Ta’lim

Islom Karimov Fondi Yevropa va AQShda o‘qish uchun grantlar taqdim etadi

Islom Karimov Fondi iqtidorli yigit va qizlarning Yevropa va AQShning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida magistratura dasturi bo‘yicha ta’lim olishi uchun grantlar taqdim etish maqsadida tanlov e’lon qildi. Bu haqda Lola Karimova-Tillayeva o‘z Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Fond saytida bir qator mutaxassisliklar bo‘yicha Yevropa va AQSh oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olish uchun Fond grantlari taqdim etish maqsadida respublika hamda chet el oliy ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli bitirgan, xorijiy tillarni biladigan iqtidorli va iste’dodli yigit-qizlar tanlovi boshlangani e’lon qilingan.

Fond grantlarining sovrindori bo‘lishni istagan yoshlar ingliz, nemis yoki fransuz tillarini a’lo darajada bilishi hamda oliy o‘quv yurtlarini muvaffaqiyatli bitirgan bo‘lishi lozim.

Grant sovrindorlarining chet elda tahsil olish va yashash xarajatlari (ikki yilgacha) Fond tomonidan moliyalashtiriladi.

Islom Karimov Fondining grantlari va tanlovga oid qo‘shimcha ma’lumotga quyidagi sahifa orqali ega bo‘lish mumkin fondkarimov.uz

Mutaxassisliklar:

- Tabiiy fanlar (qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo); - Suv va yer resurslarini boshqarish; - Mashinasozlik texnologiyalari; - Oziq-ovqat texnologiyalari; - Oziq-ovqat xavfsizligi; - Oziq-ovqat ishlab chiqarish va marketingi; - Arxitektura (shaharsozlik, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash); - Dizayn (mahsulot dizayni, sanoat va me’morchilik dizayni) - Rassomchilik.

Qayd etish kerakki, mutaxassisliklar orasida bitta ham gumanitar yo‘nalish yo‘q.

Fond chet elda (ikki yilgacha) tahsil olish va yashash xarajatlarini to‘laligicha moliyalashtiradi.