Ispaniya hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 150 million yevro imtiyozli kredit ajratishni ko‘zda tutmoqda.
"Hozirda O‘zbekiston tomoni bilan o‘zaro moliyaviy anglashuv memorandumi ustida ishlamoqdamiz, unga ko‘ra infrastruktura yaratish, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun respublikaga 150 million yevro imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan", — dedi Ispaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Ignasio Ibanes Podrobno.uz muxbiri bilan suhbatda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, yaqin kelajakda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisini o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘tgan yilning noyabrida Madridda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ispaniya tashqi va hamkorlik ishlari vaziri Alfonso Dastis bilan uchrashgandi. O‘shanda tomonlar havo qatnovi va xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha hukumatlararo kelishuvlarni imzolagandi.