini yetkazib berish, transportirovka qilish, taqsimlash va sotishdagi yo‘qotishlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilova qilingan.
Nizomda aytilishicha, “O‘zbekenergo” AJ har oyda bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasidagi tafovut mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni Majburiy ijro byurosiga taqdim etadi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Byuro hududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan birgalikda tafovutning vujudga kelish sabablarini aniqlash bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘radi.
Nizomda tafovut mavjudligini aniqlash tartibi va uni bartaraf etish qoidalari bayon etilgan.
Xususan, tafovutni bartaraf etish yuzasidan MIB va elektr tarmoq korxonalari xodimlari iste’molchilar bilan, billing dasturiga kiritilgan ko‘rsatkichlar asosida to‘liq hisob-kitobni amalga oshiradi.
Iste’molchilar bilan haqiqiy ko‘rsatkichlar asosida hisob-kitob qilish va amaldagi tariflar to‘g‘ri qo‘llanilishini doimiy nazorat qiladi. Shuningdek, amalga oshirilgan hisob-kitoblar asosida yuridik iste’molchilarga to‘lov talabnomalari yuboriladi.
Shu bilan birga, iste’molchilarning hisobga olish priborlari, kuchlanish, tok transformatorlari almashtirilgan taqdirda bu xaqdagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida billing dasturiga kiritib boriladi.
Qaror loyihasi Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari hamda Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi imzolanadi.
Hujjat loyihasi 27 dekabrga qadar muhokama qilinadi.