Bilasizmi?

Mashinasi borlarning ham ko‘zini kuydiruvchi yetti velosiped

“Kosmik kemalar koinotni kezib yurgan”, qolaversa, kompyuterlashgan haydovchisiz avtomobil va elektromobillar hayotimizga kirib kelayotgan paytda eng hammabop, kamchiqim transport vositasi velosiped nazardan chetda qolyaptimi? Yo‘q.

Biz kelajak velosipedi nomini olishga munosib innovatsion velorusumlar haqida ma’lumot yig‘dik. Bunday velosipedlarga faqat havas qilish mumkin.

Velosiped tuzilishi jihatdan oddiylik va mukammallik ramzidir. Shu sababli, behuda yangilik yaratishga urinayotganlarga “velosipedni boshqatdan ixtiro qilma”, deya tanbeh beriladi.

Biroq quyidagi velosipedlar mualliflari bu tanbehni qulog‘iga olmagan ko‘rinadi. Ular, haqiqatan, velosipedni takomillashtirib, yanada qulay, xavfsiz, tezkor va puxta holga qayta dunyoga keltirgandir.

Gi FlyBike

Gi FlyBike yig‘iladigan velosipedlarning eng birinchisi hisoblanadi. Transport vositasi ko‘z o‘ngimizda bir necha soniyadayoq ko‘tarib ketiladigan ixcham qurilmaga aylanadi. U eng yengil materiallardan yasalgan bo‘lib, 17 kg tosh bosadi. Bunday velosiped bilan jamoat transportida yurishingiz, avtomobil yukxonasiga yoki ish joyingizning bir chetiga taxlab qo‘yishingiz mumkin. Gi FlyBikeni uch xil rejimda minsa bo‘ladi: oddiy, gibrid va elektr rejimi. Elektr quvvati 60 km yo‘l bosishga yetadi.

OKO

Uglerod tolasidan ishlangan ramasini velosipedning o‘ziga xosligi deyish mumkin. Barcha elektr mexanizmlari ramaning ichida joylangan. Haydash rejimiga qarab yo‘l zaxirasi 45 kmdan 64 kmgacha yetadi. Tezligi 30 km/soat. OKO velosipedini Daniyada 1600 yevroga xarid qilish mumkin.

Otocycle RacerR

“Ototsikl” deganlari kelajak velosipedidan ko‘ra ko‘proq havaskor konstruktorning ish mahsuliga o‘xshaydi. Biroq bunda eski uslubdagi dizayn bilan xaridor e’tiborini tortish hiylasi ishlatilgan. Bortidagi zamonaviy mexanizmlari vositasida to‘la zaryad bilan 25 km/soat tezlikda 64 km yo‘l bosishi mumkin

Genze

Genze mexanikasining oddiy velosipeddan farqi yo‘q. Shuning uchun istalgan vaqtda elektr simini uzib qo‘yib tepkini aylantirib haydab ketaverasiz. Biroq “omixta rejim”da haydaganga yetmaydi, bunda velosipedchining oyog‘iga motorcha yordamlashadi. Agar velosipedchi tamoman charchasa, to‘la elektr rejimiga ulab harakatni davom ettiradi. Velosiped roppa-rosa 30 km yo‘l bosgach, akkumulyatorni yechib olib 4 soat zaryadlanadi.

MoDe:Flex

MoDe:Flex bizga yaxshi tanish Ford kompaniyasining konsepti bo‘lib, o‘tgan yilning yozida namoyish etilgan. Ushbu velosiped Yevropaning avtomobil qatnovi taqiqlangan ko‘chalarida haydash uchun maxsus yasalgan. Yig‘iluvchi bu “velik” yukxonaga bemalol sig‘adi, ko‘z ochib-yumguncha transport shakliga kiritib, avtomobilni biror joyga qo‘yib, yo‘lni velosipedchan davom ettirsangiz bo‘ladi. MoDe:Flexga zamonaviy navigatsion tizim o‘rnatilgan bo‘lib, ob-havo, tezlik, manzilgacha qolgan masofa va zaryad to‘g‘risida xabardor qiladi.

Leaos Solar

Elektrli velosiped haqida gap ketganida darhol yo‘l zaxirasi surishtiriladi. Leaos Solar velorusumi ixtirochilari bu masalaga o‘ziga xos yechim topgan. Nomidan ma’lumki, velosiped quyoshdan oziqlanadi. Quyosh panellar yo‘l davomida quvvatlanaveradi. To‘g‘ri, yo‘lda uni to‘la zaryadlab bo‘lmaydi, ammo yo‘l zaxirasini bir oz oshirish mumkin.

Wi-Bike

Wi-Bike ixtirochilari akkumulyatorni yashirmasdan, ko‘zga tashlanadigan joyga o‘rnatgan. Batareya o‘lchami kattagina bo‘lgani uchun yo‘l zaxirasi 120 kmga yetadi. Maxsus smartfon ilovasi yordamida Wi-Bike turgan joyni GPS vositasida kuzatish, sarflangan energiyani hisoblash, hattoki, bosib o‘tilgan yo‘l haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali hisobot berish mumkin.

Bu velosipedlar sizga yoqdimi? Yoki serchiqim va beso‘naqay, gaz bilan havoni bulg‘aydigan mashinangizni minib yuraverasizmi?

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi