Shaharda yashasang zo‘r-da, sira zerikmaysan. Gap kinoteatr, muzeylarning mavjudligida emas, yo‘q. Uyingda ham zerikmaysan. Uying gavjum bo‘lgach, qayoqdan ham zerikarding?! Gap bolalarda ham emas, balki mehmonlarning o‘z bolalari bilan kelishida. Ishqilib, mehmon bor bo‘lsin! Ertalab sening qarindoshlaring keladi, tush mahali xotiningniki, kechga yaqin esa ikkala tomon ham qo‘shilib tashrif buyuradi.
Mehmonlar, ayniqsa, bolalari bilan kelishsa, mazza: devorda aks etadigan yangi san’at asari, deysanmi yoki emaklab yuradigan go‘dakning gilaming ustiga “bomba” qo‘yganimi, xullas, sira esdan chiqmaydigan voqealar bo‘ladi-da! Shifoxonaga yo‘llanma olgan tog‘ang ham shu yerda, o‘qishga kirishni maqsad qilgani opangning o‘g‘liyam, mehnat ta’tilida aylangani kelgan do‘sting ham, yana sen allaqachon unutib yuborgan, biroq sira seni yodidan chiqarmagan qarindoshing…
Sotiboldi goho o‘ylanib qoladi: eshik ko‘zchasi aslida qarindoshlarning tashrifini bilish uchun o‘ylab topilgan bo‘lsa kerak, deb. E-he, uning qarindoshlari ham qarindosh-da: ular shunaqangi bemalol, tarallabedodki, Sotiboldi bechora o‘zi bilmagan holda tashvishlarni sotib olib, o‘z uyida o‘zini begonadek sezadi.
Bugun ham u, tarki odat – amri mahol, deganlaridek, eshik ko‘zchasidan poylab, tashqarida hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, ichkariga kirdi-da, divanga cho‘zildi. “Nahotki, uyda bittagina mehmon qolgan bo‘lsa? – dedi hayron bo‘lib. – Bunaqasi oila tarixida bo‘lmagan”. To‘g‘ri, hademay yangasi keladi, ammo ungacha nafas rostlab turish mumkin.
Sotiboldi biroz tirjayib yotib, keyin xushnud holda o‘rnidan turdi-da, oshxonaga yo‘l oldi. Xotini Bahora kechki ovqat tayyorlash bilan ovora edi.
— Nima qilyapsan? — deb so‘radi u.
— Manti deyishdi-ku! — burnini tortib javob berdi Bahora. — Bolalar qani, pastga tushirib yubordingizmi?
— Ha. Kichik qarindoshlarni zeriktirishmasin. Anovi Inog‘ommidi, xuddi alpinistning bolasiday stenkaning ustiga chiqib ketganini qara!
— Sekinroq, — dedi Bahora vannaxonaga ishora qilib.
Er-xotin pichirlashib gaplasha boshlashdi. Ular dastlab bir-birini ko‘ngilchanlikda ayblashdi, keyin kutilmaganda… bir-biriga mehri iyib ketdi. Muhabbatlarini eslab, shirin xotiralarga berilishdi. Bahoraning ovqatga unnagan qo‘llari muallaq qolib, shirin o‘yga cho‘mdi. Sotiboldi xotinining ko‘z qorachiqlariga tikilib, yuzini silash uchun qo‘l cho‘zgan edi, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, uning qo‘li ham havoda qoldi. Tashqaridan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz kelardi.
— Kim? — dedi ikkalasi baravariga.
— Issiq suvdan kelishgan bo‘lsa kerak, — dedi Sotiboldi. — Iloyim shunday bo‘lsin.
U ohista yurib borib, avval tashqariga quloq tutdi, so‘ng eshik ko‘zchasidan poyladi.
— E, och-yey, — dedi Xidir ko‘zchaga salkam burnini tekkizib, — oyog‘im tolib ketdi.
Sotiboldining ichi shuvillab ketdi. Endi o‘ziga kelgan edi-ya! Yuragining hovuri bosilib, xotirjam tortgan edi-ya! Nachora, jo‘rasi kelibdi. U ham mehmon! Uyingda kimlar borligini qayoqdan bilsin?!.
