Boks bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi a’zosi, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Shahram G‘iyosov Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi, deb yozmoqda Uz24.uz.
Chempionatning 69 kilogrammgacha vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi finalgacha bo‘lgan bahslarda Shahram G‘iyosov ukrainalik Yevgeniy Barabanov, angliyalik Pet Mak Kormak va qozog‘istonlik Ablayxon Jusupovni yengdi.
Jahon chempionatining oltin medali uchun kechgan murosasiz bellashuvda Shahram kubalik Roniyel Iglesiasni mag‘lub etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Final janglarida shuningdek, hamyurtlarimizdan 52 kilogrammgacha vazn toifasida Jasurbek Latipov kubalik Yosbani Veitiaga qarshi ringga ko‘tarilib, 0:5 hisobida yutqazdi.
64 kilogrammgacha vazn toifasida Iqboljon Xoldorov ham kubalik Andi Kruz Gomesga qarshi ringga chiqdi va hakamlar qo‘ygan ballarga ko‘ra, 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa bokschilarimiz jahon chempionatida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.