Salomatlik

Ko‘z sog‘lom, nigoh ravshan bo‘lishi uchun 8 maslahat 

Axborot va muloqot vositalari ko‘payishi, monitorlarning kichrayib borishi natijasida ko‘rish bilan bog‘liq kasalliklar bugungi avlodning eng katta muammosi. Tibbiyotda kichkina ko‘z bilan bog‘liq 60 ga yaqin xastaliklar aniqlangan. Agar bugun monitor qarshisida ko‘p vaqt sarflayotgan bo‘lsangiz, keksalikda ortiqcha muammolarga duch kelmaslik uchun hozirdanoq ko‘z salomatligi haqida qayg‘uring.

Eng avval beradigan muhim tavsiyamiz shuki, monitor qarshisida tez-tez kiprik qoqing. Shunda ko‘zning oq pardasi namlanadi. Ko‘zning ko‘rish qobiliyati va boshqa ko‘z kasalliklari oq pardaning qurishi bilan bog‘liq.

 Ko‘zning ko‘rish qobiliyatini oshiramiz

Ko‘zga dam bering. Kunning ish eng tig‘iz bo‘lgan soatlarida, har soatda bir marta ko‘zlarni 2 daqiqa mobaynida yumib, ularga dam bering. Bu lahzalarda ko‘z mushaklari dam olib, ko‘rish qobiliyati oshadi, asab tizimi ham tinchlanadi. Bunga odatlansangiz, tez orada nigohingiz ravshan tortib, ko‘zingiz o‘tkirlashadi.

Ko‘zoynakni tez-tez yechib turing

Ko‘rish qobiliyati past bo‘lishi va ko‘zoynak yoki linza taqish vaqti-vaqti bilan undan voz kechmaslikka sabab bo‘la olmaydi. Kun mobaynida hech bo‘lmaganda 30 daqiqa bu vositalarni yechib qo‘ying. Bu ko‘zning ko‘rish qobiliyatiga yaxshi ta’sir qiladi. Sababi, shifokorlar ko‘zoynakning ko‘zga foydali yoki foydasiz ekani yuzasidan hali bir to‘xtamga kelishgani yo‘q.

Ko‘zni massaj qiling

Har kuni hech bo‘lmaganda 1 marta ko‘zni uqalang. Ikkala kaftingizin ochib, ko‘zlaringiz ustiga qo‘ying va 1-2 daqiqa mobaynida ohista uqalang. Natijada ko‘zdagi mayda qon tomirlarda qon almashinuvi yaxshilanadi, ko‘z dam oladi.

Ko‘zga dam bering

Ko‘zni hadeb zo‘riqtirishga odatlanmang. Har 20 daqiqada ishdan chalg‘ib, nigohingizni uzoqlarga tiking. Bu diqqatni oshirib, ko‘rish qobiliyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, uzoqni ko‘ra olmaydiganlar uchun bu foydali tavsiya.

Ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun mashq

Quyidagi ko‘z mashqini hech bo‘lmaganda 2 kunda bir marta bajarishga odatlaning. Ko‘z qorachig‘ingizni suratdagi strelka ko‘rsatkichiga muvofiq harakatlantiring. Bu mashq ham torayib qolgan ko‘z mushaklarini sog‘lomlashtiradi. Mashqni ko‘zni yumgan yoki ochiq holda bajarish mumkin.

Ko‘z uchun issiqqina kompress

Ko‘zingiz toliqib, bosh og‘rig‘i boshlangan kezlarda momiq paxtani juda issiq bo‘lmagan suvga botirib, ko‘z ustiga yoping. Natijada ko‘zning oq pardasi namlanadi, charchoq yo‘qoladi va hatto bosh og‘rig‘idan ham xalos bo‘lasiz.

Mahsulotlarga e’tiborli bo‘ling

Sabzi, baliq moyi, ko‘katlar, yong‘oq mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qiling. Ular ko‘zga qorong‘uda ham yaxshi ko‘rishiga yordam beradi. A vitaminining tanangizga ko‘proq tushishiga e’tiborli bo‘ling.

 Tabiat qo‘ynida sayr qiling

Tabiat rangi ko‘zni quvontiradi va sof havo salomatlikka xizmat qiladi. Ko‘proq sayohat qilish salomatlik garovi.

Yuqoridagi tavsiyalarga amal qilsangiz, ko‘zning tez toliqib qolishi va yaxshi ko‘rmasligi, bosh og‘irig‘i kabi dardlardan xalos bo‘lib, hayotga tetik va o‘tkir nigohda qaray boshlaysiz.

Doimo sog‘-salomat bo‘ling!