Agarda siz kompyuter o‘yinlari ishqibozi bo‘lsangiz, u holda yoqimli mashg‘ulotni foydalisi bilan uyg‘unlashtirib borish imkoni mavjud: o‘yin o‘ynash jarayonida ingliz tilini o‘rganish mumkin. Agar o‘yinni to‘g‘ri tanlasangiz, bu jarayon sizni o‘ziga rom etishi aniq, deya maslahat beradi lifehacker.ru.
Kirish so‘zi
Avvalo quyidagilarga aniqlik kiritib olaylik:
- bu yerda biz ingliz tilini o‘rganish uchun maxsus chiqarilgan o‘yinlar emas, balki oddiy o‘yinlar xususida so‘z yuritamiz;
- siz o‘yinlarni o‘z original ovozi va interfeysi bilan o‘ynasangizgina biz keltiradigan dalil va tavsiyalarimiz to‘g‘ri hisoblanadi;
- o‘yin orqali ingliz tilini o‘rganish uchun, siz bungacha mazkur til borasida loaqal boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lishingiz shart. Tilni «noldan boshlab» o‘yinlar vositasida o‘rganishning aslo imkoni yo‘q.
Ingliz tilini o‘rganishda o‘yinlarning foydasi nimada?
- Yoqimli mashg‘ulot foydalisi bilan aralash keladi.
Bu sizga maktabdagi dars emas – zerikarli matnlarni o‘qib, sababini tushunmasdan fe’lni tuslash talab etilmaydi. O‘yinlarda aniq maqsadlar bor – harbiy bazaga kirib olish, jinoyatchini aniqlab zararsizlantirish, qadimiy qaroqchilar makonining jumbog‘ini yechish… Bu kabi qahramonona ishlar uchun kompyuter oldida o‘tirib olgancha, o‘zingiz yaxshi bilmagan tilda sizdan nima talab etishayotganini o‘rganib olishga erinmaysiz. O‘yinni tanaffusga qo‘yib turib, notanish so‘zlarning tarjimasini izlaysiz. Muhimi – topshiriqni muvaffaqiyatli uddalash o‘yinchida ijobiy hislarni keltirib chiqaradi hamda o‘yinni va, tabiiyki, ingliz tilini o‘rganishni ham davom ettirishga undaydi.
- Yangi so‘zlarni o‘rgatadi
Dialoglarda hamisha yangi so‘zlar uchraydi va inventarda lipillab ko‘rinadi. Tez-tez takrorlangani uchun va aynan o‘sha onda, o‘sha vaziyatda kerak bo‘lgani sababli ham so‘zlar osongina esda qoladi.
- O‘yin – interfaol vosita
Film yoki serialdan farqli o‘laroq, o‘yinlarda istasangiz-istamasangiz boshqa personajlar bilan birgalikda harakat qilasiz: ularning ko‘rsatmalariga amal qilasiz, dialoglarda kerakli qatorni tanlaysiz. Biror harakatni amalga oshirib, shu onning o‘zidayoq unga javob harakati olasiz, shu qatori verbal – nutq vositasida ham. Gavjum ko‘chada to‘pponchadan o‘q uzsangiz, «Call the cops!» kabi qichqiriqlar angraydi. Futbol o‘yinida to‘ppa-to‘g‘ri hujumchining oyoqlari ostiga borib yiqilsangiz – sharhlovchi xitob qiladi: «Oh, what a terrible foul!». Buning ustiga, o‘yinlar odatda filmlardan ko‘ra ancha ko‘p vaqt egallaydi – o‘rtacha 10–15 soat. Shu bois geymer boshqa personajlarning talaffuzi va ovoziga oson ko‘nikib hamda tobora yaxshiroq tushunib boradi.
- O‘yinlarda xilma-xillik bor
O‘yinlarning syujetlari turlicha: o‘rta asrlardagi ziddiyatlar, kelajakdagi janglar, detektiv tekshiruvlar, kriminal tortishuvlar… Ularning tili ham turfa: «Jodugar» («Vedmak»)dagi savodsiz dehqonlar tilidan tortib «Watch Dogs 2»dagi kaliforniyalik o‘smirlarning ko‘cha tiligacha. Ularda hatto grammatika ham turli-tuman: qayerdadir ingliz tilining qirollar nutqida qo‘llanadigan kitobiy ko‘rinishi, yana bir joyda esa – hatto tilning asosiy qoidalarini ham chetlab o‘tuvchi norasmiy ko‘cha tili.
Qaysi o‘yinlarni o‘ynash kerak?
The Last of Us
Naughty Dog studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur o‘yin juda ko‘p sonli mukofotlarni qo‘lga kiritgan, o‘yinchilar va tanqidchilarning maqtovlariga sazovor bo‘lgan. U ingliz tilini o‘rganayotganlar uchun ham juda foydalidir.
Uning ovozlashtirilishi eng yuksak darajada amalga oshirilgan, shuning uchun qahramonlari xuddi haqiqiy tirik insonlardek gapiradi. Unda jonli nutqning barcha nozikliklari hisobga olingan: aksent (undagi Joel texaslik bo‘lgani uchun nutqida janubliklar aksenti yaqqol seziladi), nafas olishlari (qahramon zombini zo‘rg‘a daf etishi bilan, uning yengil nafas olishini eshitasiz), talaffuz aniqligi (agar qahramon o‘z-o‘zi bilan gaplashayotgan bo‘lsa, buni sal pastroq ovozda, ming‘irlab gapiradi). Bir so‘z bilan aytganda, o‘yinda siz oddiy ovoz yozuvlaridan farq qiluvchi – muayyan vaziyatga mos jonli nutqni eshitasiz.
