Musulmonlar soni bo‘yicha eng yirik mamlakat Indoneziyada penchak silat nomli jang san’ati borligini jahonda ko‘pchilik bilmasdi. 2011 yilda “Reyd” (Serbuan maut) nomli jangari film ekranlarda ko‘rindi-yu, indoneziyaliklarning penchak silatiga qiziqish kuchayib ketdi. Osiyodagi qo‘shnilari Xitoy, Koreya, Yaponiya jangari filmlariga tenglashadigan kino ishlashni kamtargina Indoneziyadan hech kim kutmagandi.
“Reyd” syujeti juda oddiy: binoga to‘plangan jinoyatchilarni yo‘q qilishga oid voqealardan iborat. Azbaroyi sodda ishlanganidan ovozini o‘chirib tomosha qilsangiz ham bemalol tushunasiz. Qizig‘i shundaki, kino boshlanishida hech bir jangari filmda uchramaydigan epizodni ko‘ramiz: bosh qahramon serjant Rama maxsus operatsiyaga jo‘nashdan oldin bomdod namozini o‘qiyotibdi.
Rama rolini hikoyamiz qahramoni Iko Uvays ijro etgan.
...Iko Uvays 1983 yilda Jakartada tavallud topgan. Unga yamanlik tobein Uvays Qaraniy nomi berilgan. Bobosi Ahmad Bunavar silat yakkakurashining ustalaridan edi.
10 yoshidan boshlab Iko amakisidan silat yakkakurashi sirlarini o‘rgana boshladi. Jang san’atidan tashqari futbolga qiziqdi, biroq klubi kasodga uchraganligi tufayli futbolni tark etib yakkakurash bilan astoydil shug‘ullandi. Ikoning tirishqoqligi bekor ketmadi: 2005 yilda Indoneziya chempionligiga erishdi. Jamoasi tarkibida Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya, Ozarbayjon, Kambojda singari davlatlarga safar qilib, penchak silatni ommalashtirdi.
2007 yilda uni rejissyor Garet Evans uchratib qoldi va “Merantau” filmida ishtirok etishga taklif qildi. Rejissyor bilan besh yillik shartnoma imzolangach, Iko telekommunikatsiya kompaniyasidagi haydovchilik ishini tashladi va aktyorlik olamiga qadam qo‘ydi. Shunday qilib 2009 yilda taqdim etilgan “Merantau” (Merantau) filmida boshlovchi aktyor Iko Uvays penchak silatning yo‘lbarscha uslubini namoyish qildi.
“Reyd”ning eng shiddatli lavhalari to‘plamini tomosha qiling.
2014 yilda esa “Reyd 2” (Berandal) filmi ishlandi. Bu “Reyd”ning davomi bo‘lib syujet ancha puxta va ko‘p yo‘nalishlidir. Birinchi filmda jinoyatchilar bilan tengsiz jangda omon qolgan serjant Ramaga darhol ikkinchi topshiriq berishadi. Endi u Indoneziyadagi jinoyatchi guruhning ichiga kirib olib yo‘q qilishi lozim. Buning uchun esa jinoyatchilar boshlig‘i Bangunning qamoqdagi o‘g‘li Uchoning ishonchiga kirishi lozim. Rama oilasi bilan xayrlashib mahbus qiyofasiga kirgancha qamoqqa yo‘l oladi. Film shafqatsiz, qonli jangari sahnalarga boy.
[caption id="attachment_10136" align="aligncenter" width="702"] "Reyd" filmida Quturgan It (rolda Yayan Ruxyan) bilan olishuv sahnasi[/caption]
[caption id="attachment_10135" align="aligncenter" width="704"] "Reyd 2" filmida Assasin (rolda Chechep Orif Rahmon) bilan jang sahnasi[/caption]
[caption id="attachment_10131" align="aligncenter" width="704"] "Reyd 2" filmida "Loy jangi" sahnasi[/caption]
Ketma-ket filmlari natijasida Indoneziya kinoyulduziga aylangan Ikoning shaxsiy hayotida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2012 yilda qo‘shiqchi Audi Aytemga uylandi. Hozirda ularning bir qizchasi bor.
[caption id="attachment_10138" align="aligncenter" width="699"] Iko Uvays va Audi Aytem to‘yidan[/caption]
Aytgancha, 2018-2019 yillarga borib “Reyd 3” filmi ekranga chiqadi. Bu haqda Garet Evans bildirgan.
[caption id="attachment_10133" align="aligncenter" width="699"] "Reyd" filmi ijodkorlari[/caption]