Mulohaza uchun mavzu

Kambag‘allikka yetaklovchi 10 odat

  1. O‘ziga achinish hissi

Kambag‘allikka moyil insonlar o‘zlariga achinishadi va boy bo‘lish peshonalariga bitilmagan degan fikrda bo‘lishadi. Kimdir ayol bo‘lib tug‘ilgani, kimdir semizligi, yana kimdir bo‘yi, millati, rangi, dini, kimdir esa turmush qurmaganligi, yoshlar tajribasizligi, yoshi o‘tganlar esa qarib qolganligi uchun o‘zlarini muammolar girdobida deb his qilishadi. Agar inson qandaydir arzimagan narsa uchun kun bo‘yi o‘zini ayblab, achinib o‘tirsa, atrofdagilar unga qanday munosabatda bo‘ladilar? O‘ziga achinish olg‘a suzishi lozim bo‘lgan hayot kemasining yo‘liga langar tashlash va o‘z-o‘zini qashshoqlikka mahkum etishdir.

  1. Xasislik

Doimiy ravishda arzon narsalarni sotib olish, farzandlarining yaxshi bilim olishlari uchun pulni ayash, mabodo rahbar bo‘lsa qo‘l ostidagilarni oz pul evaziga ko‘p ish qilishga majburlash kambag‘allikka eltuvchi ikkinchi odatdir. Hamma narsada pulni tejash oqillik emas, balki kirim va chiqim muvozanatini bilmaslik, unga noto‘g‘ri yondashishdir. Boy bo‘lishni maqsad qilgan inson narsalarning haqiqiy narxi uchun pul to‘lashga tayyor bo‘ladi.

  1. O‘zi yoqtirmagan ish bilan shug‘ullanish

Xolida idish yuvishni yomon ko‘radi, lekin hech kim unga yordam bermaydi. Kamoldin aka chorak hisobotini tayyorlashdan bezgan, ammo birorta ham yordamchisining qo‘lidan bu ish kelmaydi. Shokir akaning auditorlik qilgisi kelmaydi, ammo yangi uy olish uchun ishlashga majbur. Ularning barchasi o‘zlari yoqtirmagan ish bilan shug‘ullanishadi. Inson bajarishi majbur bo‘lgan ish bilan emas, o‘ziga zavq bag‘ishlaydigan ish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Ana shundagina yuksak natijalarga erishish mumkin.

  1. Baxtni pul bilan o‘lchash

Qashshoq odam qanchadir miqdordagi pul unga quvonch keltirishiga ishonadi. U kiyim olish, uy xarid qilish, sayohatga chiqish imkoniyatini beradigan puli bo‘lsagina o‘zini baxtli deb hisoblaydi. Ammo baxt pul bilan o‘lchanmaydi. Saodatga erishmoqchi bo‘lgan inson baxtni pulda emas, undan ancha yuqori turuvchi boshqa narsalarda deb biladi.

  1. Imkoniyat darajasidan ko‘ra ko‘proq pul sarflash

Omadli bo‘lishni istamagan inson pulni o‘z biznesini yuritishga sarflash bilan imkoniyat darajasidan yuqori turuvchi qimmatbaho mashina yoki katta hovli sotib olishga sarflash orasidagi farqni tushunmaydi.

  1. Darhol boyib ketish xohishi

Birdaniga katta boylikka erishish istagi aksariyat dangasalarga xos. Ular sabr bilan harakat qilish o‘rniga darhol katta pulga ega bo‘lishni istashadi.

  1. Hayotdan nolish

Yashash qiyin. Pul topish osonmas. Oddiy odamlarning yaxshi yashashlari uchun imkon yo‘q. Kelajakda o‘zini qiyin ahvolga solib qo‘yuvchi kishilar mana shunday fikrlashadi. Hayotdan nolish o‘rniga aqlni ishlatish, qiyin vaziyatdan chiqib ketish yo‘llarini qidirish, muvaffaqiyatga erishishga harakat qilish lozim.

  1. O‘zini boshqalarga solishtirish

Nosir boshqa sinfdoshlaridan ko‘ra yaxshiroq o‘qigani uchun o‘zini ulardan yuqori ko‘radi. Komil ish topolmayotganligi uchun o‘zini boshqalardan ko‘ra quyiroqda deb hisoblaydi. Sohiba qo‘shnisi Akmal akaning «Lasetti”sidek mashinasi yo‘qligi uchun erini landovur deb baholaydi. Salima esa yigitlar Halimaga ko‘proq e’tibor berishgani uchun dugonasini yomon ko‘radi. Ularning barchasida kambag‘allikka moyil insonlardagi yettinchi odat – o‘zini boshqalarga solishtirish odati mujassam. Doimo hasad qilib ich-etini yeb yurgan yaxshimi yoki tashqi olamning ichki dunyo, ya’ni qalb ustidan hukmronlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan yaxshimi?

  1. Boylikni pul bilan o‘lchash

Haqiqiy boy insonlar nafaqat baxt va pul orasidagi bog‘liqlikni yo‘qota olishadi (to‘rtinchi odat), balki pulning miqdori va boylik tushunchalari ora­sidagi tenglikni ham yo‘qqa chiqarishadi. Haqiqiy boylik pul ishlab topish, yo‘qdan bor qila olish, yangilik yaratib, biznesning yangi turlarini tashkil etish deganidir. Muvaffaqiyatga erishishni istagan inson pulning miqdoriga bog‘lanib qolmaydi.

  1. O‘z oilasidan uzoqlashish

Omadsiz insonlargina o‘zini tushunmasliklari, oila a’zolari bilan bir fikrga kela olmasliklarini bahona qilib o‘z oilalaridan uzoqlashishga intilishadi. Ular har qanday og‘ir vaziyatlarda ham oilagina haqiqiy suyanchiq bo‘lishini tushunmaydilar. Yaqin insonlarning mehr-muhabbati hech qanday umidi qolmagan insonni ham yiqilgan yeridan turg‘azishga qodir.

Manba: Tafsilot.uz