Xususiy ish boshlashga hammaning ham yuragi dov bermaydi. Davlat ishida faoliyat yuritsangiz mas’uliyat to‘la sizda emas, ammo xususiy tadbirkor har bir qadamiga faqat o‘zi javob beradi. Yo‘lda uni faqat omad emas, muvaffaqiyatsizliklar ham kutib turgan bo‘lishi mumkin. Bugun avstraliyalik tadbirkor Endryu Griffitsning boshlovchi tadbirkorlarga bergan maslahatlarini havola etamiz.
Endryu Griffits (Andrew Griffiths) tug‘ilganidan olti oy o‘tiboq ota-onasi tashlab ketishgan, shu sabab qachon dunyoga kelganini bilmaydi. Boshidan o‘tkazgan achchiq bolalik kelgusida omadli tadbirkor bo‘lib yetishishiga xalaqit bermadi. Hozir u taniqli biznes-murabbiy va maslahatchi bo‘lib, qanchadan-qancha tadbirkorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan. Marketing to‘g‘risidagi 11 bestseller muallifi.
- Skeptiklarga quloq solmang
Skeptiklar – barcha narsaga ishonchsizlik va shubha bilan qarovchilardir. Endryu Griffits unga tijoratdagi do‘stlari kitob yozib o‘tirmaslikni maslahat berishganini eslaydi. Ammo u maslahatlarga quloq osmay, o‘z bilganidan qolmadi. Birinchi kitobi tezda ommalashib ketdi hamda Griffitsga shuhrat va boylik olib keldi. Shundan so‘ng yana o‘nta kitob nashr ettirdi.
- Maqsad sari intiling
Ertalab ko‘zingizni ochishingiz bilanoq nima ish bajarishni o‘ylab oling. Maqsad va intilishlaringizni nazoratda tuting. Ba’zida xohish-istaklaringiz o‘zgarayotganini sezib qolasiz. Shunday bo‘lsa, sababini aniqlashtiring.
Kundalik yumushlaringiz asosiy maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Agar asosiy maqsad o‘zgarsa, kun tartibingiz ham o‘zgaradi.
- Ko‘p uchraydigan xatolarni sodir etmang
Zamondosh tadbirkorlarimizning ko‘pchiligi sabrsiz, ishi o‘ngidan kelmasa qo‘l siltab ketadi. Ish o‘ngidan kelishi uchun esa uning ko‘zini bilish zarur. Shundagina biznes naf keltiradi.
Yana bir keng tarqalgan xatolardan biri tadbirkorning o‘zi va biznesi haqida boshqalarga hikoya qilib bermasligidir. Xaridorlar bu haqda bilgisi keladi.
Endryu Griffits “o‘z biznesingiz boshqalarnikidan farq qilishini anglash kerak va o‘zgalardan ajralib turish uchun buni mijozlarga yetkazish zarur”, deydi.
- Muammolarni imkoniyat sifatida qabul qiling
Muammoni yangi imkoniyat o‘rnida qabul qilish lozim, ammo bunga tayyor bo‘lish kerak. Voqealar rivojining noxush variantlarini ko‘rib chiqing va fikr qiling: shu vaziyatda nima qilgan bo‘lardim? Katta talafot yetardimi? Balki, katta muammoga uchragach, kompaniyangiz ishi o‘nglanib ketar. Tang holatdan kompaniyangizni rivojlantirish uchun foydalaning.
20 yoshga yetganimda 50 ming dollar yo‘qotganman. Keyinroq anglab yetdimki, bu mablag‘ yillar o‘tib mol-mulkimni asrab qolishiga tikilgan sarmoya ekan.
Endryu Griffits.
- Obro‘-e’tibor haqida unutmang
Tadbirkor uchun vijdonan ishlash va obro‘ga erishish juda muhimdir, chunki noningizni shuning orqasidan topasiz. Shuning uchun hamkorlar tanlashda hushyor bo‘ling. Hamisha o‘z ustingizda ishlang. Kelajakka bugundan g‘isht qo‘ying. Toqatli bo‘ling. Tanishlar orttiring.
Odamlar istaganiga erishishida yordamlashing, ular ham siz istaganni taqdim etishadi.
- Hamdardlikni o‘rganing
O‘zingizni boshqalarning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. O‘z haqingizda emas, sizni tinglayotganlarga yordamlashish haqida o‘ylang. Gap boshlashdan oldin hamsuhbatingiz uchun nima qilib bera olishingiz haqda o‘zingizga savol berib ko‘ring.
lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi