Bilasizmi?

Imtiyozlar berish tartiblari qayta ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga imtiyozlar, preferensiyalar va eksklyuziv huquqlar berish yuzasidan shakllangan amaliyot qator jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani tanqid ostiga olingan.

Muayyan tarmoq yoki hududdagi alohida tashkilotlarga imtiyozlar, preferensiyalar va eksklyuziv huquqlar aniq mezonlarsiz hamda ularni asoslovchi shaffof mexanizmlarsiz tanlab berilishi oqibatida mazkur tashkilotlar uchun asossiz ustuvor shart-sharoitlar yaratilmoqda, deyiladi qarorda.

Ko‘plab xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan davlat boshqaruvi funksiyalari qo‘shib amalga oshirilmoqda, bu esa bozorda imtiyozli maqomga ega bo‘lish uchun ma’muriy resurslardan foydalanishga va insofli raqobat prinsiplari buzilishiga olib kelmoqda.

Individual imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda boqimandalik kayfiyati shakllanmoqda, bunday sub’yektlarning tashabbuskorligi yo‘q va ishchanlik faolligi past, shuningdek, ular ishlab chiqargan mahsulotlar raqobatbardosh emas.

Bundan tashqari, berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarning samaradorligini, jumladan ularning muayyan tarmoqlar, hududlar va umuman mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga amaliy ta’sirini baholashda tizimlilik mavjud emas.

Qarorga ko‘ra, endilikda soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va prezident hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi. Bunda aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta’minlashi zarur bo‘ladi. Vaqtinchalik imtiyozlar prezident hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo‘lganda yoxud O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq, prezident hujjatlari bilan beriladi.

Hujjat bilan imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlandi.

Bunday tovarlar ro‘yxatlari va ularga tuzatishlar, imtiyozlar berish to‘g‘risida qonun yoki prezidentning hujjati mavjud bo‘lgan taqdirdagina, imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi, shuningdek, ularning kompleks ekspertizasini amalga oshirish uchun prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKga kiritiladi. Loyiha boshqaruvi milliy agentligi berilgan imtiyozlarni muddatidan oldin tugatish yuzasidan Prezident devoniga asoslantirilgan takliflar kiritish huquqiga ega.