Iyul oyida respublikadagi byudjet tashkilotlarining 14,2 foiz ishchi-xodimiga oylik maoshi o‘z vaqtida berilmadi. Bu Moliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan monitoringda ma’lum bo‘ldi.
Raqamlarga ko‘ra, iyul oyida O‘zbekistondagi byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlarining 85,8 foizi maoshi va ta’til pulini o‘z vaqtida olgan. Navoiy viloyatida esa bu ko‘rsatkich 70 foizdan past bo‘lgan. Shu bois mazkur viloyat moliya tashkilotlari rahbarlari ogohlantirish olgan. Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tegishli – 90 foiz.
Moliya vazirligi tomonidan byudjet tashkilotlari xodimlari xodimlarining birinchi darajali to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash maqsadida iyul oyida 532,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Xabaringiz bor, fevral oyida vazir Jamshid Qo‘chqorov o‘rinbosarlari va tarmoq boshqarmalari rahbarlariga byudjet tashkilotlari xodimlari maoshlarini to‘lashni shaxsan o‘z nazoratlariga olish bo‘yicha topshiriq bergan edi. O‘shanda oyning ikkinchi yarmi uchun ish haqi kelgusi oyning dastlabki besh kunidan kechiktirilmagan holatda berilishi kerakligi ta’kidlangan.