Bilasizmi?

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi 16 foizgacha oshdi

Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini 2018 yilning 25 sentyabridan 2 foiz bandga oshirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

"Mazkur qaror so‘nggi oylarda yuzaga kelgan tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda qabul qilinib, inflyasion kutilmalarning oshishi, ma’muriy tartibga solinadigan narxlarning o‘sishi va valyuta almashuv kursi o‘zgarishining ichki narxlarga ta’siri kuchayayotgan sharoitlarda inflyasion bosimni pasaytirishga yo‘naltirilgan", - deyiladi bank xabarnomasida.

Yillik inflyasiya sur’atlarining sekinlashib borishiga qaramasdan, inflyasion xatarlarning kuchayishi hisobiga kelgusida ushbu dinamikaning o‘sish tomonga o‘zgarishi ehtimoli keskin oshdi. Pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi mazkur xatarlarni hamda inflyasion kutilmalarni pasayishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlanishicha, bank tizimida likvidlikning nisbiy profitsiti mavjud sharoitda, qayta moliyalash stavkasi oshirilishi jami kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalariga aytarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Bunda, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha bozor foiz stavkalarining nisbatan yuqoriligi kreditlarga bo‘lgan talabning bir qismini xorijiy valyutadagi kreditlar hisobiga qondirilishiga olib kelib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.

Markaziy bank tomonidan ushbu qabul qilingan qarorlar ta’sirchanligini oshirish maqsadida qo‘shimcha sterilizatsiya instrumentlarini faollashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish bo‘yicha Moliya vazirligi bilan hamkorlik davom ettiriladi.

Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi birinchi navbatda, inflyasion kutilmalar va tashqi inflyasion omillarning kuchayishi bilan bog‘liq xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan.

Ajratilayotgan kredit qo‘yilmalarining qariyb yarmi davlat dasturlari doirasidagi kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelishi, shuningdek, 2018 yilning 1 oktyabridan boshlab joriy etiladigan majburiy rezervlar bo‘yicha yangi normativlar depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari oshganda ham kreditlar bo‘yicha stavkalarni oshirish zaruratini kamaytirib banklarga foiz yuklamasini pasaytirish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida, mazkur qaror iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligidan dalolat beradi.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda inflyasion xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi hamda kelib tushayotgan ma’lumotlar tahliliga asoslangan bosqichma-bosqichli yondashuvdan foydalanadi. Markaziy bank tomonidan ichki narxlar o‘sishiga monetar omillar ta’sirini pasaytirish maqsadida pul-kredit siyosatining barcha instrumentlari keng ko‘llaniladi.