Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 9-turidan o‘rin olgan Xitoy – O‘zbekiston o‘yiniga rasmiylarni tayinladi va uchrashuv boshlanish vaqtini belgilab berdi, deya xabar qilmoqda The-uff.com.
Mazkur o‘yinni Shri-Lanka mamlakati vakillari bo‘lgan hakamlar boshqarib boradi. Bosh hakam vazifasini Krishanta Dilan Perera Xettikankanamge bajaradi. Unga qanotlarda Priyanga Namal Palliya Guruge hamda Palita Parrakrama Deniye Gedara yordam beradi.
Zaxira hakami vazifasi Kuttiappa Rajarantam Prashant Rajakrishnaga yuklatildi. BAA vakili Ali Muhammad Bujsaim Shri-lankalik hakamlar ishiga baho beradi. O‘yin komissari – Xoay An Li (Vetnam).
Xitoy – O‘zbekiston uchrashuvi Uxan shahridagi Wuhan Sports Center maydonida bo‘lib o‘tadi. O‘yin mahalliy vaqt bilan 20:00 (Toshkent vaqti bilan 17:00)da start oladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi 8-turidan keyin 12 ochko to‘plab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘llanma uchun kurashda 2-o‘rindagi Janubiy Koreyadan 1 ochkoga ortda qolmoqda.