Sotiboldi eshikni ochib, o‘lganining kunidan tirjayib qulochini yoydi. Keyin jo‘rasini quchoqlab oldi-da, qo‘yib yubormadi. Ochig‘i, uni kuch bilan qisib… bir balo qilmoqchi edi. Jo‘rasi quchog‘ida pitirladi. Shu payt orqa tarafdan Xidirning xotini ham ko‘rindi-yu Sotiboldi beixtiyor oshnasini qo‘yib yubordi.
— E, qoyil, qadamlariga hasanot, — dedi Sotiboldi soxta mulozamat bilan irshayib. — Siz yaxshimisiz, Nigora? Bolalar tuzukmi?.. Bahora, qara, (yana) mehmonlar kelishdi.
Bahora ham xuddi eri kabi tirjayib chiqdi. Dugonalar, “bormisiz, omonmisiz”, deya ko‘rishdilar.
— Keldik, oshna, — dedi Xidir. — Bugun, erta deb qani vaqt bo‘lsa!
“Bugun-erta emish, har yarim soatda shu yerdasan-ku!” — deb qo‘ydi Sotiboldi ichida.
— Iye, bolalaring qani? — deb so‘radi u. — Tashlab keldingmi?
— Nega tashlab kelaman, jinnimisan? Pastda, sening bolalaringni ko‘rib, o‘ynaymiz, deb qolishdi… O‘zing yaxshimi, jo‘ra, a bu qishloqqa bormaysan ham? Odam bunday mehr-oqibatli bo‘ladi-da!
— Albatta, mehr-oqibatli bo‘ladi, — dedi Sotiboldi mehmonxonani ko‘rsatib. — Qani, ichkariga marhamat.
Jo‘rasi uni to‘xtatdi:
— Oldin vannangga bir kirib-chiqay. Etajingga chiqqunimcha terlab ketdim, pastroqda yashasang bo‘lmaydimi, a? Beshinchi qavatda pishirib qo‘yibdimi? Arzonroq deb shu uyni olgansan-da, a? Odam degan mehr-oqibatli bo‘ladi.
Sotiboldi vannaxonaga ishora qildi:
— Vanna band, tog‘am cho‘milyapti.
— Iya, Hasan akayam kelganmi? Aytdim-a, qishloqda ko‘rinmay qoldi, deb.
— Yo‘q, Husan tog‘am bu, — dedi Sotiboldi. — Hasan tog‘am tush paytida ketgan edi.
— Ha, yaxshi-yaxshi, — Xidir shunday deb mehmonxonaga qadam qo‘ydi. Ungacha ayollar ichkariga kirib olishgan edi. — E, Bahora, shu dugonangiz ham zerikib ketadi-da! Yur, shaharni bir aylantirib kelay, dedim. To‘g‘ri qilibmanmi?
— Voy, albatta! — dedi Bahora yana tirjayib.
“Naqadar tilyog‘lamalik”, – o‘yladi Sotiboldi xotiniga qarab.
— Qani, choydan suz, jo‘ra, — dedi Xidir Sotiboldiga. — Shaharning suvi zo‘r-da, olti choynak ichsang ham to‘ymaysan… Menga qara, Po‘latni ko‘rmadingmi yaqin orada?
Sotiboldi unga choy uzatar ekan, javob berdi:
— Ko‘rdim, ikki kun oldin kelgan edi. Ishim yaxshi, deydi.
— Ahmadali-chi, uyam kep turibdimi? Yarim yil bo‘ldi ko‘rishmaganimizga. Tag‘in bitta guzardanmiz.
— Ahmadali o‘tgan hafta shu joyda o‘tirib, seni so‘ragan edi.
— Bu safar kelsa, aytib qo‘y: bojasining ukasi boltamni keltirib bersin. To‘yga deb olgan, haliyam bergani yo‘q.
— Xo‘p, — dedi Sotiboldi.
Pod’yezdni gupirlatib bolalar chiqishdi. Sotiboldi ularning nechtaligini ham bila olmay qoldi. O‘zining bolalarini oshxonaga haydadi. Mehmon churvaqalar mezbonlarga salom berishyapti-yu ikkala ko‘zlari ham dasturxonda. Kenjatoy chiday olmay, likopchadagi konfetlarga chang soldi.
