Markaziy bank soliq bo‘yicha qarzlarni so‘zsiz plastikdan undirishga oid rasmiy bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida "Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaror loyihasi joylashtirilgan edi.
Markaziy bank bu loyiha bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirgan edi.
"Bugungi kunda, jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligini ularning bank kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi bo‘yicha qonuniy va shaffof mexanizm mavjud emasligi sababli, Markaziy bank qayd etilgan hujjat loyihasini qonun hujjatlariga, xususan Fuqarolik kodeksi normalariga muvofiqligini ta’minlash lozim deb hisoblaydi", - deyiladi rasmiy bayonotda.
MB rasmiy izohiga ko‘ra, "qanday ezgu maqsad ko‘zlangan bo‘lishidan qat’i nazar, idoraviy manfaatlar boshqa tarmoqlar yoki butun mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga salbiy ta’sir yetkazmasligi zarur".
Markaziy bank, o‘z navbatida, taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga bank siri va bank tizimiga bo‘lgan to‘laqonli ishonchni saqlab qolish zarurligiga alohida e’tibor qaratgan.