Bilasizmi?

Kuyganda shoshib qolmang

Olovdan kuyganda. Kuygan odamni yuqori haroratli yoki tutunli xududdan olib  chiqing va yonayotgan kiyimni o‘chirib, yeching. Yaraga yopishib qolgan matoni qirqib, joyida qoldiring. Uzuk, bilaguzuk, soat, umuman, teri shishganida to‘qimalarga shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan hamma narsani yeching. Yong‘indan zarar ko‘rgan odamni toza, dazmollangan choyshabga o‘rang. Qattiq og‘riganda, mabodo tez yordam kechiksa, bemorga analgetik hap dori berish mumkin. Ko‘p suyuqlik ichirish tavsiya etiladi (suv, sharbat, iliq choy, gazsiz mineral suv). Alkogol qat’iyan ma’n etiladi.

Bug‘ yoki qaynoq suvdan kuyganda. Tez va ehtiyotkorlik bilan kiyimlarni yeching. Agar imkon bo‘lsa, tananing kuygan qismini sovuq suvga soling yoki jo‘mrakdan oqib turgan suvga tutib turing (5-6 daqiqa). Shishning oldini olish uchun tananing kuygan qismini ko‘tarib qo‘ying.

Agar kuygan joy katta bo‘lmasa. Unga sovuq nam doka yoki bint qo‘ying. Yoki kuygan joyga steril bolg‘am qo‘ying. Zinhor bakteritsid plastirdan foydalanmang.

Xalq tabobatidan. Olov, qaynoq suv, issiq yog‘, qizigan metalldan kuyganda kartoshka uni (kraxmal) foydalidir. Kuygan teriga qalin qilib sepib, ustiga qalin paxta qo‘ying va bint o‘rang. Kuygan joyga 2 osh qoshiq zaytun yog‘iga aralashtirilgan tuxum oqini ham surtsa bo‘ladi. Qurigach, muolajani takrorlang. Shuningdek, shikastlangan joyga kuniga 2 mahal ustki qavati shilib olingan aloe bargini qo‘yib, ustidan bint o‘rang.

Quyidagi narsalar ta’qiqlanadi: pufaklarni yorish, yaralarni qisib bog‘lash, muz qo‘yish, kuygan joyni qo‘l bilan ushlash, yog‘ yoki moy surtish - bularning hammasi to‘qimalarning o‘lishiga va yaraning tuzalishini kechiktirishga sabab bo‘lishi mumkin. Tananing kuygan yuza qismlariga tegmaslikka harakat qiling. Masalan, kuygan qo‘l va sonning ichki tomoniga toza mato qo‘ying.

Manba: Beka.Uz