— Hoy, uyat bo‘ladi, — Nigora unga dakki berdi.
— Nega uyat bo‘larkan, indamang, — dedi Bahora, keyin konfet solingan likopchani bolalarning oldiga qo‘ydi. — Mana, olinglar.
Ana shunda to‘rt (yoki besh, balki oltitadir) bola ham likopchaga tashlandi. Kattalari pishiqlik qilib, hamma shirinlikni olib qo‘yishdi. Kenjatoyga esa hech vaqo qolmadi, uning alami kelib bo‘sh likopchani devorga qarata otdi-ya!.. Likopcha undan qutulganiga shukr qilgandek chil-chil sindi.
— Voy, sharmanda, — Nigora o‘rnidan turib, likopcha siniqlarini yig‘ishtira boshladi. — Hali shoshmay tur…
Vannaxonadan Husan aka chiqib keldi:
— Nima taraqlab ketdi?.. Iye, Xidirboy, qachon kelding?
Qishloqdoshlar quchoqlashib ko‘rishdilar. Husan aka Sotiboldiga qaradi:
— Jiyan, kofe ichgim kelyapti. “Tri vadnom”!
Sotiboldi xijolat tortdi:
— Yo‘q edi-ya, tog‘a, uzr.
Husan aka bosh chayqadi:
— E, opkeb qo‘ysang bo‘lmaydimi, jiyan? Bir ichgim kelgandi. Aytganday, yangang kelmadimi haliyam? Bozor desa, o‘zini tomdan tashlaydi. Eriyam esidan chiqib ketadi. Ishqilib adashib ketgan bo‘lmasin. Jiyan, aytdim senga, xotiningni u bilan birga yubor, deb.
— Ko‘rdingiz-ku, Bahora ammasini kuzatishga ketgan edi, — dedi Sotiboldi.
Husan aka yana diqqat bo‘ldi:
— Agar yangang rostdan ham adashib ketgan bo‘lsa, nima qilaman, jiyan? Xotinsiz qanday yashayman? Bor, topib kel, qorong‘i tushib qoldi.
Sotiboldining baxtiga shu payt yangasining o‘zi kirib keldi. Er-xotin birovning uyi demay, biroz aytishib olishdi. Mezbonlar ularni yarashtirgan bo‘lishdi. Husan aka qoshlarini chimirib, joyiga o‘tirdi.
Xidir Sotiboldiga tirjayib qaradi:
— Bu uyda ovqat-povqat bormi?
Bahora o‘rnidan turdi. Sotiboldining telefoni jiringlab, u ham oshxonaga o‘tdi. Bu paytda Xidirning bolalari bilan o‘ziniki qorishib ketib, butun boshli Kutuzov diviziyasini tashkil etgan edi.
— Uying qaysi tomonda? — o‘dag‘ayladi Sotiboldiga telefondan kimdir, salom-aliksiz. — Men Piterga ketyapman, ikki kundan keyin uchaman. Ungacha shaharni aylantirasan.
— Kimsiz? — so‘radi Sotiboldi qo‘rqa-pisa.
— Ana shu-da, qarindoshlaringni tanimaysan, amakingdi xotinini ovsinini qaysinglisining tog‘asi bo‘laman. O‘zi avvaldan qarindoshmiz sizlar bilan. Tolibman. Esingdami, seni bog‘chaga olib borardim? Menga qara, hozir taksi to‘xtataman, haydovchiga uyingni tushuntirasan!
— Xo‘p, — dedi Sotiboldi.
— Kim ekan? — so‘radi uning ortidan chiqqan Husan tog‘a. Sotiboldidan bilib olgach, uni koyidi: — Sen ham, jiyan, birovga osilmasdan vaqtida bog‘chaga o‘zing borsang bo‘lmasmidi… — keyin Bahoraga qaradi: — Pishdimi manti, ja pishishi qiyin ekan-da bu uyda.
