Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi
“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan fohishalik uchun jarima miqdori oshirildi, bu ish bilan shug‘ullanish eng kam oylik ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha jarima solinishiga olib keladi (ilgari eng kam oylik ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha).
Ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi (ilgari eng kam oylik ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha jarima).
O‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilandi (buning uchun 18 yoshga qadar pasport olish kerak).
Ishga qabul qilishda endilikda propiska talab qilinmaydi bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchini ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi 223-2-modda chiqarib tashlandi.
Xuddi shunday, Mehnat kodeksidan ham ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa ishga qabul qilishni rad etish mumkinligi haqidagi qoida chiqarib tashlandi.
Eslatib o‘tamiz, qonun kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi va belgilangan tartibda rasman e’lon qilinishi lozim.