Ish

Ko‘chaning ovqati yoxud erkak ishxonaga tushligini olib borsa uyatmi?

“Ma’rifat” gazetasida ishlab yurgan vaqtlarim bir narsaga ko‘p e’tibor berardim: ayol xodimlar har kuni o‘z tushligini uyidan ko‘tarib kelishar, uni tahririyatdagi muzlatkichda saqlab, tushlik mahali mikroto‘lqinli pechda isitib tanovvul qilishadi. Bu holatni boshqa ishxonalarda ham ko‘p uchratdim. Vaholanki aksariyati ro‘zg‘orda turmush o‘rtog‘iga yordamlashish uchun ishlashadi xolos, oilani boqish, farzandlarni yeb-ichirishu katta qilish ularning gardanida emas. Shunday bo‘lsa ham erkaklar qatori bir xilda oylik olsalar ham tejamkorlik qilishadi. Biz erkaklarchi? Ham oila boqish, ham o‘z sarf-xarajatlarimizni qoplashimiz kerak. Bir kunda eng kamtar tushlik 5-6 ming, o‘rtamiyonasi 8-9 ming so‘mdan tushadi. Ustiga-ustak, haftada bir shohona taomni ko‘nglimiz tusab, “Zig‘ir oshi”mi, “Beshbarmoq”qami borgimiz kelib qoladi. Kamida 15-20 mingga tushib “kambag‘alning bir to‘ygani – boy bo‘lgani”, deb o‘zimizni ovutib ishga berilib ketamiz. Shu turishda tushlik uchun bir oyda qancha xarajat qilishimizni hisoblab ko‘raylik-a: eng kamsuqum tushlik qilganda ham haftasiga besh kun ishlasak, oyiga o‘rtacha 120 ming so‘m, o‘rtamiyonasida esa 170-180 ming so‘mni sarflab yuboramiz. Haftalik “shohona” tushlik, oyda bir-ikki choyxonayu ziyofatlarni qo‘shsak, maoshimizning qanchasini tushlikka ishlatib yuborayotganimiz ayon bo‘ladi. Xo‘sh, nima uchun erkaklar ham tushligini o‘z uyidan olib borish odat tusiga kirmagan? Axir butun dunyoda, hattoki eng rivojlangan Amriqoyu Ovro‘pada ham uyida tayyorlangan yeguliklar bilan tushlik qilish ishxonalarda odatiy holku. Bunga nimalar to‘sqinlik qilayapti? Andishami? Ishxonada ovqatni saqlash yoki isitishning imkoni yo‘qmi? Yoki taom solingan idishni ko‘cha-ko‘yda ko‘tarib yurishdan erinasizmi? Plastikdan to‘layapmanku, deb ham o‘zingizni ovuntirarsiz. Ammo naqtmi, plastikdami, baribir pul – to‘lovga layoqatli. Tushlikdan tejalgan pullarni yig‘ib borsangiz, bir yilda yaxshigina jamg‘armaga ega bo‘lasiz axir. Shu sabab tushlik masalasini bir marta bo‘lsa ham jiddiyroq o‘ylab ko‘ring. Barcha soxta devorlarni buzib tashlasangiz, eng kamida quyidagi foydalar sizning tomoningizda bo‘lishi aniq:

bir oyda o‘rtacha hisobda 150-200 ming so‘m pulingiz tejaladi (bu - bir yilda 2,5 million so‘mgacha degani);

tushlik uchun yaqin-atrofdagi kafe yoki oshxonaga boradigan vaqtingizni tejab qolasiz;

tejalgan vaqt hisobidan toza havoda sayr qilish, ishxonada dam olish yoki ko‘proq vazifalarni tugallashingiz mumkin;

taom uy sharoitida, ko‘z o‘ngingizda tayyorlangani bois mutlaqo ishonchli.

Ko‘chaning ovqatidan bir oz tiyilishi faqatgina cho‘ntak emas, balki salomatlik uchun ham koni foyda agar bilsangiz. Keling, 2013 yilda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalariga diqqat qaratsak. O‘shanda Toronto universiteti olimlari Kanada restoranlarida tortiladigan 685 xil taom va 156 turdagi desert tarkibida mavjud bo‘lgan yog‘, xolesterin, tuz va kaloriya miqdorini hisoblab chiqishdi. Yakunda kanadalik olimlar restoran taomlaridagi yog‘ miqdori belgilangan meyo’rdan 90 foiz ko‘p ekanini aniqlashdi. Shuningdek, har bir taom porsiyasining kaloriyasi o‘rtacha 1128 kaloriyaga teng ekani ma’lum bo‘ldi. Ko‘plab mamlakatlar parhezshunoslari esa bir kunlik qabul qilinadigan umumiy quvvat 2 ming kaloriyadan oshmasligi kerakligini tavsiya etishadi. E’tibor qiling: olimlar hashamatli qimmatbaho restoranlarni emas, balki sizu bizga maqbul bo‘lgan o‘rtamiyona kafe va restoranlarni ko‘zdan kechirishgan. Tekshiruvlar jarayonida restoran (oshxona) taomlari tarkibidagi tuz miqdori bir kunlik me’yoridan 151 foiz ortiqcha ekani ham aniqlangan. Transyog‘lar va xolesterin kunlik cheklovdan mos ravishda 83 va 60 foiz ortiqcha ekani ma’lum bo‘ldi. Salatlar esa undan ham ko‘proq zararli ekani oydinlashgan: ayrim restoranlarda salatning o‘rtacha quvvati 1370 kaloriyaga qadar yetgan. Olimlar xulosasiga ko‘ra, restoran va oshxonalar ovqatlari insonlarda semizlik, yurak qon-tomir kasalliklarini keltirib chiqarib, salomatlikka uzoq yillar davomida salbiy ta’sir ko‘rsatib boradi.

Tadqiqot uzoq Kanadada o‘tkazilgan. Bizda esa vaziyat undan ham ayanchliroq ekani kundek ravshan. E’tibor qilsangiz, oshxona va restoranlarimizda taomga juda ko‘p tuz solishadi. Yog‘lilik darajasiniku aytmasak ham bo‘ladi. “Oshni yog‘liroq suzing”, deb ham qo‘yamiz. Tuz va yog‘ning ortiqchasi esa, o‘zingizga ma’lum, salomatlikka koni zarar. Lekin bu zarar sekin-astalik bilan, uzoq yillar davomida shakllanadi va oxir-oqibat og‘ir kasallik ko‘rinishida bizni oyoqdan qoldirishi mumkin. Britaniyalik olimlar o‘tkazgan izlanishlar ham isbotlaydi. 2015 yilda BMJ Open jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada keltirilishicha, 2003 va 2011 yillar oralig‘ida Britaniyada umumiy ovqatlanish shoxobchalarida taomlar tarkibiga qo‘shiladigan tuz miqdorini 15 foizga kamaytirilishi evaziga mamlakatda insult va infarktdan vafot etish holati 42 foizga, yurakning ishemik kasalliklaridan olamdan o‘tish esa 40 foizgacha kamaygan. Ortiqcha tuz qon bosimini ko‘taradi, bu esa insult va infarkt xavfini oshiradi. Shu bois mutaxassislar iste’mol qilinayotgan tuz miqdorini bir kunda 1,4 grammga kamaytirish orqali qon bosimini 3.0/1.4 mm simob ustuni miqdorida pasaytirish mumkinligini ta’kidlashdan charchashmaydi. Bir kunlik tuz miqdori esa 6 gramm yoki bir choy qoshiq atrofida bo‘ladi.

Endi esa yana bir statistik ma’lumotga e’tibor qaratsak: mamlakatimizdagi o‘lim holatlari sabablari orasida yurak qon-tomir tizimi kasalliklari birinchi o‘rinni egallamoqda (62 foiz). Barchamizga ma’lumki, biz erkaklar ayollarga qaraganda qisqaroq umr ko‘ramiz. Yuqoridagi tadqiqotlar va izlanishlar natijalari esa erkaklarning yurak qon-tomir kasalliklariga chalinishiga ko‘chadan ovqatlanishi ham ma’lum darajada sababchi bo‘ladi, degan xulosani bermaydimi?

Shunday ekan, o‘z salomatligingiz, moliyaviy ahvolingiz haqida qayg‘uring, hech kim ishxonaga tushlik olib borganingiz uchun sizni koyish yoki mazax qilishga haqli emas. Uni ishxonaga qadar ko‘tarib borishdan ham erinmang. Sizga maslahatim, bozorga tushib, ixcham, mustahkam berkiladigan, imkon qadar plastikdan bo‘lmagan ovqat tashuvchi idish sotib oling. Bir necha hafta tushlikni uyingizdan olib borsangiz, buning samarasini yaqqol ko‘rasiz, tez orada boshqa hamkasblaringiz ham andishani yig‘ishtirib, uyidan taom tashishi aniq. :)