Bilasizmi?

Imtihonga ruhiy tayyorlanamiz

Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadigan sanaga ham juda oz muddat qoldi. Abituriyentlar imtihonlarga yil(lar) davomida qanchalik qattiq tayyorgarlik ko‘rmasinlar, imtihon oldidan hayajon bosishi, xavotir va asabiylik kuzatilishi tabiiy hol. Bu vaqtda imtihonlarga kitob o‘qib, test, misol-masala yechib tayyorlanish bilan bir qatorda, ruhiy tadorik ko‘rish ham muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda imtihon kuniga tobora yaqin turgan o‘quvchilarimizga bir qator maslahatlar tayyorladik. Umid qilamizki, ularga rioya qilib, imtihon vaqtida ortiqcha xatolarga yo‘l qo‘ymaydilar.

[dropcap type="square"]1[/dropcap] Vaqtingizni to‘g‘ri taqsimlang. Imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishda o‘quv fanlari jadvalini qat’iy tuzib olsangiz, shoshib qolmaysiz va ortiqcha asabiylashmaysiz. Yangi ma’lumotlarni xotiraga saqlayotganda miyangizda kechuvchi jarayonlarni tasavvur qiling: xotira ikki xil bo‘ladi — vaqtinchalik va doimiy. Vaqtinchalik xotiraga miya po‘stlog‘i javobgar bo‘lsa, doimiy xotira esa miyaning nisbatan chuqurroq qismida joylashgan. Ma’lumotlar doimiy xotirada saqlansagina imtihonlar vaqtida yordam beradi. Shuning uchun ma’lumotlarni yaxshi eslab qolish uchun uni ko‘proq takrorlang va doimiy xotirada saqlanganiga ishonch hosil qiling.

[dropcap type="square"]2[/dropcap] Imtihonga tayyorlanaman, deb uyqudan butunlay voz kechmang. Sog‘lom uyqu salomatlik uchun nihoyatda muhim. Uyqudan oldin esa eng qiyin fandan tayyorgarlik ko‘ring. Chunki uyqu vaqtida, yuqorida aytganimizdek, axborotlar vaqtinchalik xotiradan doimiysiga o‘tish jarayoni ro‘y beradi.

[dropcap type="square"]3[/dropcap] Konspekt, darslik va qo‘shimcha adabiyotlarni tartib bilan saqlang. Kerak paytda ularni osongina topib oladigan bo‘lsin.

[dropcap type="square"]4[/dropcap] Ovqatlanish tartibiga qat’iy rioya eting. Odatda abituriyentlar imtihonga tayyorlanayotgan vaqtda ovqatlanishdan ham vaqtini qizg‘onadi. Bu esa ularga aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Fast-fud, konditer va boshqa sun’iy oziq-ovqatlardan voz kechib, meva va sabzavotlar, yormalar, baliq, tuxum, sut mahsulotlaridan ko‘proq iste’mol qilsangiz, xotirangiz mustahkamlanadi, diqqatingiz jamlanadi, ko‘rish qobiliyatingiz ham yomonlashib ketmaydi. Tadqiqotlarda imtihondan oldin baliq, yong‘oq, zaytun yog‘i, qora shokolad iste’mol qilganlar yaxshiroq natijaga erishishgan bo‘lsa (agarda ushbu mahsulotlarga allergiyangiz bo‘lmasa), fast-fud va yog‘li taom iste’mol qilgan talabalar past ko‘rsatkichga erishgani kuzatilgan.

[dropcap type="square"]5[/dropcap] Oxirgi daqiqalargacha o‘qimang. Oxirgi kun tungacha imtihonga tayyorlanish vaziyatni battar yomonlashtirishi mumkin. Uyqusizlik va charchoq natijasida miya ma’lumotlar oqimini nazorat qila olmay qolishi mumkin. Shuni unutmangki, bir kunda ko‘p narsani o‘rganishga har qancha urinmang, ulgurmaysiz. Yaxshisi, tayyorgarlikni avvalroq boshlang va bir kun qolganda miyangizga dam bering. 31 iyul kuni miriqib uxlang, sayrga chiqing, o‘zingiz yaxshi ko‘rgan ovqatdan iste’mol qiling, yengilroq badiiy kitob o‘qing.

