Bilasizmi?

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida Oliy diplomatiya maktabi tashkil etiladi

O‘zbekiston Prezidentining «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori qabul qilindi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirildi.

Qarorga muvofiq, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O‘zbekiston i Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kiradi hamda xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar, xalqaro ommaviy va xususiy huquq hamda gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirishni ta’minlaydigan asosiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Hujjat bilan universitetning Boshqaruv instituti va Diplomatik kurslari tugatildi va ularning negizida universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Oliy diplomatiya maktabi tashkil etildi.

Quyidagilar Oliy maktabning asosiy vazifalari etib belgilandi:

Shartnoma asosida qisqa yoki uzoq muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazish orqali Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklari xodimlari, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb etilgan boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari hamda nodavlat tashkilotlar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

Respublikaning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishga jalb etilgan xodimlar xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro huquq va huquqiy siyosat, jahon tarixi va madaniyati, shu jumladan, tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar tarixi va madaniyati sohasida chuqur va har tomonlama bilimlarga, muzokaralar yuritish, har qanday sharoitda puxta o‘ylangan va pragmatik qarorlar qabul qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi, davlat va chet tillarini yuksak darajada egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

Universitetning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha doimiy amal qiladigan kurslarni tashkil etish.

Oliy maktab Universitetning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida biznes-ma’muriyatchiligi yillik dasturlari (MVA) doirasida magistrlar tayyorlashni amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.

2018 yil 1 sentyabrdan boshlab Oliy maktabda quyidagi xodimlar toifalari majburiy tartibda qayta tayyorlanadilar va malaka oshiradi:

Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklari, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb qilingan boshqa vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ma’muriy-boshqaruv xodimlari — uch yilda bir marta;

Tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida vazifalarni bajarish bilan bog‘liq rahbarlik lavozimiga tayinlash uchun zaxiraga olingan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa ixtisoslashtirilgan davlat muassasalari xodimlari;

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari hamda xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston uchun ajratilgan kvotalariga diplomatik va ma’muriy-texnik lavozimlarga tayinlanadigan xodimlar, shu jumladan, ularning turmush o‘rtoqlari;

Xalqaro munosabatlar hamda siyosiy fanlar, xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro ommaviy hamda xususiy huquq, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari — uch yilda bir marta.

2018 yil 1 iyuldan Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi xodimlarga uzoq yillik xizmati va diplomatik ranglari uchun oylik maoshlariga qo‘shimcha haq universitet va Oliy maktab xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.