Bilasizmi?

Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi ta’sis etiladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiya davlatidan kelgan islomshunos olimlar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Samarqand viloyat hokimligining Feysbukdagi sahifasida.

Ta’kidlanishicha, Turkiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari 30 dan ortiq professor-o‘qituvchilari o‘z yurtlarida Islom dinining o‘qitilishi va foydalaniladigan adabiyotlar, manbalar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir davomida Imom Buxoriy ilmiy tadqiqot markazi va Turkiyaning Istanbul universiteti ilohiyot fakulteti, Ibn Holdun, Kastomono va Istanbul zain universitetlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha memorandum imzolangan.

Ushbu memorandum asosida kelajakda o‘zaro kadrlar almashish va Turkiya fondlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma asarlarini o‘rganish, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish va xalqqa yetkazish asosiy maqsad qilingan.

Bundan tashqari, buyuk o‘zbek allomalarining ilmiy merosini o‘rganayotgan tadqiqotchilariga turkiyalik professor-o‘qituvchilarning rahbarlik qilishi va, aksincha, ularning ilmiy ishlariga o‘zbek olimlar rahbarlik qilishi ham rejalashtirilgan.

Xalqaro tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasini ta’sis etib, buyuk muhaddis bobomizning ilmiy merosini o‘rganayotgan boshqa davlatlardagi o‘rganuvchilarni rag‘batlantirib borish ham nazarda tutilgan.