Faraz qiling tadbirkorsiz va mahsulotingizni yirik bir xaridorga sotmoqchi bo‘lib yuribsiz. U bilan anchadan beri uchrashuv tashkil qilishga harakat qildingiz, lekin bo‘sh vaqtini topa olmayapsiz. Bir kun tasodifan o‘sha xaridor bilan bitta liftda bo‘lib qoldingiz va siz uchun kutilmaganda juda qulay imkoniyat paydo bo‘ldi. Qisqa vaqtda unga o‘zingizni tanishtirishingiz va mahsulotingiz haqida ma’lumot berib qiziqtirishingiz kerak. Bunday imkoniyat yana bo‘ladimi yo‘qmi amri mahol. Bu vaziyatda xaridorning diqqatini qaratish uchun va sizning mahsulotingizga qiziqishi uchun nimalar degan bo‘lar edingiz?
O‘qishni bitirib ish qidirayotganimda ishga topshirish jarayonlaridan biri bo‘lgan intervyu va suhbatlarga ko‘p tayyorlanishga to‘g‘ri kelar edi. O‘sha vaqtlarda intervyular, prezentatsiyalar yoki oddiy savdo sotiq qilayotganda mahsulot va hizmaltarni tanitish uchun qo‘l keladigan bir uslub, inglizchada ’'Elevator Pitch' ya’ni ’liftdagi taqdimot' haqida birinchi martta eshitgan edim. Bu uslubda yuqorida aytilganday kutilmaganda, juda qisqa vaqtda - bir yoki ikki daqiqada (ya’ni liftda o‘tkazadigan vaqtingiz bilan teng vaqtda) biron mahsulot, hizmatingiz yoki o‘zingiz haqida kerakli odamlarga ma’lumot berish va ularni qiziqtirish, eng muhim ma’lumotlarni ajratib olish va uni qiziqarli qilib taqdim etish kerak bo‘ladi.
Albatta bu hayoliy faraz va bunday vaziyatga tushish ehtimoli juda kam. Shunday bo‘lsa-da odamlarga yetkazmoqchi bo‘lgan fikringizni sodda va lo‘nda qilib, eng asosiy jihatlarini qisqa qilib yetkaza olish qobiliyati turli vaziyatlarda (ish intervyusidan tortib mijozlarga mahsulotimizni tanitishgacha) kopchiligimizga qo‘l keladi.
Quyida ’Liftdagi taqdimot' uslubiga ko‘ra o‘zingiz, hizmatingiz yoki mahsluotingiz haqidagi ma’lumotlarni kerakli odamlarga yetkazishda e’tiboringizni qaratishingiz kerak bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tamiz:
Soddalik
Odatda ko‘pchilikda prezentatsiya va taqdimotlar qancha murakkab tilda, atamalar va mahsus iboralarga boy qilib tayyorlansa shuncha professional darajada tayyorlangan degan taassurot qo‘ldiradi degan fikr shakllangan. Lekin agar tayyorlangan ma’lumotlarni eshitayotgan yoki o‘qiyotgan odam nima deyayotganingizni tushunmasa bunday taqdimotdan ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin bo‘ladi.
Shunday ekan fikringizni tinglovchi yoki o‘quvchiga yetkazayotganda iloji boricha qisqa va sodda jumlalar qurishga, murakkab atama va iboralardan kamroq foydalanishga harakat qiling. Albatta siz o‘z ishingizning ustasi ekanligingizni ko‘rsatgingiz keladi, lekin bunga odamlarni zeriktirmasdan yo qiynamsdan ham erishsa bo‘ladi.
Faktlaringizni yaxshi biling
Ma’lumotni sodda qilib yetkazish deganda albatta gapirayotgan narsangiz haqida yaxshi bilimga ega bo‘lishingiz shartmas degani emas. Taqdimotingiz yoki o‘zingizni tanishtirishingiz qisqa bolsa da, undan keyin beriladigan savollarga javob bera olmasangiz ham yaxshi taassurot qoldirmagan bo‘lasiz.
Gapirayotgan narsangiz haqida har tomonlama ma’lumotga ega bo‘ling va so‘ralishi mumkim bo‘lgan savollarga oldindan tayyor bo‘ling.
Shu bilan birga kim bilan gaplashayotganingizni yoki kimga taqdimot qilayotganingizni yaxshi biling. Shunda ma’lumotlarni ularga qiziq bo‘ladigan tarzda yetkazishingiz osonroq bo‘ladi.
Nima uchun aynan siz?
Kundalik hayotimizda biz nimalarni tanlashimiz, katta yoki kichik bo‘lsin qandaydur qarorlar olishimizga to‘g‘ri keladi. Bu tanlov va qarorlarni qilayotganimizda esa doim ba’zi sabablar asos bo‘ladi. Masalan bozorga chiqqanimizda o‘nlab xil mevalar orasidan aynan bittasini tanlaymiz va u tanlagan mevamiz boshqalardan ma’lum jihati bilan ajralib turishi tanlashimizga sabab bo‘ladi. Bu sabab uning ko‘rinishi, mazasi yoki narxi bo‘lishi mumkin. Agar sotayotgan odam shu mevaning aynan qaysi jihati bizni qiziqtirayotganini bilsa uni bizga sotishi osonroq bo‘ladi.
Xuddi shunday siz sotayotgan mahsulot yoki hizmatlarning o‘ziga hos jihatiga urg‘u berishga harakat qiling. Yoki ishga kirmoqchi bo‘lsangiz nimaga boshqa o‘nlab talabgorlarni emas aynan sizni ishga olishlari kerakligini, boshqalardan nima xislatlaringiz bilan ajralib turishingizni ta’kidlashingiz kerak bo‘ladi.
’Liftdagi taqdimot' uslubuni bilish va unga amal qilish ko‘pgina kutilgan va kutilmagan vaziyatlarda qo‘yilgan maqsadlarga erishishda qo‘l keladi. Masalan menga bu uslub o‘zim hohlagan ishga kirishimga yordam bergan. O‘ylaymanki sizga ham bu uslub kerakli maqsadlaringizga erishishingiz uchun kelajakda foydasi tegadi.