Bilasizmi?

JCh–2018 saralashi. Suriya – O‘zbekiston uchrashuvi prevyusi

Osiyo mintaqasidan JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi ikkinchi davrasiga bugun, 23 mart kuni start beriladi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda Suriyaga qarshi bahs olib boradi. Bu haqda The-uff.com yozmoqda.

Bo‘lajak o‘yinda Suriya nominal mezbon bo‘lgani hamda mamlakatda siyosiy barqarorsizlik hukmronlik qilayotgani uchun Osiyo futbol konfederatsiyasi o‘yinni neytral zona – Malayziyada o‘tkazilishini ta’minladi.

Mazkur bellashuv Malakka shahridagi 40 ming muxlisga mo‘ljallangan Hang Jebat Stadium maydonida o‘tkaziladi. O‘yin mahalliy vaqt bilan 20:00 (Toshkent vaqti bilan 17:00)da start oladi.

O‘zaro uchrashuvlar

O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu kungacha Suriya bilan ikki marta to‘qnash kelgan. 1996 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqichida suriyaliklar 2:1 hisobida zafar quchgandi. JCh–2018 turniriga uchinchi saralash bosqichi 1-turida O‘zbekiston termasi Toshkentda Suriya ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.

FIFA reytingidagi o‘rni

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni damda FIFA reytingida 63-pog‘onadan joy egallab turibdi. Osiyo mamlakatlari orasida milliy terma jamoa Eron, Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya va Saudiya Arabistonidan keyin oltinchi o‘rinda joylashgan.

Suriya terma jamoasi FIFA reytingida 95-o‘rindan joy olgan. Osiyo mamlakatlari orasida Suriya 10-o‘rinda bormoqda.

Uchrashuv rasmiylari

Suriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘yin BAAlik hakamlar guruhiga topshirildi. Abdulla Muhammad Hasan uchrashuv bosh hakami etib tayinlandi. Unga qanotlarda Muhammad al-Hammadiy hamda Hasan al-Mahriy yordam beradi. To‘rtinchi hakam vazifasini Ahmad Hamis al-Naqbiy bajaradi.

Hakamlar nazoratchisi sifatida avstraliyalik Edvard MakGregor ish olib boradi. Uchrashuv komissari – Xin Chyong (Gong Kong). Xitoylik Syaolong Deng OFK vakili sifatida o‘yinga taklif etilgan.

Yo‘qotishlar

Bo‘lajak uchrashuv oldidan O‘zbekiston terma jamoasi bitta yo‘qotishga duch keldi. Moskvaning “Lokomotiv” klubida to‘p surayotgan Vitaliy Denisov “Spartak” jamoasiga qarshi (1:1) Rossiya chempionati 20-turida jarohat olgani uchun Suriyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Suriya termasida yo‘qotishlar yo‘q.

Guruhdagi vaziyat

“A” guruhi 5-turidan keyin Eron terma jamoasi 11 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Janubiy Koreya 10 ochko bilan 2-o‘rinni band qilib turibdi. Kuchli uchlikdan hisobda 9 ochko bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi joy olgan. Keyigni o‘rinlarni mos ravishda Suriya (5 ochko), Qatar (4 ochko) va Xitoy (2 ochko) terma jamoalari joy egallagan.

 

Jamoa O‘yin G‘alaba Durang Mag‘lubiyat To‘plar Ochko
1 Eron 5 3 2 0 4-0 11
2 Janubiy Koreya 5 3 1 1 8-6 10
3 O‘zbekiston 5 3 0 2 5-3 9
4 Suriya 5 1 2 2 1-2 5
5 Qatar 5 1 1 3 3-6 4
6 Xitoy 5 0 2 3 2-6 2

JCh–2018 uchinchi saralash bosqichi

“A” guruhi, 6-tur

Xitoy – Janubiy Koreya (16:35) Suriya – O‘zbekiston (17:00) Qatar – Eron (21:00)