Birozdan so‘ng Sotiboldi Tolibni kutib olish uchun pastga tushib ketdi. Ko‘p o‘tmay, uning shundoq yoniga “Matiz” kelib to‘xtadi. Undan xo‘ppa semiz Tolib dumalab tushgandek bo‘ldi. U o‘zidan ham katta sumkani ko‘tarib olgan edi. Sotiboldi bilan ko‘rishib, uning qovurg‘alarini qisirlatib yubordi.
— Shu “dom”da yashaysanmi? Yaxshi-yaxshi, — dedi Tolib harsillab. — To‘xta, anovi do‘konga kirib chiqaylik, uyingga quruq kirmayin.
— Yo‘g‘-yey, shart emas, — xijolat bo‘ldi Sotiboldi.
— Mayli, o‘zing bilasan. Qani, boshla, qarindosh!
Uyga chiqishgach, Tolib avval yaxshilab yuvinajagini aytdi, biroq vannaxonani endi Xidir band qilgan edi. Dasturxon atrofida uchovlon gaplashib o‘tirdilar. Tolib o‘zining kimligini Husan tog‘aga ham hijjalab tushuntirdi. Rostdan ham qarindosh bo‘lib chiqdilar. Qaytadan ko‘rishishdi.
Xidir yuvinib chiqqach, manti olib kelindi. Sotiboldi sezdirmay zip etib vannaga kirdi-da, suv hisoblagichini ko‘rib, nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin oshxonadagi gaz ustiga to‘ntarib qo‘yilgan qozonni ko‘rib, hayron bo‘ldi.
— Tog‘angizning qozoni, yangangiz qo‘ydi, — dedi pichirlab Bahora. — Ertalabgacha oppoq bo‘larmish. Qishloqda gaz past yonadi, deydi…
Sotiboldining yonayotgan gazni, aniqrog‘i, g‘irillab aylanayotgan hisoblagichni o‘ylab, tomog‘idan manti ham o‘tmadi.
Ovqatdan keyin tog‘asi Sotiboldini bir chetga tortdi:
— A, bu uxlash qanday bo‘ladi, jiyan?.. Uch-to‘rt xonali uy olmagan ekansan-da!
— Bir amallarmiz, — dedi Sotiboldi. — Erkaklar bir xonada, ayollar ikkinchisida, bolalar oshxonada va balkonda yotadi.
— Y-o‘-o‘-q, — bosh chayqadi tog‘a, — men yangangsiz uxlay olmayman. Inog‘om, G‘ulom ham oshxonangda yotsin. Sen bilan kelin, anovi… qo‘shnining uyida yotsalaring bo‘lmaydimi, nima qilasizlar bu yerda tiqilib?
Boshqa odam bo‘lganida hozir baqirib yuborishi tayin edi, ammo Sotiboldi bunday emas. Xuddi xotini kabi u ham ko‘ngilchan. Qo‘shnini tashvishga qo‘yib nima qiladi, ro‘paradagi o‘ris, yuqoridagi karis, pastdagilar bilan esa osh-qatiq emas. Er-xotin bir amallab vannaxonada uxlashar. Bir kecha ming kecha emas-ku!
— O‘zing bilasan, — homuza tortdi Husan tog‘a. — Balkoning ham kichikroq-da! Aytganday, ertalabga kofe keltirib qo‘y, esingdan chiqmasin.
Bolalar bir-biri bilan urishishdimi, baqir-chaqir, vang‘illagan yig‘i bo‘lib ketdi. To‘ng‘ich mehmon bola ukasi bilan “ketka”ni talashibdi, keyin achchiqlanib derazadan pastga uloqtiribdi. Qani kenjatoyning “signalizatsiya”si tinsa! O‘ziyam 200 detsibelga chiqdi ovozi! Hech kim bir-birini eshitmaydi.
Sotiboldi xotini bilan birga pastga tushib, o‘sha “ketka”larni qidirdi. Nechtasini topdi, bilmaydi, olib uyiga chiqsa, eshigining oldida boya yuqorida biz tilga olgan o‘ris qo‘shni turibdi: “Chto za krik, kogo-to zarezali, da? Spat dayut ili net?” Sotiboldi ming tavallo qilib undan kechirim so‘radi.
