Bilasizmi?

“Kamolot” uylari kimlarga beriladi?

Yodingizda bo‘lsa, 2014 yil 6 fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Qarori imzolangan edi. Mazkur Qaror asosida maxsus Davlat dasturi tasdiqlanib, tegishli tartibla harakat rejasi ishlab chiqilganligi haqida ma’lumot bergan edim.

Harakat rejasiga asosan, har bir hududda 2 tadan 4 qavatli “Kamolot” uylarini barpo etilishi nazarda tutilib, qurilishi rejalashtirilayotgan uylar 48-64 ta 2 xonali kvartiraga mo‘ljallangan bo‘lishi belgilanganligi to‘g‘risida xabar bergan edim. Harakat rejasida ta’kidlanishicha, qurilishi rejalashtirilgan uylar “Kamolot” YoIH tizimidagi xodimlar va faol yoshlar oilalariga “Kamolot” tavsiyasiga asosan yiliga 6 % miqdorida imtiyozli kredit evaziga berilishi nazarda tutilgan edi.

Yuqorida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 2014 yil 8 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar belgilab quyildi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylar qurish hamda mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan ob’yektlarni yosh oilalar uchun ko‘p kvartirali uylar etib rekonstruksiya qilish;

«Kamolot» uylaridagi kvartiralarni sotib olish uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo‘li bilan, boshlang‘ich badal to‘lamasdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan foizli stavka bilan (hozirda 9%ni tashkil qilmoqda) 20 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davrga berish.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining mazkur Qarori asosida «Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, yosh oilalarga “Kamolot” uylarini berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi belgilandi. Ushbu Nizomdan kelib chiqib, ba’zi savollarga javob berib ketishni ma’qul ko‘rdim.

kamolot_uyi

YoSh OILALAR DEGANDA KIMLAR TUShUNILADI?

Yosh oilalar — ro‘yxatdan o‘tkazilgan nikohga birinchi marta kirgan, «Kamolot» uylaridan birini ipoteka krediti asosida sotib olish uchun ariza berilgan paytda har birining yoshi 30 yoshdan oshmaydigan er-xotinlar.

KREDITLAR QANChA MUDDATGA BERILADI?

Kvartiralar tijorat banklari tomonidan sotib olinadigan kvartira qiymatini to‘lash uchun, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki badalni to‘lamasdan, 20 yil muddatga beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo‘li bilan mulk qilib beriladi.

BARChA YoSh OILALAR OLIShI MUMKINMI?

Yo‘q, mazkur uylar barcha yosh oilalarga berilmaydi. “Kamolot” uylarini imtiyozli ipoteka kreditlari orqali olish uchun yosh oilalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan;
  • fan, san’at, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar.

KIMLAR TURAR JOY ShAROITLARINI YaXShILAShGA MUHTOJLAR DEB TOPILADI?

Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilalarni hisobga qo‘yish quyidagi shartlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda: a) er-xotinlarning nomida uy-joy bo‘lmasa (mulkdor bo‘lmasa) hamda doimiy ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha yosh oila ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz binolarda istiqomat qilayotgan bo‘lsa; b) oila a’zolari orasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob chekuvchi va alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar bor bo‘lsa.

KIMLAR YuKSAK NATIJAGA ERIShGAN DEYa TOPILADI?

Qoidaga ko‘ra, davlat mukofotlari, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika musobaqalari, tanlovlar va olimpiadalar sovrindorlari fan, san’at, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan, davlat idoralarida sermahsul xizmat qilayotgan yoshlar “yuksak natijaga erishgan” deya topiladi.

“KAMOLOT” UYLARINI OLIShNING TARTIBI QANDAY?

  1. Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilalar hisobga olinadi (“Kamolot” YoIH tomonidan); 2. Hisobga olingan yosh oilalarga imtiyozli ipoteka krediti ajratish uchun «Kamolot» YoIH Markaziy kengashi tomonidan maxsus tavsiyanoma beriladi; 3. Tavsiyanoma asosida yosh oilalarga tijorat banklari imtiyozli ipoteka krediti ajratadi hamda bir vaqtda tegishli pudrat qurilish tashkilotlari kvartiralarga oldi-sotdi shartnomalarini tuzishadi.

TAVSIYaNOMA OLISh TARTIBINING SXEMASI

QANDAY HUJJATLAR TOPShIRISh KERAK?

Quyidagi hujjatlar topshiriladi:

a) «Kamolot» YoIH tuman (shahar) kengashi raisi nomiga ariza; b) nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi; v) oilaning tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma va oila a’zolarining pasportlari (tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar) nusxalari; g) yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan yosh oilaning turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojligini nazarda tutuvchi ma’lumotnoma; d) ish beruvchining muhri bilan tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi; ye) doimiy ish joyidan berilgan ariza beruvchining (oila a’zolarining) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar yoki ularning yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan ariza beruvchining (oila a’zolari — er va xotinning) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning nusxalari; j) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi tomonidan berilgan er-xotinda mulk huquqi bilan turar joy yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma; z) yosh oilani fan, san’at, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishganligini tasdiqlaydigan hujjatlar (davlat idoralarida xizmat qilayotgan yoshlar rahbar yoki rahbarning birinchi o‘rinbosaridan tegishli shakldagi tavsiyanomani olishi kerak bo‘ladi).

HUJJATLAR KIMGA TOPShIRILADI?

Hujjatlar er-xotindan biri doimiy ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha «Kamolot» YoIH tuman (shahar) kengashiga taqdim etiladi.

TAVSIYaNOMA OLIShDA KIMLAR QO‘ShIMChA IMTIYoZGA EGA?

Agar: er-xotinning har ikkisi yetimlar — «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari bo‘lsa; imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila a’zolarining biri yoki bir nechtasi surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob cheksa, «Kamolot» YoIH Markaziy kengashining tavsiyanomasi navbatdan tashqari beriladi.

TAVSIYaNOMA BERIShNI HAL QILADIGAN HUDUDIY KOMISSIYa A’ZOLARI KIMLAR?

«Kamolot» uylarini ipoteka krediti asosida sotib olish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi:

  1. «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislari — komissiya raisi. 2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari — komissiya raisining o‘rinbosari. 3. Tumanlar (shaharlar) hokimlarining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari. 4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlari. 5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy boshqarmasi rahbari. 6. «Mahalla» xayriya jamoat fondining hududiy, tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlari. 7. Moliyalashtiruvchi tijorat banklarining mintaqaviy va tuman filiallari rahbarlari.
Manbaa: www.xushnudbek.uz