Saytimizda "Kuyovchak" mavzusida berilgan avvalgi maqola bilan ham tanishib chiqishingiz mumkin.
Kuyovchakning ta’rifi: u — jamiyatning biologik chiqindisi, qon so‘ruvchi kanalar oilasiga mansubligi bor, sababi to‘ygacha ota-onasining hisobiga yashaydi, to‘ydan keyin qaynota-qaynonasi, ba’zan ular bo‘lmasa xotinining hisobiga yashaydi. Sifatlari: mebelxo‘r, chunki ship-shiydon qilib qo‘yilgan “inini” kelinnikidan kelgan mebellar bilan to‘ldiradi, qancha ko‘p mebel kelsa shuncha ko‘p xursand bo‘ladi, o‘zimiznikini emas, chet elnikini kutadi! Lattaparast, chunki to‘y boshlangandan to umrining oxirigacha qaynota -qaynonasi unga kiyim-kechak, latta-lutta tashiydi! Yeb-to‘ymas mechkay,chunki bu mahluq to‘ydan keyin kelinnikidan tog‘ara-tog‘ora ovqat kutadi va yeb, kekirib turib ham hech rozi bo‘lmaydi! Juda katta “investor”,uning sarmoyasi — bir tiyinga qimmat «oriyati», «g‘ururi», «hamiyati», falaj miyasiyu, bo‘rdoqiga boqilgan jasadi, shularning hammasini kelinning sepi uchun tikkan! Qo‘lidan keladigan yagona ish — faqat xotini olib kelgan karavotda erkakligini isbotlamoqchi bo‘lish( qo‘polligim uchun uzr) va agar Xudo bergan bo‘lsa nasl qoldirish! Xobbisi -o‘zgalar xisobiga yashash! Kuyovchak bunday hayotga juda yaxshi moslashadi, o‘y-fikrlarining hammasi faqat o‘z foydasiga qaratilgan bo‘ladi. Agar u ishsiz bo‘lsa ish topib berish, och qolsa to‘ydirish, puli yo‘q bo‘lsa cho‘ntagini to‘ldirish, xotini boshqorong‘i bo‘lsa ko‘ngli tusaganini keltirish, agar xotini tug‘sa bolasini roddomdan olib chiqishu, beshik, krovatcha…xatto pampersigacha olib berish, xotini kasal bo‘lsa davolatish kabi barcha ishlarni hech ikkilanmay, osongina qaynota-qaynonaning bo‘yniga ilib qo‘ygan! U o‘zini bunday mayda ishlarga aralashishi shart bo‘lmagan oliy nasab shaxs deb biladi…
Ayyub Ramz