Bu voqeaga ancha yillar bo‘ldi.
Tong yorishmay poyezddan tushgan yo‘lovchilar chetda to‘xtab turgan avtobusga o‘zlarini urishdi. Eski shahardagi shohbekatgacha o‘n besh chaqirim, o‘sha yerdan tegishli ulovlarga o‘tirib, hamma qishloq-qishlog‘iga jo‘naydi. Men ham avtobusga amallab ilindim. Bir pas o‘tib, chiptachi yigit yo‘l haqini tera boshladi. Shunda yonimdagi amaki u yon-bu yonini kavlab, “Voy bolasi tushmagurlar”, dedi. Nima bo‘ldi, deganday qaradim. “Pulim yo‘q, boya avtobusga chiqayotganimda bir yigit rosa suykalib edi, o‘maribdi-ya, pasportni ham olib ketibdi”.
Chiptachi yaqinlashib kelar, amaki esa biror ming so‘m chiqib qolar degan umidda cho‘ntaklarini ag‘dar-to‘ntar qilar edi. Nihoyat, yigit amakiga yuzlanib “sizniki”, dedi. “Uka, pulimni o‘g‘irlatib qo‘ydim, yana bir chiqqanda tashlab ketarman”. “Pulingiz bo‘lmasa minmang edi, aka. Hammaning tashvishi o‘ziga yetarli. Chiqaraqoling”.
Chiptachi bez edi. “Yo‘q narsani qayerdan olaman…”
Amaki juda noqulay holatda qoldi, u yoq-bu yoqqa alanglay boshladi, aftidan biror tanish qidirardi. Rahmim keldi. “Men beraqolaman”, dedim-da ikki kishilik yo‘l haqi to‘ladim. Amaki rahmat aytdi, so‘ng: “Hali qishloqqa ham ketish kerak”, deb qo‘ydi. Yana pul chiqarib uzatdim. “E, rahmat uka, – dedi amaki, – ammo sizni qayerdan topaman, qarz bo‘ynimda qolib ketmasin”. “Qarz emas, arzimas yordam. Siz ham oldingizdan chiqqan biror muhtojga berib yuborarsiz”, dedim.
Amaki ko‘p minnatdor bo‘ldi. Men esa ko‘p yillar oldingi voqeani esladim…
Majburiyat
Olti oylik o‘g‘limning ichaklari shamollab qolib, kasalxonaga yotqizdim. U paytlar uncha-muncha dori dorixonada topilmas, qora bozorda edi. O‘shanda, hech qayerdan gentomitsin topolmay, odamlardan so‘rab-surishtirib, dori bozorga tushdim. Bir amakining yonida to‘xtadim. O‘n besh ming dedi. (O‘shanda, adashmasam, bu pul maoshimning uchdan biriga teng edi.) Yarmiga yetadigan pulim bor. “Arzonroq qiling”, dedim. “O‘zimizga o‘n to‘rt yarimdan keladi, lekin bu kuchli dori-ku, bolangiz qattiq shamollaganmi?” deb so‘radi amaki. “Ha”, dedim. Holim nochor edi, do‘xtir aytganidan ikki kun o‘tib ketdi, o‘g‘limning ahvoli borgan sari og‘irlashayotir. Tashvishli yuzimni ko‘rib, sotuvchi amaki: “Mayli, bor pulingizni beraqoling, qolganini topganda tashlab ketarsiz”, dedi. Dorini oldimu kasalxonaga yugurdim.
Ammo Allohning irodasi ekan, o‘g‘limiz vafot etdi…
Janozadan keyin uyda suhbatlashib o‘tirar ekanmiz, o‘sha amakini esladim. Butunlay notanish yigitga qimmatbaho dorini ishonib berib yuborganidan hayratlanganimni aytdim. Bir hoji akamiz: “Shunday odamlar borligi uchun qiyomat qolmay turibdi-da”, dedi. So‘ng tashqariga chiqqanimizda sekin bir dasta pulni tutqazib: “O‘sha qarzingizdan uzilib qo‘ying”, deya tayinladi.
Hafta o‘tib bozorga tushdim. O‘shanda shoshganimdan amakining ismini ham so‘ramagan, yuziga yaxshiroq qaramagan ham ekanman, hech topolmadim.
O‘xshatganim bir-ikki kishidan: “Sizdan dori olmaganmidim?” deb so‘radim ham… Ertasiga yana topolmadim. Nihoyat, nechanchidir kelishimda Alloh menga o‘sha kishini ro‘para qildi. “Ha, – deb eslagach, – qanday, bolangiz tuzukmi?” deya hol so‘radi. Vafot etganini aytsam, pulni olmasligi aniq edi. Shuni o‘ylab: “Ha, yaxshi”, deya oldim. O‘pkam to‘lib, qarzimni berdim-u, ortimga qaytdim.
Hayotga mustaqil qadam qo‘yib, ilk bor bunday mashaqqatga duch kelishim edi, garchi hojatimni ravo qilmagan bo‘lsa-da, o‘sha amakining yaxshiligi hech esimdan chiqmaydi. Menga qilingan bu va boshqa yaxshiliklar yelkamga odamlarga yaxshilik qilish majburiyatini yuklagan edi…
Chiptachi yigit ham, bir kuni bir yaxshining yaxshiligi tufayli yaxshi odamga aylansa, ne ajab.
Sunnatulloh
“Hilol” taqvimidan olindi
Manba: Tafsilot.uz