Bilasizmi?

Ko‘zoynakni qanday tanlash kerak (ikkinchi maqola)

Erkaklar ko‘zoynagi

Ko‘pchilik erkaklarda, nafaqat erkaklarda balki boshqalarda ham quyidagi savol yuzaga keladi: aynan menga mos tushadigan ko‘zoynakni qanday tanlasam bo‘ladi? Ayni vaqtda bozor sizga ulkan tanlov imkoniyatini yaratib bergan, u yerdan istalgan rangdagi, shakldagi va materialdagi, umuman nima qulay bo‘lsa shuni topishingiz mumkin. Lekin qaysi ko‘zoynakni tanlashni bilmasangiz bu sizga aksincha bir qancha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Ko‘zoynak do‘konida sizga yuzlab (ba’zan minglab) assortiment taqdim etilgan paytda siz ularni ham qiziqish, ham “dahshat” bilan kuzatasiz , shunda tashqaridan yordamga muhtoj ekanligingizni his qilasiz va odatda sizda sotuvchi-konsultant yordamga keladi. Shuni unutmangki, sotuvchi-konsultant doim ham yaxshi yordamchi bo‘lavermaydi, chunki ularning asosiy maqsadi sizga o‘z tovarlarini sotishdan iborat.

Ko‘zoynak qanday tanlanadi

  • Ko‘zoynak gardishi sizga estetik jihatdan to‘g‘ri kelishidan tashqari, u sizda qanchalik qulay “o‘tirganligiga” e’tibor bering.

  • Ko‘zoynak o‘z egasining qanchalik o‘z shaxsini hurmat qilishini ifodalaydi, u sizga yuzingizni ifodalashi, proporsionallik va vazminlik kasb etishi, shu bilan birga yuzdagi turlicha kamchiliklarni, masalan, to‘g‘ri bo‘lmagan burun shaklini berkita olishi lozim.

  • Agar sizga qaysidir ko‘zoynak modeli yoqqan bo‘lsa, bu uni sotib olishingiz kerakligini bildirmaydi, eng muhimi ko‘zoynak gardishi sizga mos tushishiga e’tibor bering, yoqishiga emas. Agar sizga yoqqan ko‘zoynak gardishi sizga mos tushsa, ana endi sizni tabriklashimiz mumkin!

  • Ko‘zoynak tanlashda turmush tarzingizni hisobga oling, chunki u stilingizning bir bo‘lagi hisoblanadi.

Bundan tashqari erkaklar ko‘zoynagi gardishining uzunligi harakatchan ko‘zoynak bandi hisobiga biroz keng yoki tor bo‘lishi mumkin, ko‘pgina holatlarda bu ikkala tomonda 10 mm dan 30 mm gacha boradi. Ko‘zoynak bandi uzunligini sotib olayotganingizda gardishga ulangan joyidan ko‘rib tekshirib olishingiz mumkin. Ko‘zoynak oynasining balandligi yuz shaklingizga mos kelishini doim hisobga oling.

Ko'zoynak 2

Yuz shakli qanday aniqlanadi?

Oval ko‘rinishdagi yuz shakli ideal proporsiya hisoblangani uchun, odatda biz yuz ko‘rinishimizni oval holatda ifodalashga harakat qilamiz.

Ko'zoynak 3

Demak, yuzingiz qaysi tipga mansubligini aniqlash uchun oyna oldiga turing va quyidagi qaysi geometrik shakl sizning yuzingizga ko‘proq mos kelishini aniqlang.

Ko'zoynak 4

Oynaga qarab yuqoridagi rasmda ko‘rsatilgan yettita formadan qaysi biri sizga ko‘proq mos kelishini aniqlab olgan bo‘lsangiz ishni boshlashimiz mumkin. Agar sizning yuz shaklingiz oval ko‘rinishda bo‘lsa – siz bu borada omadli ekansiz, chunki sizga erkaklar ko‘zoynagini to‘g‘ri tanlash boshqalarga nisbatan osonroq kechadi. Agar sizning yuzingiz oval ko‘rinishda bo‘lmasa bundan hech ham xafa bo‘lmang, sababi bugungi kunda istalgan yuz shakliga mos keluvchi keng assortimentdagi, sizga uyg‘unlik va proporsionallik baxsh etuvchi erkaklar ko‘zoynaklarini topishingiz mumkin.

