Ta’til vaqtida tog‘li hududdagi bir qishloqqa bir oycha turishimga to‘g‘ri keldi. Hech kimga sir emas, qishloq xonadonlarining deyarli barchasida it saqlanadi. Kechqurunlari yurganda qarovsiz itlarga duch kelish oddiy hol bo‘lib qolgan. Odatda itlar insonlarni ko‘rsa, “hududimga yaqinlashma” degandek, tik qarab akkilaydi. Agar ular tashlanmoqchi bo‘lsa, beixtiyor yerga engashib o‘zimni go‘yoki yerdan tosh olayotgandek tutardim va ularga otgandek harakat qilardim. Bu xiyla ko‘pincha ularni cho‘chitar va mendan nari ketishar edi. Agar bu narsa ish bermasa haqiqiy toshni ishga solardim. Bir safar bir it yuqorida qo‘llagan “usul”larimga parvo qilmasdan menga tashlanib qoldi. Shunda men o‘zimni himoya qilish uchun sumkamdan qalqon sifatida foydalanib itni masofada ushlab turishga harakat qildim. Shulardan kelib chiqib it tashlanganda qanday himoyalanish borasida internet sahifalarida berilgan bir qancha tavsiyalarni o‘rganib chiqdim. Avvalo hech kim bunday holatga tushmasin, lekin bularni har bir kishi bilib qo‘ygani foydadan holi emas. Quyida itga duch kelib qolganda bajarilishi lozim bo‘lgan ba’zi tavsiyalarni keltiramiz.
1. Itga duch kelganingizda o‘zingizni hotirjam tutishga harakat qiling. Sababi kishidagi qo‘rquv ham asabiylashish ham itdagi tajavuskorlikni oshiradi. | |
2. Itdan tezda qochishga harakat qilmang. Bir muddat itni tinchlanishishi kutib, sekin-sekin jonivordan nari ketishga harakat qiling. | |
3. Agarda itning hujum qilishi muqarrar bo‘lsa, itni masofada saqlab o‘zingizni himoya qilish uchun tayoqdan, sumkadan, yoki kurtkangizdan foydalaning. | |
4. It tashlangan payitda tayoq yoki toshdan qurol sifatida foydalanganingizda. Asosan itning bo‘yin qismi va ko‘zini mo‘ljalga oling. | |
5. Agar it qopmoqchi bo‘lsa unda yuzingiz va qorin qismingizni himoya qilish va it hujumini qaytarish uchun bir qo‘lingizni oldinga tutib qalqon sifatida, ikkinchisini esa itning bosh qismiga urish uchun ishlatishga harakat qiling. | |
6. It tishlaganidan so‘ng albbata shifokor ko‘rigidan o‘ting. Chunki itda turli kassaliklar, jumladan quturish bo‘lishi mumkin. Mutaxassis vrachning tavsiyasiga ko‘ra quturish kasalligiga qarshi emlatish lozim. Albatta daydi hayvonlarni nazorat qiluvchi tashkilotga habar bering. |