Bilasizmi?

Mashina sotib olishda quyidagi xatolarni qilmang

Umrida birinchi marta mashina sotib olayotgan odam adashishi mumkin. Biz bu jarayonda uchrab turadigan xatoliklar ro‘yxatini tuzdik. O‘qib chiqing, mashina xarid qilayotganingizda eslaysiz.

  1. Nomuvofiq mashina

Siz mashinani nima maqsadda sotib olyapsiz? Dam olish kunlari ulfatlar bilan Chorvoqqa bormoqchimisiz? Yoki faqat o‘zingiz va oilangiz uchun ixchamgina mashina yetarlimi? Bekor qolganda kirakashlik qilib turmoqchimisiz? Avval maqsadni aniqlab oling. Bo‘lajak mashinangiz maqsadingizga muvofiq bo‘lsin.

  1. Serxarajat mashina

Mashina haydab yurmagan bo‘lsangiz, bu temirtak cho‘ntakning bir chekkasini o‘pirib chiqib ketishini tasavvur qilolmaysiz. “Mashina – ikkinchi xotin”, deb bekor aytishmagan. Ayol-ku, xarajat chiqsa, sabr qiladi, ammo mashina o‘jarlik bilan “yurmayman”, deb turib oladi.

Metan o‘rnatilgan bo‘lmasa, har gal benzin quyish vaqtida kayfiyatingiz chog‘ bo‘lmasligi tabiiy. Benzinning narxi shu ketishda davom etsa, kamiga shoxobchalardan tez-tez yo‘qolganida ko‘chadan ikki barobar narxga “baklajka”da sotib olganingizda yuz qiyofangizni tasavvur qilyapmiz.

Avtomobilga xizmat ko‘rsatish, ehtiyot qismlar sotib olish xarajatlarini ham e’tiborga oling.

  1. Kutilmaganda ta’mirlash

“Ikkinchi qo‘l mashina ol. Nima bor, darrov yangisiga osilib”, deydi maslahatgo‘ylar.

Ha, “ikkinchi qo‘l” mashina narxi pastroq. Uyoq-buyog‘i tirnalsa, ko‘p kuyinmaysiz. Ammo tajribali haydovchilar ham mashina benuqsonligini aniqlashga qiynalishadi. Buning uchun tajribali avtomexanik bilan bozorga chiqish kerak. Sezilmas kichik nuqsonning katta chiqimi bo‘ladi

Urilgan, yumalagan avtomobillarni pardozlab bozorga olib chiqib, uchraganga past narxda pullaydigan shovvozlarga uchmang. Mashinaning “suyagi butun” bo‘lmasa, ketidan olamjahon chiqimlarni yetaklab yuradi.

  1. Shalag‘i chiqqan mashina

“Shalag‘i chiqqan mashinani ol, urib olsang, achinmaysan, biryo‘la tuzatishni ham o‘rganasan”, deydi ikkinchi toifa maslahatgo‘ylar.

Tanangizga bir o‘ylang: mashinani biror joyga olib borib urish uchun olyapsizmi yoki haydash uchunmi? Mashinani ta’mirlashni ustaga shogird tushib o‘rgansa ham bo‘ladi. 2 va 3 maslahatlarimizga ko‘z yugurtiring. Xarob mashina - bu yo‘q mashina degani, uni odam qilish uchun bitta mashinaning puli ketadi.

Yangi haydovchi rulda o‘zini noqulay sezadi, agar uni abgor mashina ruliga o‘tqazsangiz battar qiynaladi.

  1. Ko‘z-ko‘zlash uchun mashina

Mashina sizni bir joydan ikkinchi joyga muammosiz eltib qo‘yish uchun mo‘ljallangan transportdir. Birinchi o‘rinda u ishonchli bo‘lishi muhim. Xarid vaqtida transportning chiroyi, bezagiga emas shu jihatiga diqqat qarating.

Mashinani yasatib yurishni xush ko‘rsangiz, tegishli avtoxizmatlar muntazir. Ammo odamlarning ko‘zini kuydirish uchun bezak berish riyo va quruqlanishdan boshqa narsa emas.

  1. Olib sotish uchun

 

Ayrimlar ortiqcha puli bo‘lsa mashina olib “bosib qo‘yadi”. Keyinroq narxi oshganda sotib foyda ko‘rish uchun. Salonda sotuvchilar maslahatni ayashmaydi: “manovinisini oling, kelasi yili narxi osmonga ko‘tarilib ketadi, zavoddan chiqarishni to‘xtatarmish, dollar kursini ko‘rib turibsiz” va hokazo. Bu gaplarga kar bo‘ling.

Mashina narxi o‘ynab turibdi. Ikki yil oldingi o‘rtamiyona “Jiguli”ning puliga hozir tuzukkina “Matiz” beryapti. Shuning uchun mashinaga investitsiya deb qaramaslikni tavsiya qilamiz. (P.S. Ushbu maslahatimizda bugun bozorda mashinani yerga urib past narxda sotib olgach, ertaga ustiga qo‘yib sotib foyda qiladigan mashina bozorining pixini yorgan ustomonlarini nazarda tutmadik :) )

  1. Savdolashmasdan sotib olish

“Bugun mashina olsam ham olaman, olmasam ham olaman” degan maqsadni miyangizga qat’iy tugib chiqqan bo‘lsangiz ham mashina bozorini bir sidra ko‘zdan kechiring. Aytiladigan narx boshqa, sotiladigani boshqa. Xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi muzokarani chetdan turib kuzating. Savdolashish shart. Bunga uquvingiz bo‘lmasa, savdoga usta, pishiq og‘aynilaringizdan birortasini yoningizga oling.

  1. Salondan darhol sotib olmang

Salondasiz. Tanlagan mashinangizni olishga chog‘lansangiz, diler qulog‘ingizga shipshimoqda: “hoziroq sotib oling - yutasiz, har oy arzimagan summani to‘lasangiz bas, faqat hoziroq kredit shartnomasini imzolasangiz bo‘ldi”

Irodani to‘plang, shartnomani darrov imzolamang. Avval yaxshilab o‘qing, sizga qanday shartlar taklif etishmoqda. Ko‘pincha bunday holatda, sizni laqillatayotgan bo‘lishadi.

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi