Bilasizmi?

Jahon banki O‘zbekiston qishloq yo‘llarini kapital ta’mirlash loyihasini qo‘llab-quvvatlaydi

Jahon banki O‘zbekistonda mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarni rivojlantirish loyihasini qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha qishloq joylardagi yo‘llarni yaxshilash va kapital ta’mirlashni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Jahon bankining Toshkentdagi ofisi transport va raqamli taraqqiyotning global amaliyoti vakili Mansur Bo‘stoniy Toshkentdagi ispan—o‘zbek biznes forumida ma’lum qildi, deb yozadi Daryo.uz.

«Loyihaning birinchi bosqichida to‘rtta viloyat: Toshkent, Farg‘ona, Namangan va Andijonda mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarni kapital ta’mirlashni qo‘llab-quvvatlaymiz. Loyiha birinchi bosqichining umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etadi, mazkur loyiha respublika yo‘l fondi bilan birgalikda amalga oshiriladi», — deya aniqlik kiritdi u.

Uning so‘zlariga qaraganda, Jahon banki mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha loyihaning keyingi bosqichini Davlat avtomobil yo‘llar agentligi bilan birga amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu bosqich O‘zbekistonning sharqiy qismidagi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarni kapital ta’mirlashni o‘z ichiga oladi.

Bo‘stoniy Jahon bankining Toshkentdagi ofisi rejalashtirayotgan loyihalar dasturiga nafaqat investitsiyaviy loyihalar, balki O‘zbekiston hukumatiga strategik ko‘mak ko‘rsatishni ham o‘z ichiga olishini qo‘shimcha qildi.

Ispan—o‘zbek biznes forumi doirasida injiniring, fuqarolik ob’yektlari va infratuzilma ob’yektlari qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish sohasidagi 20 dan ortiq ispan kompaniyasi vakillari Toshkentga keldi.

Ispaniya delegatsiyasi vakillari mamlakat O‘zbekistonga 150 million yevro miqdoridagi loyihalarni imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatini taqdim etishini ma’lum qildi.