[dropcap type="square"]6[/dropcap] Dars qilish uchun bir nechta joyni belgilab oling. Olimlarning fikricha, joyning o‘zgarib turishi miya faoliyatiga assotsiatsiya yo‘li bilan ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, bu ma’lumotni kutubxonada, bunisini uyda, mana bunisini o‘quv markazida yodlagan edim, deya eslab qolishingiz mumkin.

Agarda imtihonlar o‘tadigan joyda tayyorgarlik ko‘rish imkoni bo‘lsa, buni qo‘ldan boy bermang. Bu kontekstual xotiraning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ya’ni, ma’lumotlar ular yodda saqlangan joyda osonroq esga keladi.

[dropcap type="square"]7[/dropcap] Tanaffus qilib turing. Tayyorgarlik jarayonida vaqti-vaqti bilan tanaffus qilib turing. Bu paytda miyangizni chalg‘iting — toza havodan nafas oling, ozroq sayr qiling, biror narsa yeb oling va hakozo. Bir narsani unutmang: dam olib tursangiz, miyangiz ma’lumotlarni yaxshiroq o‘zlashtiradi, diqqatingiz jamlanadi, fikringiz tiniqlashadi va o‘zingizni tetik his etasiz. Biroq dam olish 15 daqiqadan oshib ketmasin. Aks holda dars jarayoniga qaytishga qiynalib qolasiz.

[dropcap type="square"]8[/dropcap] Ma’lumotlarni eslab qolish uchun maxsus kartochkalardan foydalaning. Ularni o‘z qo‘lingiz bilan yasang, chiroyli bezak berishni ham unutmang. Kartochkalarga ma’lumotlarni yozishda grafika, rasm, diagramma, jadvallardan foydalansangiz, osonroq eslab qolasiz. Ayniqsa, sizda vizual xotira kuchli bo‘lsa, surat va tasvirlar katta yordam beradi.

[dropcap type="square"]9[/dropcap] Materiallarni qismlarga ajratib o‘rganing. Masalan, rangli qalam (flomaster)lar yordamida ma’lumotlarni belgilab oling: sariq qalam — muhim qoidalar, ko‘k — formulalar, yashil — davlatlar va hakozo.

[dropcap type="square"]10[/dropcap] O‘zingizni sinov testlari bilan sinab turing. Shunda qaysi mavzuda xato qilayotganingizni bilib olasiz, ruhiy jihatdan ham tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lasiz.

[dropcap type="square"]11[/dropcap] Past ovozda mumtoz musiqalar tinglang (shunday musiqa tinglang-ki, unga qo‘shilib siz ham kulaydigan musiqa bo‘lmasligi kerak), nafas olish mashqlarini bajarib turing. Bular xotirangizning mustahkamlanishiga yordam beradi.

[dropcap type="square"]12[/dropcap] Eng qiyin mavzularda o‘zingiz bilan viktorina uyushtiring. O‘zingizga mavzu yuzasidan savollar bering va ularga javob bering.

[dropcap type="square"]13[/dropcap] Sizga qiziq bo‘lmagan mavzularga birinchi bo‘lib e’tibor qarating. Qiyin mavzularni o‘zlashtirganingizdan so‘ng o‘zingizni taqdirlashni unutmang. O‘zingizni hursand qiladigan biror sovg‘a sotib oling.

[dropcap type="square"]14[/dropcap] Imtihonga ertaroq keling. Shunda imtihon boshlanguncha o‘zingizni ancha bosib ulgurasiz.

[dropcap type="square"]15[/dropcap] Dastlab oson savollardan boshlang. O‘z javoblaringizdan shubhalanmang, ichki ovozingiz(intuitsiya)ga quloq tuning. Qanchalik ko‘p shubhalansangiz, to‘g‘ri javobni belgilash imkoniyatingiz shunchalik kamayib ketadi. Bahsli savollarga ko‘p vaqt sarflamang-da, ularga keyinroq qayting.