Bilasizmi?

Markaziy bank: May oyida iste’mol mahsulotlarining narxlari arzonladi

O‘zbekistonda asosiy iste’mol tovarlarining o‘rta darajadagi narxi may oyida 0,6 foizga kamaydi. Bu haqda, Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda ma’lum qilingan.

Respublika iste’mol bozoridagi narxlarning o‘zgarishini muntazam kuzatuvchi Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, may oyining dastlabki to‘rt haftasida kuzatuv ostida bo‘lgan tovar va xizmatlar guruhining jami narxi 0,6 foizga arzonlashgan, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,1 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari — 0,9 foizga arzonlashgan bir paytda, xizmatlar 1 foizga qimmatlashgan.

«Narxlar dinamikasi, asosan, so‘m kursining mustahkamlanishi, tashqi savdo shartlari va raqobat muhitining yaxshilanishi, iste’mol bozoriga yangi sabzavot mahsulotlarining kirib kelishi kabi omillar ta’sirida shakllandi. Barqarorlikning eng muhim omillaridan biri aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning inflyasiya talablarini bosqichma-bosqich pasayishi bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, oziq-ovqat bahosining umumiy pasayishiga qaramasdan, ushbu guruh ichidagi narxlar dinamikasi turli xarakterga ega.

Bozorga yangi pomidor, bodring va kartoshkalarning kirib kelishi ular narxining tegishli ravishda 63,8 foiz, 30,2 foiz hamda 27,2 foiz pasayishiga olib keldi. Shuningdek, sariyog‘ narxi 2,4 foizga, tovuq go‘shti — 1,3 foizga arzonlashgan.

«O‘z navbatida, guruch narxi 16,7 foizga qimmatlashdi. O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, guruch narxining o‘sishiga o‘tgan yillarga nisbatan sug‘orish suvlarining yetishmasligi, yilning quruq kelganligi sabab bo‘lgan», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Shu bilan birga, go‘sht mahsulotlarida, xususan, mol va go‘sht mahsulotlari tegishli ravishda 5 foiz va 3,7 foizga o‘sish kuzatilgan.

«Mazkur sohadagi mutaxassislar va fermerlar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, go‘sht narxining o‘sishiga yem-xashak chakana narxining ko‘tarilishi, shuningdek, yaylovlarning kamligi sabab bo‘lgan», — deya aniqlik kiritiladi xabarda.

Nooziq-ovqat mahsulotlari, xususan, maishiy texnika va shaxsiy gigiena mahsulotlari narxi tashqi savdo hajmini oshirish sharoitida o‘rgardi. Bunda televizorlar narxi 8 foizga, changyutgichlar — 4,4 foizga, muzlatkich va elektr choynaklar —1,8 foizga, sovun — 3,5 foizga, shampun — 1,9 foizga arzonlashgan.

Joriy yilning aprel oyida tabiiy gazga bo‘lgan tariflarning oshishi avtomobillar va yo‘lovchi tashish bo‘yicha xizmatlar narxining oshishiga olib kelgan.

Respublikaning alohida hududlarida narxning sezilarli darajada oshgani hisobiga shahar avtobuslarida harakatlanish narxi o‘rtacha 13,7 foizga, avtotransportlarda yuk tashish esa — 1,6 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, tibbiy xizmatlar tariflarida ham 2,4 foizga o‘sish kuzatilgan.