Turkiyaning Istanbul shahrida sayohatda bo‘lgan o‘zbekistonlik bloger Davronbek Tojialiyev “Feysbuk”dagi o‘z sahifasida mazkur shaharda sayohat qilish borasida o‘zining 10ta tavsiyasi bilan o‘rtoqlashdi, deb Kun.uz yozadi.
[caption id="attachment_17383" align="alignnone" width="670"] Ayyub Sulton majmuasi. Istanbul[/caption]
1. Ziyoratni, avvalo, Ayyub Sulton mozori va jome’ masjididan boshlang. O‘zgacha fayzni his etasiz.
2. Fotih, Sulaymoniya, Volida Sulton jome’ masjidlarini, albatta, ziyorat qiling. Ayniqsa, muhtasham Sulaymoniya masjidi qalbingizni hayajonga to‘ldirishi aniq.
3. Sohilga yaqin Emino‘nu mavzesidan tramvay yo‘li bo‘ylab, yuqoriga – Sulton Ahmad maydonigacha piyoda kezing. Yo‘l-yo‘lakay turk madaniyatining namunalarini tomosha qilasiz.
[caption id="attachment_17384" align="alignnone" width="670"] Sulton Ahmad jome’ masjidi[/caption]
4. Sulton Ahmad va Ayasofiya masjidlari azoniga some’ bo‘ling. Navbat bilan aytiladigan azondan rohatlanasiz. Sulton Ahmad jome’sining xonaqosi o‘zgacha go‘zal.
5. To‘pqopi saroy-muzeyi, xususan, “Muqaddas omonatlar” bo‘limini ziyorat qiling. Bu bo‘limda Islom tarixining eng noyob eksponatlari – Payg‘ambarimiz s.a.v.ning hirqalari, soqollari, Uhud jangida singan tishlari, oyoq izlari, maktublari va qilichlari, Ibrohim alayhissalomning qozonchasi, Muso alayhissalomning asosi, Hazrati Dovudning qilichi, Yusuf alayhissalomning jubbasi, sahobai kiromlarning shamshirlari, Hazrati Fotima va Husayn r.a.larning ko‘ylaklari va boshqa bebaho atiqalar saqlanadi.
[caption id="attachment_17385" align="alignnone" width="670"] Emino‘nudan Galata minorasi panoramasi[/caption]
6. Tushdan so‘ng Galata minorasiga chiqing. U yerdan Istanbulning tarixiy maskanlari go‘zal tarzda namoyon bo‘ladi.
7. Bosfor bo‘g‘ozini, albatta, kemada sayr eting. Sayr asnosida dengiz havosidan to‘yib nafas olasiz. Sohil bo‘yidagi tarixiy inshootlar, betakror tabiat manzarasini ko‘rib, zavqlanasiz.
8. Emino‘nu mavzesida tarixiy baliqli nondan (Balık Ekmek) totib ko‘ring. Bo‘g‘ozdan tutiliboq qovurilgan baliqning mazasi og‘zingizda qoladi. Turk taomlari judayam mazali. Sizga yaxshi deya tavsiya etilgan taomni bemalol tanovul qilavering. Lekin, shirinliklardan ehtiyot bo‘ling: shakari haddan ziyod ko‘p bo‘lishi mumkin.
9. Zamonaviy Istanbulni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, Istiqlol shohko‘chasi bo‘ylab, Taqsim maydonigacha piyoda kezing. Shu ko‘chadan tarixiy tramvay ham qatnaydi.
[caption id="attachment_17386" align="alignnone" width="670"] Turistlardan bo‘shab qolgan Sulton Ahmad maydoni[/caption]
10. Xarid uchun bir kunni ajrating. Istanbulning Lolali mavzesida narx-navo nisbatan arzon. Shuningdek, yirik savdo markazlarida (AVM) ham arzon va sifatli mahsulotlar topsa bo‘ladi. Lolali, Boyazid, Kapalicharshi bozorlarida xuddi o‘zimizdagidek, bemalol talashib-tortishib savdo qilish mumkin.