Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar berdi.
Hujjatga muvofiq, jismoniy shaxslar xalqaro to‘lov kartalaridagi (XTK) mablag‘larni valyuta ayirboshlash shoxobchasidagi to‘lov terminallari, chakana amaliyotlar kassalari, avtomatlashtirilgan bank shoxobchasi yoki bankomatlar orqali naqd shaklda yechib olishi mumkin. Bunda jismoniy shaxsga naqd mablag‘lar bilan birga tegishli to‘lov hujjatlari beriladi.
Bundan tashqari, avtomatlashtirilgan bank shoxobchasida naqd xorijiy valyutani milliy valyutaga ayirboshlash, shuningdek, boshqa chakana to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchalari endi XTKdagi mablag‘larni naqdlashtirish bilan bir qatorda bojxona chegarasida bojxona to‘lovlari va yig‘imlarini qabul qiladigan bo‘ldi.
Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko‘rsatish maxsus dasturi joriy qilinadi. Rezident jismoniy shaxslar masofadan turib maxsus dasturdan foydalangan holda chet el valyutasini sotib olish va sotish, XTKdan pul mablag‘larini muddatli depozitlarga o‘tkazish operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun dasturni kompyuter, planshet, uyali telefon yoki boshqa tegishli qurilmalarga yuklab olish hamda undan foydalanish shartlari bilan bog‘liq ofertani qabul qilish lozim.
Bunda onlayn-rejimda valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish uchun maxsus dasturidan foydalaniladigan tijorat bankida jismoniy shaxs nomiga bank kartasi va XTK ochilgan bo‘lishi lozim.