Kaftiga to‘rtburchak qog‘ozlar tekkachgina kenjatoyning uni o‘chdi. Joylar solindi. Sotiboldi Xidir oshnasining diydiyolarini eshitgancha uyqusirab o‘tirar, ayollar oshxonada kuymalanishardi. Tolib vannadan chiqa qolmasdi – baliq ham suvda buncha ko‘p bo‘lmasa kerak. Husan tog‘asi bilan yangasi kirib ketgan xonadan xurrak ovozi eshitila boshladi.
Xullas, Xidir, xotini va bolalari bu xonada, Tolib balkonda uxlaydi. Mezbon bolalar oshxonada, Sotiboldi bilan Bahoraga esa vannaxona! Agar, Xudo ko‘rsatmasin, yana mehmon kelib qolsa, vannaxonani bo‘shatib… hojatxonaga!..
Nihoyat, Tolib yuvinib chiqdi. Balkonga solingan o‘ringa qarab, biroz norozinamo turdi-da, keyin indamay yotib oldi. Yo‘q, indamadi emas, “mehmonxonaga borsam bo‘larkan”, – deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
— Menga qara, nosimni qayerga tuflayman? — deb so‘radi Xidir vannaxonaga ko‘rpa-to‘shak olib kirib ketayotgan Sotiboldiga. Sotiboldi derazaga imo qildi.
Bolalarning g‘ala-g‘ovurini aytmasa, yana bir soatlardan so‘ng tungi osudalik cho‘kdi. Xotini-ku, vannaning ichida uxladi, ammo Sotiboldining vanna yonidagi bir qavat yupqa ko‘rpacha to‘shalgan kafellar ustida sira uyqusi kelmasdi. Oyog‘ini cho‘za olmaydi – goh paqirga, goh tog‘oraga tegib, daranglab ketadi. Xullas, bir kunda o‘ziga shuncha mehmonlarni sotib olgan Sotiboldi anchagacha uxlay olmay, ertangi rejalari haqida o‘ylab yotdi. Qachon ko‘zi ilingan, bilmaydi, ertalab xotinining shivirlashidan uyg‘ondi. Sakrab turdi. Bahora kulib turardi.
— Hamma ketdi, — dedi u. — Bolalarni maktabga, bog‘chaga ham qo‘yib keldim.
Sotiboldi tushunmadi. Xotinining aytishicha, rostdan ham mehmonlar birin-ketin uy-uylariga jo‘navorishibdi. Sotiboldini shuncha uyg‘otishsa ham u uyg‘onmaganmish (balki jo‘rttaga uyg‘onmagandir).
Nahotki, hamma ketgan bo‘lsa? Sotiboldi ishonqiramay, xonalarni bir-bir ko‘rib chiqdi. Huvillagan uyda rostdan ham o‘zi va Bahoradan bo‘lak hech kim yo‘q edi. U xotiniga kulimsirab qaragan edi, xotini ham tirjayib… qo-o-o-chdi! Sotiboldi quvdi. Ikkalasi xuddi asal oyini nishonlaydigandek, hiring-hiring qilardi. Keyin Bahora qayerga yashirindi, Sotiboldi bilolmay qoldi. Uni qidirib chiqdi. Stol tirqishlari, xontaxtaning tagi, javon, televizorning orqasiyam qolmadi. So‘ng qadrdon vannasini taxmin qilib, o‘sha yerga kirdi. Shunda birdan sip-silliq kafellar ustida sirpanib ketib, gupillab yiqildi. Ko‘z oldida qolgani vannaxonaning shifti bo‘ldi…
— Turing, sharmanda, shuncha yotasizmi? — Bahoraning ovozini eshitgan Sotiboldi ko‘zlarini ochib, yana vannaxona shiftini ko‘rdi.
— Xotinjon, yaqinroq kel, nahotki hamma ketgan bo‘lsa?! — dedi tirjayiib Sotiboldi.
— Turing, xolalarim kelishdi, — shoshirdi Bahora. — Anovi jo‘rangiz, “vannani bo‘shatsin”, deyapti. Tog‘angiz esa kofe so‘rayapti… Hamma ketgan emish! Tushingiz ham bor bo‘lsin…
Anvar Namozov
Manba: Tafsilot.Uz