Bilasizmi?

Lari Ellison: Yetimlikdan "jahonning eng boy kishisi"gacha

Ehtimol, siz Lari Ellison haqida eshitmagandirsiz. Ammo, axborot texnologiyalari davri kishilari u asos solgan, jahonning eng qimmat dastur ishlab chiqaradigan Oracle kompaniyasi haqida ozmi-ko‘pmi eshitishgan. Janob Ellison ayni paytda  $49 milliard mablag‘i bilan jahonning eng boy kishilari beshligidan o‘rin egallab turibdi. Taniqli "Iron Man" (Temir odam) filmi ham uning hayoti haqida so‘zlaydi.

Milliarder so‘nggi chorak asr davomida jahon iqtisodiyoti va texnologiyalar olami, odamlar turmush tarziga o‘zgarishlar olib kirgan insonlardan biri.

Omadsiz bolalik

"Menda muvaffaqiyatim uchun asqotgan jamiki muhtojlik va mashaqqatlar mavjud edi", deydi biznesmen keyinchalik o‘zining bolalik yillarini xotirlab.

Lari Ellison 1944 yilda Nyu-Yorkning aholi eng ko‘p istiqomat qiladigan Manhetten tumanida tug‘ilgan. Uning onasi -- 19 yoshli turmush qurmagan yosh qiz Larrini amaki va xolasining qaramog‘ida qoldirib, Chikagoga ketadi. Shu bilan oradan 48 yil o‘tibgina ona-bola ko‘rishishadi.

Oradan bir fursat o‘tib, qarovsiz qolgan go‘dakni boshqa bir oila asrab oladi.

Bo‘lajak milliarderning bolaligi 2 xonali uyda o‘tdi. U 12 yoshga kirganida asrandi ekanini bilib qoladi. Ruhida allaqanday norozilik, g‘alayon uyg‘ongan Larri yaxshi o‘qib, bilim olishga harakat qiladi.

O‘qish yillari

Illinoys universitetida 2-bosqichda o‘qib yurganida uni asrab olgan onasi vafot etadi. Tushkunlikka tushib qolgan Larri imtihonlarni ham topshirmasdan universitetni tark etadi. Bir muddat o‘tib u Chikago universitetida kompyuter dizayni va dasturi bo‘yicha tahsil oladi.

U jahon axborot texnologiyalari markazlaridan biri bo‘lgan Silikon vodiysining o‘qishni tamomlamasdan tark etgan milliarderlarining to‘ng‘ichi. U Bill Geyts, Stiv Jobs, Maykl Delldan ham oldin orzusi yo‘lida universitetni tashlab ketish "an’anasi"ni boshlab bergan.

1966 yilda, 22 yoshida Shimoliy Kaliforniyaga ko‘chib ketadi. Uning ilk hamkorligi ham Amdahl Corporation bilan yuqori tezlikdagi kompyuterlar tizimini yaratishdan boshlanadi.

Oracle'ga asos solinishi va muvafaqqiyat

1977 yilda Ellison 2 hamkasbi yordamida Software Development Labs kompaniyasiga asos soladi. Tinimsiz izlanish va sabr bilan qilingan mehnat natijasida bir qancha kompyuter va dastur loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshiriladi.

Markaziy Razvedka Boshqarmasining buyurtmasiga muvofiq, kompaniya Oracle nomli ma’lumotlarni boshqarish tizimini yaratadi. Shundan so‘ng bir qancha tijoriy loyihalar amalga oshiriladi.

1981 yilda IBM kompaniyasi Oracle dasturini o‘zining kompyuterlariga moslashtirishga kirishadi va Larrining ketmoni ucha boshlaydi. Keyingi 7 yil davomida daromad hajmi yiliga 2 barobardan o‘sib bordi. Larri Ellison Oracle dasturi olib kelgan shon-shuhrat evaziga kompaniyaga Oracle kompaniyasi nomini beradi.

1986, Oracle aksiyalarini sotuvga chiqarib,  $31.5 millionga ega bo‘ladi. 1990 yilda kompaniya inqiroz yoqasiga kelib qoladi. Kompaniyaning bozordagi kapitali 80 foizga tushib ketadi. Ellison kompaniya muqarrar halokatdan asrab qolish uchun kompaniyaga yosh va malakali menejerlarni yollaydi. U bu vaziyatda ilg‘or mahsulotlargina Oracle'ga yordam berishini anglab yetgan edi. 1992 yilda e’lon qilingan Oracle 7 ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimidan so‘ng kompaniya yana o‘z nufuzini qaytaradi.

1990-yillarda moliyaviy institutlar, yirik biznes kompaniyalari, avtomobil kompaniyalari ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha Oracle bilan hamkorlik qiladilar. Keyinni ko‘ra oladigan qobiliyatli rahbar sifatida Elisson kompaniya sayti orqali elektron biznes ilovalar savdosini yo‘lga qo‘yadi. Elektron tijorat ko‘p o‘tmasdan daromadlarning oshib ketishiga xizmat qiladi. 2000-yilning bir choragining o‘zida foyda hajmi 76 foizga ko‘tariladi. Natijada, Larri Ellison boyligi bo‘yicha o‘sha vaqtdagi "jahonning eng boy kishisi" bo‘lgan Bill Geytsdan o‘zib ketadi.

2004 yildan boshlab Ellison Oracle'ning bozordagi hissasini boshqa mayda kompaniyalarni sotib olish evaziga oshirishga kirishdi. Xususan, 2009 yilda Sun Microsystems, PeopleSoft kompaniyalarini sotib olgach, Oracle jahonning eng yirik dastur ishlab chiqaruvchisiga aylanadi.

Larri Ellison 1978 yildan 1996 yilgacha Oracle'ga prezidentlik qildi. U Oracle'ning yakka-yolg‘iz bosh direktori.

Larri Ellison hayotidan saboqlar

:) Asl ota-onasidan rad etilgan bo‘lsa-da, asrandi o‘g‘il sifatida boshqa oilada ulg‘aygan bo‘lsa ham, u taqdirning sinovlarini mulohaza va donolik bilan yengib o‘tdi va hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oldi.

:) Garchi, ba’zi narsalar kelajakda sodir bo‘lsa ham, sen ularni hozir ko‘rishga o‘rgan.

:) Biznesing inqirozga yuz tutayotgan bo‘lsa, uni o‘z sa’y-harakating va imkon qadar o‘z hamyoning evaziga qutqarib qol.

:) O‘z raqobatchilaring bilan suhbatlashib, ularning rejalari va o‘z kamchiliklaringni bilishdan qo‘rqma.

:) Yaxshi va iqtidorli xodimlar yollashga o‘rgan va ular sen bilan birga muvaffaqiyat uchun kurashadilar.

:) Biznesda tezkor yuksalish uchun kompaniya foyda olib keladigan boshqa kompaniyalarni sotib olishi kerak.

:) Larri tabiatni asrash, tibbiy tadqiqotlar, ta’lim va xayr-saxovat yo‘lida millionlab dollarlarini ayamaydi. Misol uchun Bill Geyts va Uorren Baffetning xayriya aksiyasiga ham million dollar mablag‘ ajratgan. Faqat uning bir kamchiligi -- boshqalar kabi buni ko‘z-ko‘z qilmaydi.

:) "Chinakam muvaffaqiyatli odamlar omadning ortidan chopganlari uchun emas, muvaffaqiyatsizlikdan g‘olib kelishga intilganlari uchun ham shu darajaga yetadilar", deydi milliarder.

Shuhrat Sattorov, jurnalist