Sifatli ovozidan tashqari, The Last of Us tilida so‘zlashuvga oid ko‘plab qiziqarli ifodalar ham uchraydi, masalan: Mumbo Jumbo, Now we’re talking, No sweat va hokazo.
GTA 5
Nega aynan beshinchi qismi? Chunki, avvalo, unda uchta asosiy personaj bor, demak – uch xil til namunasi. Qolaversa, GTA 5 o‘ta keng ko‘lamli o‘yin, unda ko‘plab ikkinchi darajali personajlarga duch kelasiz; ulardan har birining tilida o‘ziga xos xususiyatlar, o‘z aksenti mavjud. Masalan, undagi Franklin amerikacha ko‘cha slengida gapiradi; ebonics deb nomlanuvchi bu sleng ayrim qora tanlilar tomonidan qo‘llanadi va tan olingan teng huquqli til turi hisoblanadi.
Bu o‘yinda o‘z tok-shousiga ega radio, televideniye, internet va hatto kinoteatrlar bor. Ammo til masalasida ehtiyot bo‘lish kerak: GTA 5 qahramonlari nutqida so‘kinishlar ko‘p. Ularni bilib qo‘yish mumkindir balki, ammo amalda qo‘llamagan ma’qul, albatta…
Jodugar 3: yovvoyi ov (Vedmak 3: dikaya oxota)
Geralt sarguzashtlariga bag‘ishlangan o‘yinning yakunlovchi qismi ingliz tilining xilma-xilligini aks ettirishi nuqtai nazaridan ham qiziq. O‘yin qahramonlarining aksariyati britancha aksentda so‘zlashadi, ammo Geraltning gapirishini eshitsangiz – go‘yoki boyagina AQShdan qaytib kelgandek.
O‘yinda matnlar juda ko‘p: sehr-jodu duolari, damlamalar va qurollar tavsiflari, dialoglardagi javob variantlari… Xullas, ingliz tilining yozma shakli bilan shug‘ullanish uchun ham zo‘r imkoniyat.
Heavy Rain
Mazkur o‘yinni interfaol kinoga qiyoslash mumkin. Albatta, bemalol oyoq uzatib o‘tira olmaysiz bunda: o‘yinda dialoglar juda bisyor, ularda tezlik bilan mos javobni tanlashingiz kerak bo‘ladi. Ko‘pincha to‘g‘ri javob variantlari bitta so‘zdan iborat bo‘ladi, ammo erinmang – o‘yinni tanaffus rejimiga o‘tkazib qo‘yib, uyalmasdan lug‘atga qarang. Zero, noto‘g‘ri javob berib qo‘ysangiz, bosh qahramonlaringizdan istalgan biri halok bo‘lishi mumkin.
Darvoqe, o‘yin tili unchalik murakkab ham, juda xilma-xil ham emas, shu bois Heavy Rain – yangi o‘rganayotganlar uchun eng yaxshi tanlov.
The Wolf Among Us
Telltale tomonidan ishlab chiqarilgan o‘yinlar – tanlash imkoniyatiga ega kinematografik voqealardir. Ular Heavy Rain’ni ham eslatib yuboradi: ekshen-sahnalar va tarmoqlangan dialoglar o‘rin almashib turadi. Telltale shu paytgacha «Taxt o‘yinlari» kinokartinasining adaptatsiyasini, The Walking Dead, Batman va boshqa o‘yinlarni chiqargan. Biroq biz uning mahsulotlari orasidan eng qiziqarlisi va «balog‘atga yetgan»ini tavsiya etamiz – The Wolf Among Us.
Unda afsonaviy, ammo shafqatsiz olamda yashovchi Bigbi ismli maxluq-odam voqeasi oddiy til bilan hikoya qilinadi. Komikslar uslubi tufayli esa, ekranda nimalar sodir bo‘layotganini osonlik bilan anglab olish mumkin.
Foydali maslahatlar
- O‘ylab va faol o‘ynang: syujetni yaxshi tushunishga harakat qiling, roliklarni o‘tkazib yubormang, notanish so‘zlarning ma’nolarini erinmasdan lug‘atdan tekshirib ko‘ring.
- Eng yaxshisi – inglizchada o‘ynash uchun, avval o‘zingiz ruschada o‘ynab ko‘rgan o‘yinni tanlang. Shunda siz u yoki bu vaziyatda gap taxminan nima haqida ketayotganligini eslaysiz, shu tariqa original matnni anglashingiz oson kechadi.
- Agar juda qiynalsangiz, boshlanishiga ruscha subtitrlardan foydalansangiz ham bo‘ladi. Bu sizga o‘yindagi voqealardan xabardor bo‘lib borishda hamda notanish so‘zlarning tarjimasini aniqlashda yordam beradi. E’tiborli bo‘ling: ruschaga o‘girilgan – lokalizatsiya qilingan matnlar asliyati bilan hamisha ham so‘zma-so‘z to‘g‘ri kelmaydi. Qaysidir original jumlalar matndan sal uzoqroq tarjima qilingan bo‘lishi ham mumkin.
- Eng asosiysi: inglizchani xuddi shu tilda so‘zlashuvchilar singari gapirib ketishni faqat o‘yinning o‘zi bilan uddalab bo‘lmaydi. Til o‘rganish uchun an’anaviy akademik yondashuv (guruh mashg‘ulotlari, grammatik mashqlarni bajarish va hokazo) bilan ko‘ngilochar yo‘nalishni o‘zaro uyg‘unlashtirib olib borish lozim. Shu bois ham yuqoridagi kabi o‘yinlarga faqatgina til o‘rganishdagi qo‘shimcha, yoqimli vosita sifatida qarash o‘rinlidir.