Salomatlik

Leykemiya – qon saratoni nega ommalashmoqda? Leykemiyaga qarshi mahsulotlar ...

Leykemiya – qon saratoni. Bu xastalik qon va ilik tarkibida rivojlanmay qolgan qon to‘qimalarining haddan ziyod ko‘payib ketishi tufayli kelib chiqadi. U og‘ir (to‘satdan) yoki surunkali ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Aksari hollarda uning o‘tkir ko‘rinishidan bolalar aziyat chekishadi. Surunkali ko‘rinishi esa tanada uzoq vaqt rivojlanib, keyin seziladi.

Uni ma’lum ma’noda “taraqqiyot kasalligi” ham deyish mumkin. Shifokor va mutaxassislarning fikricha, havo ifloslanishi, mahsulotlarning tarkibi  zararli kimyoviy moddalarga boyib borishi, atrof-muhitdagi radiatsiya, qattiq qo‘rquv oqibatida bu xastalikka chalinayotganlar soni ham ortib bormoqda. Bular hozircha taxmin. Ammo bu xastalik har jihatdan rivojlangan mamlakatlarda ko‘p uchramoqda. Misol uchun, AQShda har 4 daqiqada 1 bemorga leykemiya tashxisi qo‘yilar ekan.

Leykemiya 3 ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Birinchisida, saraton qonda ham, ilikda ham bo‘ladi. Ikkinchisida, limfa – organizmda qon bilan to‘qimalar o‘rtasida modda almashinuvini ta’minlovchi suyuqlik zararli tus olib, tizimni zaharlaydi. Uchinchi ko‘rinishda esa ilikda zararli o‘sma, shishlar paydo bo‘lib, qon plazmasini zaharlaydi.

Ekspertlarning ma’lumot berishicha, erkaklarning bu kasallik bilan og‘rish darajasi ayollarga qaraganda 31 foiz balandroq. AQShda har 10 daqiqada bir kishi mazkur xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Bu kasallikni keltirib chiqaradigan aniq sabab ma’lum emas. Ammo, og‘ir charchoq, tushkunlik, nosog‘lom turmush tarzi, kamqonlik, infeksiyalar, suyak og‘rishi, zararli mahsulotlar leykemiyani keltirib chiqarishi taxmin qilinadi.

Sog‘lom ovqatlanish leykemiyaning oldini olishning eng oson yo‘lidir. Tanaga kerakli miqdordagi darmondorilarni yetkazib berish qon tarkibi uchun ham juda muhim.

Meva hamda sabzavotlar – bularning tarkibida yuqori miqdorda tanadagi zaharli moddalarga qarshi kurashuvchi vitaminlar majvud. Ular saratonga bosh sababchi deb taxmin qilinayotgan qon-tomir tizimining yallig‘lanishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Don-dunlar – bu mahsulotlar tarkibida yuqori miqdorda hujayralarni biriktiruvchi to‘qimalar bo‘ladi. Bu to‘qima qonda keyinchalik saraton to‘qimalariga aylanishi gumon qilinayotgan toksinlarni ham tanadan haydab chiqaradi.

Oqsilga boy mahsulotlar – tana kuchli bo‘lishi uchun uni ko‘proq oqsil bilan to‘yintirish kerak. Mol, qo‘y, parranda, baliq go‘shtlari, tuxum ko‘proq iste’mol qiling. Yog‘li go‘shtlardan tiyilgan ma’qul.

Yog‘li baliq – baliq go‘shti oqsilga boy manbaa. Skumbriya, losos kabi yog‘li baliqlar tarkibidagi omega-3 yog‘ kislotasi nafaqat qon aylanishini yaxshilaydi, shu bilan birga saraton xavfini ham kamaytiradi.

Foydali bakteriyaga ega mahsulotlar – yogurt, kefir, suzma, tvorog kabi foydali bakteriyalarga boy mahsulotlar inson immun tizimiga yordam berib, shamollash, gripp, ichak shamollashi, allergiya va diareya kasalliklarining oldini oladi, kasallikdan so‘ng organizmning qayta tiklanishini tezlashtiradi. Asosiysi – ular ovqat hazm qilish tizimi sog‘lom bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.

Doimo sog‘-salomat bo‘ling!