Bilasizmi?

Markaziy bank kichik nominaldagi banknotlarni muomaladan bosqichma-bosqich qaytarib olmoqda

Markaziy bank muomaladagi kichik nominaldagi kupyuralarni qisqartirmoqda. Bu haqda 2018 yil I yarim yilligi bo‘yicha naqd pul muomalasi sharhida aytiladi, deb yozadi Kun.uz.

«Aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining naqd puldagi hisob-kitoblarini amalga oshirishlarida qulayliklar yaratish maqsadida yirik naqd pullarni muomalaga chiqarish asosan yirik nominaldagi banknotlar orqali amalga oshirilib, kichik nominaldagi banknotlar esa muomaladan bosqichma-bosqich bilan qaytarib olinmoqda», - deyiladi xabarda.

Jumladan, ushbu davrda muomalaga chiqarilgan naqd pullar (banklar kassalaridagi naqd pullarni hisobga olgan holda) hajmi 2,7 trln. so‘mga yoki 13,5 foizga oshgan bo‘lsa, muomaladagi banknotlar soni 568 mln. donaga yoki 7,5 foizga kamaydi.

2018 yilning I yarmida muomalada 1000 so‘mlik va undan kichik qiymatdagi banknotlar miqdori 582 mlrd. so‘mga kamaygan bo‘lsa, 5000 so‘mlik, 10 000 so‘mlik, 50 000 so‘mlik banknotlar miqdori 3,3 trln. so‘mga oshdi.

Ushbu davrda, muomalaga chiqarilgan banknotlar jami sonida 500 so‘mgacha bo‘lgan banknotlar ulushi 3,7 foiz bandga va 1000 so‘mlik banknotlar 1,0 foiz bandga kamaygan bo‘lsa, 5000 so‘mlik banknotlar – 2,6 foiz bandga, 10 000 so‘mlik – 1,4 foiz bandga va 50 000 so‘mlik – 0,7 foiz bandga oshdi.