Yuz shakliga qarab erkaklar ko‘zoynagini tanlaymiz

Kvadrat. Kvadrat shaklli yuz sohiblari, asosan tomchisimon ko‘rinishdagi ko‘zoynakni tanlashlari maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shu bilan birgalikda yumaloq gardishli ko‘zoynaklar ham sizga mos tushadi, ular yuzingizga tor va uzunchoq shakl beradi.

Ko'zoynak 5

Uchburchak. Uchburchak shaklga ega yuz egalarining eng a’lo xususiyatlari, bu ularning keng peshona va o‘tkir uchli iyak sohibi ekanliklaridir. Sizning asosiy vazifangiz shundan iboratki, peshonangizni maksimal darajada kichikroq qilib ko‘rsatadigan ko‘zoynaklarni tanlash, bu sizga yuzingiz proporsional ko‘rinishiga yordam beradi. Sizga yuqori qismi yirikroq gardishli ko‘zoynaklarni tanlash tavsiya etiladi, shu bilan birga kvadrat gardishli yoki gardishining pastki qismi bejirim aylana yasagan va yuqori qismi to‘g‘ri bo‘lgan shakllar ham sizga mos tushadi.

Ko'zoynak 6

Uzunchoq. Bunday yuz egalarida chetki yuz qismlari yaxshi ifodalangan bo‘ladi. Ularning eng yaxshi xususiyati bu baland yonoqlar va peshonaning borligi, uzun burun hamda iyak qismidagi chuqurchaning yaqqol ko‘zga tashlanib turishidir. Sizning asosiy vazifangiz yuzingiz uzunligini qisqartirishdan iborat, ya’ni yuzni ikki qismga ajratish, bu esa yuzning qisqaroq ko‘rinishiga yordam beradi. Sizga teng tomonli, cheti yumaloq bo‘lgan ko‘zoynaklarni tanlash tavsiya etiladi, ular yuz chetidagi qirralarni tekislab ko‘rsatadi.

Ko'zoynak 7

Oval. Yuqorida aytib o‘tganimizdek yuzning oval shakli bu etalon. Ushbu yuz egalariga eng yaxshi tanlov sifatida teng tomonli ko‘zoynaklar tavsiya etiladi, bu yuzning kengroq ko‘rinishiga yordam beradi. Ko‘zoynak gardishining eniga yaxshi e’tibor berishingiz kerak, u juda ham keng bo‘lmasligi lozim, chunki bunday ko‘zoynaklar yuzingizdagi uyg‘unlikka putur yetkazadi.

Ko'zoynak 8

Yumaloq. Yumaloq yuz shakliga ega kishilarda yuzning uzunligi va kengligi bir xil, betlar to‘lishgan va iyaklar odatda yumaloq shaklda bo‘ladi. Bunday shaklli yuz egalari yuzni biroz uzunchoq qilib ko‘rsatilishiga teng tomonli ko‘zoynaklarni tanlashlari orqali erishishlari mumkin.

Ko'zoynak 9

Ko‘z o‘tkirligi uchun erkaklar ko‘zoynagi

Bunda avvalo siz oftalmologga murojaat qilishingizni maslahat berar edik, vrach ko‘rigi davomida siz ko‘rish o‘tkirligingizni aniqlagach, doktor yozib bergan linzalar retsepti bilan optikaga murojaat qilasiz va yuzingizga mos tushuvchi gardishni tanlab unga buyurtma berishingiz mumkin. Aslo o‘z bilishingizcha yoki optikadagi jadval orqali aniqlab ko‘zoynak taqmang, chunki sizda ko‘rish o‘tkirligi har doim ham ko‘z gavharining holatidan kelib chiqib pasaymagan bo‘lishi mumkin.

Umid qilamizki, mana endi siz oz bo‘lsada erkaklar ko‘zoynagini tanlash bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘ldingiz. Kirib kelayotgan issiq va quyoshli yozda quyoshdan himoyalanuvchi ko‘zoynaklar taqish ham foydali, ham sizni zamonaviy qilib ko‘rsatadi.

Baxtiyor ShERALIYeV